Fuqarolar va davlat idoralari ishonchli munosabatlarining huqiqiy asosi
06.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Jamshid Pirmatov.

fuq_6_07_2016

Dunyoda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga hamohang ravishda, mamlakatimizda ham axborot-kommunikatsiyalari va texnologiyalari(AKT)dan xalq xo‘jaligining barcha sohalarida foydalanish va uni muntazam takomillashtirib borish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Avvalo, bu borada mustahkam qonunchilik bazasi yaratilganligini keltirib o‘tish joiz. So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy axborot tizimini shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida zamonaviy AKTdan foydalanish ko‘lamini kengaytirish va “elektron hukumat”ni shakllantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda AKT yordamida aholi manfaatlariga xizmat qiluvchi, davlat organlari bilan qulay va samarali munosabatlarni o‘rnatuvchi “elektron hukumat” tizimi izchil tatbiq etildi.

Bugun davlat organlari tomonidan o‘z faoliyatiga axborot tizimi hamda resurslarini joriy qilish bo‘yicha jadal ish olib borilayotganligi natijasida davlat axborot tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali aholi hamda tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatilmoqda. Tadbirkorlarga keng qulayliklar yaratish maqsadida davlat organlariga taqdim etiladigan hisobotlarni elektron shaklga o‘tkazish natijasida soliq hamda statistika hisobotlari to‘liq elektron tarzda topshirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, soliq hisobotlarining elektron shaklda topshirilishi tufayli soliq to‘lovchilar tomonidan yiliga o‘rtacha 197 tonna qog‘oz va 9 milliard so‘m mablag‘ tejalishiga erishildi. Bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish ham to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, joriy yilning birinchi choragida tadbirkorlarning 72 mingdan ziyod tashqi iqtisodiy shartnomalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Shu o‘rinda davlat organlarining o‘zaro elektron munosabatini ta’minlovchi idoralararo elektron hamkorlik tizimi joriy qilinganini ham alohida ta’kidlash joiz. So‘nggi yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangani sari, mamlakatimizda ham mazkur sohani takomillashtirishning qonuniy asoslarini shakl­lantirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi. «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi, «Elekt­ron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi va «Elektron raqamli imzo to‘g‘­risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari respublikamizda «Elektron hukumat» tizimini yaratish borasida qo‘yilgan ilk qa­damlar hisoblanadi.

«Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni tarkibiy tuzilishiga ko‘ra 5ta bob, 34ta moddadan iborat shaklda qabul qilindi. Elektron hukumat tushunchasiga qonunning 3-moddasida ta’rif berilib, unga ko‘ra davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiya­larini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir fao­liyatini, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi — elektron hukumat hisoblanadi, ya’ni davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga AKTdan foydalangan holda axborot tizimi (Internet) orqali elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishi, bundan tashqari, mazkur xizmatlarni ko‘rsatish uchun davlat organlari o‘rtasida o‘zaro AKT vositasida ma’lumotlar almashishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi hamda texnik vositalar tizimi elektron hukumat tushunchasini anglatadi.

Elektron hukumat tizimining asosiy maqsad va vazifalari davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining o‘zaro hamkorligi va ularning ma’lumotlar bazalari o‘rtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida «bir darcha» tamoyilini joriy etish, shuningdek, davlat xizmatlaridan masofadan foydalanilishini ta’minlash orqali aholi va tadbir­korlik subyektlarining vaqtlarini hamda xarajatlarini qisqartishdan iborat.

Shu bilan birga, elektron hukumatning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida qonunda asosiy tamoyillar ham keltirib o‘tilgan. Xususan, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, elektron davlat xizmatlaridan ariza beruvchilarning teng ravishda foydalanishi, «bir darcha» tamoyili bo‘yicha elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishi, davlat organlarining hujjatlarini bir xillashtirish, elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalanish, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish, axborot xavfsizligini ta’minlash qonunning asosiy tamoyillari hisoblanadi. Elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida, qonunda ariza beruvchining elektron davlat xizmatlarini olish chog‘idagi huquqlari belgilangan. Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundan iboratki, elektron davlat xizmatlari «bir darcha» tamoyili asosida, ya’ni elektron davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organi bunday xizmat ko‘rsatish uchun boshqa davlat organla­rida mavjud bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarni olishi talab etiladigan hollarda, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organi mazkur hujjatlar va ma’lumotlarni mustaqil ravishda, ariza beruvchining ishtirokisiz idoralararo elektron hamkorlik qilish vositasida oladi. Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida davlat organlarining funksiyalari va vazifalarini amalga oshirish maqsadida ularning o‘zaro hamkor­ligini ta’minlaydi. Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi axborotni to‘plashga, saqlashga, unga ishlov berishga, uni uzatishga va almashishga doir talablar asosida ishlaydi.

Ma’lumki, «Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 36-moddasiga muvofiq, yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga zarur o‘zgartirishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritilishi belgilangan. Qonunning mazkur talabidan kelib chiqib, «Elektron hukumatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida», «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida», «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida», «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida», «Davlat statistikasi to‘g‘risida», «Axborot erkinligi tamoyillari va kafolatlari to‘g‘risida», «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritildi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublika­sining «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi hamda «Axborot erkinligi tamoyillari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra axborot olish uchun so‘rov og‘zaki, yozma, shu jumladan, axborot tizimlari orqali elektron shaklda bo‘lishi mumkinligi, yozma so‘rovda elektron manzilning ko‘rsatilganligi murojaat etuvchining so‘rovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga bo‘lgan roziligini anglatishiga doir normalar kiritildi. Bu bilan davlat organlariga murojaat qilayotgan shaxslarning axborot olishga doir talabi ariza beruvchining xohish-istagiga ko‘ra qog‘oz yoki elektron shaklda olish huquqini beradi.

Shu bilan birga, «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi va «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga ma’lumotlar va axborotlarni almashishda idoralararo elektron hamkorlik qilish orqali amalga oshirish belgilandi. «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi hamda «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarida tadbirkorlik subyektlari tomonidan murojaatlarni axborot tizimi orqali elekt­ron shaklda yuborish bo‘yicha me’yorlar kiritilib, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning bekor qilinishi haqida axborotni ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilish bilan birga vakolatli organning rasmiy veb-sayti orqali ham e’lon qi­lish belgilandi.

Ta’kidlash o‘rinliki, joriy yil 10-iyundan kuchga kirgan «Elekt­ron hukumat to‘g‘risida»gi Qonun davlat organlari faoliyatining samaradorligining oshishi, yuridik va jismoniy shaxslarga elektron davlat xizmatlari taqdim etilishini yaxshilanishi, fuqarolarning masofadan turib, davlat xizmatlaridan foydalanishini ta’minlanishi, shuningdek, ularning davlat xizmatlarini olishdagi huquqlarining himoya qilinishiga xizmat qiladi. Ko‘rib turibmizki, aynan zamonaviy AKTdan foydalanish davlat organlari faoliyatining yanada ochiq bo‘lishiga imkon beradi. Muhim boshqaruv jarayonlarida fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratadi. Shu bilan birga, AKTdan keng foydalanish, biznes yuritishni yaxshilashga, milliy iqtisodiyotimizda raqobatbardoshlikni, aholining hayoti sifatini oshirishga xizmat qilishini bugun hayotning o‘zi bizga ko‘rsatib turibdi.

Xalqaro huquqiy hujjatlar va ilg‘or xorij mamlakatlari qonunchiligi bilan qiyosiy tahlildan o‘tkazilgan ushbu qonun kelgusida davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarga elektron davlat xizmatlari taqdim etilishini yaxshilash, jamiyat hayotining turli sohalarida AKTdan foydala­nishni kengaytirish, qabul qilinayotgan qarorlarning tezkorligi va sifatini oshirish, tegishli axborot tizimlarini yaratish va ularning ishlashi hisobiga davlat boshqaruviga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu Qonun mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining samaradorligi, ochiq va shaffofligini oshirish, fuqarolik jamiyati shakllanishida davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasida ishonchli munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muallif: Jamshid Pirmatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq