O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi qoshidagi axborot-resurs markazlari uchun dasturiy ta’minot
07.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hilola Islomova.

uz_7_07_2016

Respublikamizda muhtasham binolarda joylashgan juda ko‘plab akademik litsey va kasb-hunar kollejlari mavjud. Yosh avlod ta’lim olishi uchun juda yaxshi imkoniyatlar yaratilgan va yaratilmoqda. Ma’lumki, ta’lim muassasasining har birida ta’lim oluvchilarga axborot-resurs markazlari (ARM) xizmat ko‘rsatmoqda. Ko‘pchilik ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari yetarli darajada kompyu­ter va boshqa zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlangan.

Biroq mazkur imkoniyatlar: kompyuterlarga ega, lokal va global tarmoqqa ulangan hamda Internet xizmatidan foydalanayotgan ARM bugungi kun talabiga mos faoliyat olib bormoqdami? Ta’lim muassasasining ARM faqat kompyuterlar bilan yetarli darajada ta’minlanishi, Ziyonet ta’limiy portalidan foydalanishi va hatto Internet xizmatining yo‘lga qo‘yilishi, uning bugungi kun talabiga mos faoliyat olib borayotganligini bildirmaydi. Sababi bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining «Axborot kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunida ARMlar oldiga bir qator yangi va­zifalar qo‘yilgan, jumladan:

  • ta’lim muassasasining ixtisoslashuviga muvofiq asosan ilmiy-ta’limga oid mazmundagi axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlani­shini ta’minlaydi;
  • elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
  • shaxsning ma’naviy boy va barkamol ijodiy o‘sishi uchun imkoniyatlar yaratgan holda o‘zidagi va o‘zidan uzoqdagi axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish asosida O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosidan foydalanuvchilarni bahramand etadi;
  • axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni ta’minlaydi;
  • boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
  • yig‘ma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi.

Axborot-resurs markazlari qo‘yilgan vazifalarni bajarishi uchun ular tegishli dasturiy-texnik vositalar bilan ta’minlanishi lozim. Shu munosabat bilan axborot-resurs markazidagi asosiy axborot jarayonlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan dasturiy vosita­larni yaratish dolzarb masalaga aylangan. Korporativ axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimi (KARMAT-U) besh­ta avtomatlashtirilgan ish o‘rinlaridan (AIO‘) iborat: Kataloglashtiruvchining, Foydala­nuvchining, Kutubxonachining, Komplektatorning va Administratorning AIO‘. Katalog­lashtiruvchining AIO‘ asosan ikki funksiya­ni bajaradi: ARM fondidagi hujjatlar bibliografik tavsif elementlarini tizimning elektron katalog bazasiga kiritadi, foydala­nuvchilarni tizimda ro‘yxatga oladi, ya’ni ularga tegishli login va parol berish orqali har bir foydalanuvchi uchun shaxsiy elekt­ron kabinet ochadi. Foydalanuvchining AIO‘da tizimda ro‘yxatdan o‘tgan har bir kitobxon uchun shaxsiy elektron kabinet ochiladi. Foydalanuvchi bu yerda ARMdan olib, o‘qib, qaytarib topshirgan, kutubxo­nadan olgan, biroq hali qaytarib topshirmagan kitoblar ro‘yxatini ko‘rishi mumkin. Shaxsiy elektron kabinetdan turib, ARMning EK bazasini ko‘rishi, kerakli adabiyotlarni qidirib topishi va ularga buyurtmalar beri­shi, buyurtmaning qabul qilinganligi va bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.

Kutubxonachining AIO‘da kutubxonachi buyurtmalarni bajarilish holati to‘g‘risida foydalanuvchiga xabar qiladi va buyurtirilgan adabiyotlarni foydalanuvchiga beradi. Foydalanuvchi tomonidan qaytarib top­shirilayotgan adabiyotlarni qabul qiladi. ARMdan «qarzdor» bo‘lgan foydalanuvchilar to‘g‘risidagi axborotlarga ega bo‘ladi. Foydalanuvchilarning qo‘lida bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxatini ko‘rishi mumkin. Administratorning AIO‘ asosan ma’lumotlar bazalarini boshqarish, muassasalar va foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish, ularga parol va login berish, bibliografik yozuvlarni eksport, import qilish singari bir qator operatsiyalarni bajarishga mo‘ljallangan. KARMAT-U dasturining o‘ziga xos tomonlaridan yana biri shundaki, u tarmoqqa joylashtirilganda faqat bir ARM faoliyatini avtomatlashtiribgina qolmay, balki, tarmoqdan foydalanayotgan bir necha ARMlar faoliyatini avtomatlashtira oladi. Uning bu xususiyati akademik litsey va kollejlar qoshidagi ARMlar yig‘ma elekt­ron katalogini yaratishda qo‘l keladi.

uz_7_07_2016_1

Yig‘ma elektron katalog nima? Yig‘ma elektron katalog elektron kataloglar majmui bo‘lib, axborot-resurs markazi o‘zining fondini retrospektiv konversiya asosida yig‘ma elektron katalog bazasini shakllantiradi. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi ARMlarning yig‘ma elektron katalogi yaratilgach, u orqali tizimda ro‘yxatga olingan har bir foydalanuvchi Respublika­mizdagi barcha axborot-resurs markazla­ridagi kitoblar ro‘yxatini ko‘ra oladi, to‘liq matn bibliografik tavsifga bog‘langan hollarda esa tizim, elektron kutubxona rejimida ishlaydi, ya’ni foydalanuvchi o‘zi xohlagan kitobining elektron versiyasi bilan ta­nisha oladi yoki boshqacha qilib aytganda, yig‘ma elektron katalog to‘liq ishga tushirilgach, ARM fondidagi barcha adabiyotlar to‘g‘risida tarmoqdan to‘liq ma’lumot olishi mumkin. Mana shu tarzda korporativ yig‘ma elektron katalog shakllanadi. Bibliografik yozuvlarni almashtirish ISO 27-09 standarti orqali amalga oshiriladi.

Maxsus o‘quv kurslari tashkil qilinib, bunda YEK ma’lumotlar bazasini shakllantirish usullari o‘qitiladi. Bu esa o‘z navbatida, kataloglashtirilayotgan hujjat turi bibliografik tavsifini standart asosida to‘g‘ri kataloglashtirishni ta’minlaydi. Institut qoshida meto­dologik markaz tashkil qilinadi. Shakllana­yotgan Yig‘ma elektron katalogni medologik markaz nazorat qiladi, YEK samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi. Ayni paytda, YEK Metodologik markazga a’zo bo‘lmagan mu­assasalar va tashkilotlar uchun ham ochiq hisoblanadi. Metodologik markaz O‘zbe­kiston Respublikasi hududida joylashgan va qaysi tarmoqqa tegishligidan qat’iy nazar, barcha axborot-resurs markazlari, axborot-kutubxona markazlari va kutubxonalar bilan hamkorlik qilishi mumkin. Metodologik markaz hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli va ixtiyoriylik asosida shartnoma­lar tuzadi va Axborot-kutubxona faoliyatiga oid O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan standartlariga rioya qilgan holda faoliyat olib boradi. Har bir ARM, AKM va kutubxonalarning elektron ishchi katalogi mavjud. Unda ichki tarmoq orqali hujjatlar kataloglashtiriladi. Ishchi katalogda asosan bibliografik yozuvlarning tarkibi tekshiriladi. Korporatsiyaning yig‘ma elektron ishchi katalogi to‘g‘riligi nazorat qilinadi. Tekshi­rilgan bibliografik yozuvlar korporatsiya­ning yig‘ma elektron katalogiga o‘tkaziladi va bu yerda kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

uz_7_07_2016_2

Axborot-resurs markaziga KARMAT-U dasturini tatbiq qilish foydalanuvchilarga (kitobxonlarga) quyidagi imkoniyatlarni beradi:

  • Elektron kutubxona yaratish va foydala­nish;
  • Darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, o‘quv ada­biyotlarining elektron katalogidan foydalanish;
  • To‘liq matnli ma’lumotlar bazasidan foydalanish;
  • Elektron katalogdan foydalanib, masofadan turib, adabiyotlarni qidirish, bu­yurtmalar berish;
  • Boshqa ta’lim muassasalari ARMlar EK foydalanish;
  • O‘zi o‘qiyotgan ta’lim muassasasi ARMda bo‘lmagan adabiyotlarni boshqa ta’lim muasasasi ARMning EKdan qidirish va buyurtma berish.

KARMAT-U dasturi kutubxonachilar­ning ham bir qator murakkab ishlarini yengil­lashtirishda yordam beradi:

  • Tayyor bibliografik yozuvlardan foydala­nish hisobiga o‘z EK ma’lumotlar bazasini shakllantirishni tezlashtiradi va katalog­lashtirish xarajatlarini kamaytiradi;
  • Asosiy axborot jarayonlari (axborotlarni yig‘ish, saqlash, qidirish, ishlov be­rish va foydalanuvchilarga uzatish) kom­pyuter dasturi orqali bajarilishi hisobiga turli statistik ma’lumotlarni avtomatik tarzda yaratish kutubxonachilar ishini osonlashtiradi;
  • Elektron kutubxona yaratish imkoniya­tini beradi;
  • O‘quv adabiyotlari EK va to‘liq matnli ma’lumotlar bazasini shakllantirish orqali foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshiradi.

KARMAT-U dasturini ta’lim muassasalari qoshidagi ARMda joriy qilish, ya’ni ARM xodimlarini dastur bilan ishlashga o‘rgatish maqsadida 36 soatlik maxsus kurs ishlab chiqildi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ti­zimining kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida maxsus kurs tashkil qilinib, Respublikaning akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi ARMning rahbarlari va yetakchi mutaxassislarining o‘qishi tashkil qilindi. Bugunga qadar 300dan ortiq ARM rahbari va yetakchi mutaxassisi kursni tugallab, KARMAT-U dasturini o‘zining ARM kompyuterlariga o‘rnatish uchun bepul oldilar. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining kadrlari malakasini oshi­rish va ularni qayta tayyorlash instituti qo­shidagi ARMda axborot-resurs markazi rahbari Nodira Isoxodjayevaning tashabbusi bilan Respublikamizning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun yig‘ma elektron katalog va to‘liq matnli ma’lumotlar bazasini yaratish ishlari boshlandi. Institut ARMning avtomatlashtirilgan tizimida 5500dan ortiq bevosita ta’lim ti­zimiga tegishli darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va boshqa o‘quv adabiyotlari­ning elektron katalogi va to‘liq matnli ma’lumotlar bazalari mavjud. Mazkur ARM bazasida Respublikamizning barcha o‘rta maxsus ta’lim tizimiga xizmat ko‘rsatadigan avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona ti­zimini yaratish imkoniyati mavjud.

Shunday qilib, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi axborot-resurs markazlariga KARMAT-U dasturini joriy qi­lish, ARMlarida elektron katalog ma’lumotlar bazasini shakllantirish, o‘quv adabiyotlari­ning elektron kutubxonasini yaratish imkoniyatini beradi. Bu esa o‘z navbatida, ta’lim tizimini axborotlar bilan ta’minlash, kitob­xonlarga xizmat ko‘rsatish sifati va mada­niyatini yuksaltirishga olib keladi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz akademik li­tsey va kasb-hunar kollejlari qoshidagi axborot-resurs markazlari uchun dasturiy ta’minot sifatida KARMAT-U dasturini tanlash tavsiya qilinadi. Mazkur dastur Respublikamizning OTM qoshidagi ARMlarda, Fanlar Akademiyasining Asosiy kutubxonasida tatbiq qilinmoqda. OTM qoshidagi ARMlar va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga xizmat ko‘rsatayotgan ARM bir xil avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona ti­zimi bilan ishlashi elektron bibliografik resurslarni almashtirish va yagona axborot muhitini tashkil qilishini ta’minlaydi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining kadrlari mala­kasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti qoshidagi ARMda Respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimi elektron kutubxonasini yaratish, elektron fondni shakl­lantirish bo‘yicha Metodologik mar­kaz tashkil qilinishi zarur. Metodologik markaz yig‘ma elektron katalogni shakllantirish, elektron resurslar yaratish ishini muvofiq­lashtirish orqali elektron kutubxona yara­tish sarf-xarajatlarini kamaytiradi va ayni paytda ARM orqali xizmat ko‘rsatish mada­niyati va sifatini yuksaltiradi.

Muallif: Hilola Islomova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq