AKT “O‘zbekoziq-ovqatxolding” kompaniyasi tizimida
28.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Najot Nur.
Hozirgi davrda axborot texnologiyalari kirib bormagan hech bir soha yo‘q. Mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi «O‘zbekoziq-ovqatxolding» kompaniyasi tizimida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va uni yanada rivojlantirish yo‘nalishida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-apreldagi «Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2158-son Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida kompaniyaning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash yagona avtomatlashtirilgan tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
«O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyaning rasmiy veb-sayti ishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 355-son qarori talablariga muvofiq tashkil etish yo‘lida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda uni modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar uchun xolding kompaniyaning rasmiy veb-saytida xoldingga a’zo korxonalar va ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar haqida ma’lumotlar muntazam ravishda to‘ldirilib, yangilab borilmoqda. Xodimlarining AKT sohasidagi malakasini oshirish bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, ular mazkur jadval asosida turli yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va malakalarini oshirib bormoqdalar.
Bugungi kunda kompaniya Ijro apparatida 50 nafar xodim faoliyat olib boradi va ularning barchalari zamon talablariga mos kompyuterlar bilan ta’minlangan. Barcha kompyuterlar lokal tarmoq va sifatli internet provayder xizmatiga ulangan. Axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida AKTni joriy qilish va rivojlantirish bo‘limining belgilangan xodimlari tomonidan doimiy ravishda nazorat ishlari olib boriladi.
«O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasida ish unumdorligini oshirish uchun Elektron hujjat almashinuvi tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya uchun «O‘zinfokom» DUK tomonidan korporativ pochta tizimi joriy qilingan bo‘lib, barcha xodimlar elektron pochta bilan ta’minlangan. Maxsus kompyuterlarga himoyalangan E-XAT va E-IJRO elektron pochtalari o‘rnatilgan. Xodimlarning barchasi ERI (elektron raqamli imzo) kalitlariga ega.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatida hamda «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi faoliyati doirasida ro‘y berayotgan tadbirlar, seminarlar va boshqa yangiliklar kompaniyaning rasmiy veb-saytida hamda ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga muntazam ravishda joylashtirilib, aholining bu boradagi axborotga bo‘lgan ehtiyoji qondirib kelinmoqda. Sohaga oid xabarlardan www.oziq-ovqat.uz elektron manzili va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali boxabar bo‘lib borish mumkin.
Muallif: Najot Nur, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi Matbuot xizmati