Samarqand shahri sayyohlari uchun gid-dastur
06.07.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Abduvali Xaldjigitov, Islom Mamatov.

sam_6_07_2016

Samarqand shahri sayyohlari uchun gid-dastur
Jahon sayyohlik bozori taraqqiyoti­ning zamonaviy bosqichida axborot texnologiyalari va dasturiy vositalar­ning qo‘llanilish ko‘lami ortib bormoqda. Odamlar sayyohlik industriyasi bilan ta­nishish, sayyohlik obyektlari haqida to‘la qiymatli axborotlar olish va sayyohlikning turli xillari bo‘yicha o‘z marshrutlarini belgilab olish uchun internet tarmog‘i va boshqa dasturiy mahsulotlardan tobora ko‘proq foydalanmoqdalar.

Jahonda say­yohlik resurslarlarini (shu jumladan, obyektlarini) loyihalashtirish, yaratish va ulardan foydalanishda geografik axborot texnologiyalar (GAT) faol ravishda tatbiq qilinmoqda. Zamonaviy sayyohlarga qo­g‘ozdagi tipografik xarita yetarli bo‘lmay qoldi. Ularning talablarini to‘la qondirish uchun yaratilayotgan axborot tizimlarida hudud to‘g‘risidagi geografik ma’lumotlar va navigatsiya vositalaridan foydalanish dolzarblik kasb etmoqda.

Sayyoh uchun notanish shaharda hara­katlanish yetarlicha murakkab masala. Say­yoh shahardagi biror manzilga bora olishi uchun dastlab o‘zi turgan joyni hamda bo­radigan manzil joyini aniqlashi kerak. So‘ng­ra harakatning eng arzon va qisqa masofali yo‘nalishini (marshrutni) tanlab olib, ha­rakatni boshlashi mumkin. Buning uchun u shahar bo‘yicha qandaydir yo‘lboshlovchi (gid) xizmatiga ehtiyoj sezadi, biroq sayyoh smartfon yoki planshet va maxsus dasturiy ta’minotga (gid-dasturga) ega bo‘lsa, nota­nish shaharda mustaqil ravishda, harakatlanishi ham mumkin. Bunday dasturiy ta’minot dunyoning ko‘pgina katta shaharlari uchun yaratilgan. O‘zbekistondagi ilk ishlanmalardan biri Samarqand shahriga mo‘ljallangan SamTour nomli gid-dasturdir. Ushbu ishlanma TATU Samarqand filiali­ning magistrant va bakalavriat talabalaridan iborat ijodiy guruh tomonidan yaratil­moqda. Shuningdek, loyihada Janubiy Koreyalik volentyor Lee Jeong Jun ham ishtirok etmoqda.

Dasturning birinchi versiyasi Android operatsion tizimida ishlaydigan qurilmalar uchun mo‘ljallangan. Bunga sabab android smartfon va planshetlarda foydalanuvchi­ning ayni paytdagi joyini aniqlash va keyingi boradigan manziliga yo‘naltirish uchun GPS-qabulqilgich, kompas, Wi-Fi va boshqa texnik jihozlar mavjud. Bundan tashqari, bu qurilmani sayyoh doimo o‘zi bilan olib yura oladi va xohlagan joyiga olib borishi mumkin. Shaharga yangi kelgan sayyohda Internetga osongina ulanib olish imkoniyatlari bo‘lmaydi. Shuning uchun dastur oflayn holatida ishlaydigan qilib yaratilgan. Internet tarmog‘i mavjud bo‘lmagan joylarda ham uni ishlatish mumkin. SamTourdan foydalanishni xohlagan sayyohdan, faqatgina, dasturni Samarqand shahri veb-saytidan (www.samarkand.uz) yoki Google Play elektron do‘kondan (www.play.google.com) o‘z mobil qurilmasiga bir marta bepul yuk­lab olish talab etiladi.

SamarTour mobil ilovasi sayyoh uchun uchta asosiy vazifani bajara oladi:

  • sayohat rejasini ishlab chiqish;
  • sayyohning ayni paytda turgan joyidan keyingi boradigan manziliga xaritada yo‘l ko‘rsatish;
  • shaharda joylashgan ziyoratgohlar, meh­monxonalar, ovqatlanish shaxobchalari va savdo majmualari haqida to‘liq ma’lu­mot berish.

Dastur ishga tushirilgan paytda ekran­da foydalanuvchi menyusi paydo bo‘ladi (1-rasm). Menyuning bandlarida bajariladigan vazifalar tavsifi keltirilgan:

  • Sayyoh uchun sayohat rejasini ishlab chiqish;
  • sam_6_07_2016_1

  • Sayyoh o‘zi tuzgan sayohat rejasini qayta ko‘rib chiqishi va uni o‘zgartirishi uchun vositalar;
  • sam_6_07_2016_2

  • Samarqand shahridagi barcha mehmonxonalar ro‘yxatini va ular haqida to‘liq ma’lumot taqdim etish; tanlangan mehmonxonaga borish marshrutini xa­rita orqali ko‘rsatish;
  • sam_6_07_2016_3

  • Samarqand shahridagi barcha ovqatlanish muassasalari ro‘yxatini va ular haqida to‘liq ma’lumot taqdim etish; tanlangan joyga borish marshrutini xaritada ko‘rsatish;
  • sam_6_07_2016_4

  • Samarqand shahridagi barcha ziyoratgohlar ro‘yxatini va ular haqida to‘liq ma’lumot taqdim etish; tanlangan joyga borish marshrutini xaritada ko‘rsatish;
  • sam_6_07_2016_5

  • Samarqand shahridagi barcha savdo maj­mualari ro‘yxatini va ular haqida to‘liq ma’lumot taqdim etish; tanlangan joyga borish marshrutini xaritada ko‘rsatish;
  • sam_6_07_2016_6

  • Dasturning sozlamalari (nastroykasi) bo‘lib, u kerakli ish rejimi va instrumentlar to‘plamini tanlash va o‘rnatishga imkoniyat beradi (masalan, dastur tilini o‘zgartirish, yangilanishga tekshirish va boshqalar).
  • sam_6_07_2016_7

Samarqandga qadam qo‘ygan sayyoh ushbu dastur yordamida o‘z sayohat rejasini tuzib olishi mumkin. U dastlab «Samarqandga necha kunga keldingiz?» degan savolga javob beradi. Shundan so‘ng unga har bir kun uchun mumkin bo‘lgan say­yohlik turlari (reja, kurs) ro‘yxati taqdim etiladi (2-rasm). Sayyoh ushbu ro‘yxatdan o‘zi xoh­lagan turni tanlab, sayyohat rejasini shakl­lantirib oladi.

Ekranda shahar xaritasining tasviri paydo bo‘lib, unda sayohat yo‘nalishi tashrif punktlarining tartib raqamlari bilan belgilangan holda ko‘rsatiladi (3-rasm). Menyu­ning tegishli bandini tanlab, sayyoh ushbu tasvir orqali har bir tashrif punktiga taalluqli batafsil ma’lumotlarni (piyoda yoki ma­shinada borilganda qancha vaqt sarf bo‘lishi, ungacha masofa qancha va boshqalarni) ko‘rib olishi mumkin (4-rasm).

Sayyoh ayni paytda o‘zi turgan joydan biron tashrif punktiga borish marshrutini bilib olishi uchun ekranga shahar xaritasi­ning sayohat rejasi ko‘rsatilgan tasvirini chiqarib, tashrif punktining tartib raqamiini tanlaydi va «Guid me here» tugmasini bosadi (5-rasm). Ekranda yo‘nalishni va tanlangan tashrif punktigacha bo‘lgan masofani ko‘rsatadi­gan element paydo bo‘ladi. Yashil chiziqlar bilan belgilangan bu element say­yoh ha­rakati davomida saqlanib turadi va obyektga yaqinlashgan sayin masofa ko‘rsatkichi kamayib boradi (6-rasm).

Samarqand shahri sayyohi uchun SamTour nomli gid-dasturning mavjud versiyasi ma’lumotlarni faqat o‘zbek, ingliz va rus tillarida taqdim eta oladi. Hozirgi paytda dasturchilar va tarjimonlar guruhi ma’lu­motlarni fransuz, nemis, yapon, xitoy va koreys tillarida berish imkoniyatlarini yaratmoqdalar. Bundan tashqari, dunyo sayyohlari e’tiboriga molik Toshkent, Bu­xoro va Xiva kabi shaharlari uchun ham ana shunday gid-dasturlar yaratish dasturchilarimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.

sam_6_07_2016_8

Muallif: Abduvali Xaldjigitov, TATU Samarqand filiali direktori,
Islom Mamatov, TATU Samarqand filiali magistri

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq