my.soliq.uz – yangi portali imkoniyatlariga bag‘ishlandi
11.07.2016
Rukn: Internet, Yangiliklar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 2016 yil 30 iyun kuni poytaxtimizda korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda buxgalterlari uchun «Yilning II choragi uchun hisobot: soliq solish bilan bog‘liq dolzarb masalalar va my.soliq.uz portalida ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar» mavzusiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Tadbir «Soliq Info» gazetasi tahririyati, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi va Davlat tijorat «Xalq banki» mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi mutaxassislari dastlab seminar ishtirokchilarini my.soliq.uz – «Elektron soliq xizmatlari» yangi portali, uning imkoniyatlari va portalda ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan batafsil tanishtirib o‘tdilar.

Xususan, mutaxassislar tomonidan seminar ishtirokchilariga yangi portalga kirish va ro‘yxatdan o‘tish jarayoni elektron ko‘rinishda misollar orqali namoyish etilib, endilikda shaxsiy kabinetga O‘zbekiston Respublikasi Foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning yagona axborot tizimida (www.esi.uz) ro‘yxatdan o‘tgan holda kirish mumkinligi va ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tish uchun foydalanuvchining shaxsiy kompyuteriga E-IMZO modulini yuklab olish va o‘rnatish lozimligi haqida tushuntirish berildi.

Soliq to‘lovchilar tomonidan ushbu portal orqali ko‘rsatilayotgan har bir xizmatni baholab borish va ular yuzasidan o‘zining sharh hamda fikr-mulohazalarini qoldirish, soliq organlari tomonidan esa ularning taklif-mulohazalari o‘rganilib, bunga javoban tezkor ravishda munosabat bildirilishi kabi imkoniyatlarning yaratilganligi alohida ta‘kidlab o‘tildi.

Respublikamizda joriy yilning II choragi uchun hisobot davri boshlanganligi munosabati bilan seminar kun tartibiga ushbu dolzarb masalaning o‘z vaqtida kiritilganligi aytib o‘tildi.

Xususan, seminarda elektron soliq hisoboti shakllarini ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda to‘ldirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan yagona soliq to‘lovi, yagona ijtimoiy to‘lov va fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lovi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ko‘plab savollar berildi. Shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq hisoboti shakllarini to‘ldirish tartibi ko‘rib chiqildi.

Seminarda ko‘p tarmoqli tashkilotlarda yagona soliq to‘lovini hisoblab chiqarishda imtiyoz va preferentsiyalarni qo‘llash tartibi, faoliyatning muayyan turlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash mezonlari, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarishda imtiyozlarni qo‘llash, hisobotning tegishli shaklini to‘ldirish va taqdim etish tartibi bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama etildi.

Shu kuni ishtirokchilarga «EREPORT» dasturi mutaxassislari tomonidan dasturning elektron hisobotni to‘g‘ri to‘ldirish, jo‘natish, u orqali qonunchilik yuzasidan tushuntirishlarni o‘z vaqtida olish, tadbirkorlik sub‘ektlarida biznes yuritish jarayonida yuzaga keladigan ko‘plab savollarga tezkor javob olishdagi imkoniyat va afzalliklari yana bir bor amaliy misollar orqali namoyish etildi.

Seminar davomida ishtirokchilar kun tartibiga kiritilgan mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq