Yangi DAVRA.UZ ijtimoiy tarmog‘i yaratildi!
06.07.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Baxtiyor Nosirov.

davra_6_07_2016

2016-yil 1-iyun kuni Davra.uz Milliy ijtimoiy tarmog‘ining ishga tushirilganligiga bag‘ishlangan matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi. .UZ doirasida ijtimoiy tarmoqning yaratilishi alohida o‘rin egallashi bilan birga, bu juda ommabop hamdir, dedi Axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish vazirligi axborot resurslarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Tolibjon Mirzaqulov. Matbuot-anjumnida Uzinfocom Markazi direktori o‘rinbosari Nozimjon Dalibayev o‘z nutqi bilan ishtirok etdi. Davra.uz ijtimoiy tarmog‘ining alohida jihatlari va funksionalligi to‘g‘risida batafsil so‘zlab berildi.

Mamlakatimizda Internet tarmog‘ining milliy segmentini rivojlantirish, yurtdoshlarimizning axborotga, interaktiv xizmatlarga va intellektual talab-ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan veb-resurslarni yaratish borasida ko‘plab samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunga kelib, 12 mln.dan ortiq yurtdoshlarimiz Internet foydalanuvchilari hisoblanib, ularning aksariyati ijtimoiy tarmoq­lardan foydalanadi. Zamonaviy ijtimoiy tarmoqlardan yurtdosh­larimiz nafaqat bir-birlari bilan muloqot qilish, balki dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagidek, ulardan biznesni yo‘lga qo‘yish, reklama vositasi sifatida ham keng foydalanib kelmoqdalar. Bularning deyarli barchasi, yurtimizda eng mashhur bo‘lgan Odnoklassniki, Facebook, VKontakte va Instagram chet el ijtimoiy tarmoqlarida amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar haqida so‘z yuritar ekanmiz, albatta, bugungi kunda ularning yoshlar ongiga ta’siri haqida unutmasligimiz lozim. Vaholanki, hozirgi kunda, ommabop ijtimoiy tarmoqlarda behayolik, zo‘ravonlik va boshqa salbiy ma’lumotlar fotosurat yoki video ko‘rinishi tobora ko‘payib borayotganligi kishini e’tiborsiz qoldirmaydi.

Tabiiyki, savol tug‘iladi? — internet tarmog‘ining milliy segmentida chet el ijtimoiy tarmoqlari mavjud funksional qulayliklarni o‘zida aks ettirgan va milliy madaniyatimiz va mentalitetimizga moslashtirilgan ijtimoiy tarmoqlar mavjudmi?

davra_6_07_2016_1

Milliy axborot-qidiruv tizimi WWW.UZ ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda ushbu tizim katalogida 37ta ijtimoiy tarmoq ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning aksariyati rivojlantirilmay qo‘yilgan, nisbatan ommaboplari esa o‘zining funksionalligi jihatidan chet el ijtimoiy tarmoqlaridan ancha ortda qolganligini ko‘rish mumkin.

Shularni inobatga olib, UZINFOCOM Markazi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlan­tirish vazirligi ko‘magida Davra.uz Milliy ijtimoiy tar­mog‘ining ishga tushirilganligini joriy yilning 1-iyun kuni matbuot-anjumanida e’lon qildi. Davra.uzda qisqa vaqt ichida 6000dan ortiq foydala­nuvchi ro‘yxatdan o‘tganligi, turli qiziqishlar bo‘yicha 120dan ortiq sahifa va 170dan ortiq guruhlar yaratilganligi unga bo‘lgan e’tibor va qiziqish juda yuqoriligidan dalolat bermoqda.

davra_6_07_2016_2

Foydalanuvchilar uchun Davra.uz ning asosiy qulayliklari nimada?

  • Birinchidan, Davra.uz Tas-IX tarmog‘ida joylashganligi Internet trafigini tejashni va ijtimoiy tarmoqning ishlash tezligi yuqoriligini ta’minlab berishi;
  • Ikkinchidan, Davra.uz mashhur ijtimoiy tarmoqlarining eng ommabop va qulay bo‘lgan elementlari va funksiyalarini o‘zida jamlagan;
  • Uchinchidan, Davra.uz boshqa ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan salbiy xarakterdagi ma’lumotlardan yiroq;
  • To‘rtinchidan, Davra.uz ning qulay mobil ko‘rinishi, undan bemalol mobil qurilmalar, smartfon va planshetlar orqali foydanish imkoniyatini yaratib beradi.

Davra.uz interfeysi foydalanuvchilar diqqatiga o‘zbek, rus va ingiz tillarida havola etilgan. Tizimdan ro‘yxatdan o‘tish ID.UZ tizimi orqali tashkil etilganligi, 500 mingga yaqin ID.UZ foydala­nuvchilarining Davra.uz da ro‘yxatdan o‘tmasdan avtori­zatsiyadan o‘tib, muloqotga kirishish imkoniyatini yaratib beradi.

davra_6_07_2016_3

Yuqorida aytib o‘tilganidek, asosiy imkoniyatlar ommabop ijtimoiy tarmoqlarnikiga juda o‘xshash, bu esa, undan foydalanishda qiyinchilik tug‘dirmaydi. Foydalanuvchilar o‘zlarining profillarida, ma’lumotlari va qiziqishlarini ko‘rsatgan holda Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi kabi qiziqishlari bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatib borish, ko‘rsatgan qiziqishlariga asosan tavsiya etilgan guruhlar va sahifalarga qo‘shilishlari yoki a’zo bo‘lishlari mumkin. Foydalanuvchi lentasi ularning do‘stlari nashr qilgan yoki ularga yoqqan, shuningdek, foydalanuvchi a’zo bo‘lgan guruhlardagi qiziqarli ma’lumotlardan shakllanadi. Darvoqe, tashkilotlarning o‘z guruhlarini yaratishlari, ular uchun guruh orqali xodimlari yoki mijozlariga muhim va foydali ma’lumotlarni yetkazishda juda qulay.

davra_6_07_2016_4

Hozir Davra.uz da foydalanuvchilar tomonidan «Potrebiteli.uz», «Fotolyubiteli», «O‘zbekiston tarixi va madaniyati», «Layfxaking» guruhlari eng ommabop bo‘lib turibdi. Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi mutaxassislari tomonidan Internet madaniyatini yanada rivojlantirish va tashviqot qilish maqsadida yaratilgan «Onlayn tarbiya» guruhi Internet foydalanuvchilari, ayniqsa, yoshlarga ko‘plab foydali maslahatlarni berib kelmoqda. Tarmoq doirasida ochiq va yopiq tadbirlarni tashkil etib, ularga do‘stlarni yoki tanishlarni taklif etish mumkin. Ijtimoiy tarmoqning Tas-IX hududida joylashganligi foto va videomateriallarni tezda yuklash hamda tomosha qilish imkoniyatini beradi. Nashr qilingan havola­lar, sahifasidagi yangilik sarlavhasi va undagi fotosuratni avtomatik tarzda tortib olishi nashrlarning qiziqarli va chiroyli ko‘rinishini ta’minlab beradi. Sayt egalari esa, saytlaridagi ma’lumotlarni Davrada ulashish imkoniyatini beruvchi vidjetlarini saytlariga joylashtirishlari mumkin.

davra_6_07_2016_5

Davra.uz yaratuvchilarining aytishlaricha, kelajakda ushbu ijtimoiy tarmoqqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, ta’lim va tibbiyot muassasalari, kommunal xo‘jalik xizmatlari, mahalla qo‘mitalarini fuqarolar bilan muloqot qilish uchun jalb etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Davra.uz ga ommabop mahalliy servislarlarni integratsiya qilish, foydalanuvchilar turli formatdagi fayllarni almashish, saqlash kabi imkoniyatlar yaratilishi rejalashtirilgan. O‘ylaymizki, bu kabi imkoniyatlar hech qaysi Internet foydalanuvchisini e’tiborsiz qoldirmaydi. Ha, aytgandek, nimaga Davra.uz deysizmi?

Ijtimoiy tarmoq yaratuvchilarining ta’kidlashlaricha, asosiy maqsad, ushbu ijtimoiy tarmoqda do‘stlar, hamkasblar, sinfdoshlar, kursdoshlar, soha mutaxassislari va yoshlardan iborat foydalanuv­chilar davralarining shakllanishi uchun qulay sharoit yaratib be­rishdan iborat. «Yana bir ijtimoiy tarmoqni ishga tushurib nima keragi bor edi?» deb savol beruvchilarga ishonch bilan javob be­rishimiz mumkin. Mazkur milliy ijtimoiy tarmoq albatta o‘zining foydala­nuvchilariga ega bo‘lishiga ishonchimiz komil. Davra­mizga qo‘shiling va uning do‘stona, ko‘ngil ochar, foydali va yoqimli bo‘lishiga hissangizni qo‘shing. Davramiz faqat kengayib, do‘st­larimiz bilan muloqotimiz faqat yaxshi kayfiyat olib kelishini barchaga tilab qolamiz.

Muallif: Baxtiyor Nosirov, ZiyoNET RM guruhi boshlig‘i

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq