Bolalar tarbiyasida axborot xavfsizligini ta’minlash dolzarb vazifa
06.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Oftobxon Tadjixodjayeva.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan o‘quvchi-yoshlarning  yuksak ma’naviyatli, mustaqil, erkin fikrlaydigan va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan, Vatan ravnaqi uchun jonkuyar hamda komil inson bo‘lib voyaga yetkazish masalalariga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bunda, ayniqsa, bolalarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, ularning qiziqishlari asosida kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘lom ona va bola yili» davlat dasturi to‘g‘risida 2016-yil 9-fevraldagi PQ-2487-son Qaroriga muvofiq qabul qilingan «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi qat’iy ha­yotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirishga qaratilganligi bilan keng jamoatchilikning oldida turgan asosiy vazifalar aniq belgilab berildi. Bu kabi chora-tadbirlarni amaliyotda qo‘llash yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ular­ning salomatligiga, ruhiyatiga hamda kamolotiga kuchli ta’sir etuvchi turli xil yot g‘oyalar, ma’naviy tahdidlar, axborot xuruji ta’siriga tushib qolishi mumkin bo‘lgan xavflardan himoyalashga xizmat qiladi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, keyingi paytlarda nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda bolalarni axborot xurujlaridan himoyalash masalasi keng jamoatchilikning diqqat markazida turibdi.

Axborot xurujlari — bu shaxsga, muayyan tashkilot va davlatga yo‘naltirilgan ta’sir bo‘lib, uning asl maqsadi o‘sha shaxs, tashkilot va davlatning normal hayot tarzining buzilishini nazarda tutgan siyosiy va ijtimoiy guruhlar g‘arazli niyatlaridan iborat. Shuning uchun ham ular mohiyatan ijtimoiy-psixologik hodisa hi­soblanadi. Umuman olganda, bolalarning axborot xuruji deganda, ularning jismoniy va ma’naviy salomatligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar yetkazishi bilan bog‘liq salbiy holatlarni tushunish mumkin, chunki o‘sib kelayotgan yosh avlodning ruhiyati xali to‘la shakllanmaganligi va ularda qabul qilayotgan axborotlarni to‘g‘ri tahlil qila olish ko‘nikmalarining rivojlanmaganligi tufayli, axborot vositalari hamda internet tarmoqlari orqali o‘zlarining yovuz niyatlarini targ‘ib qilayotganlarning to‘riga tushib qolish xavfi yuzaga kel­moqda. Buning oqibatida, axborot xavfsizligini ta’minlash masalasi o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etib, bugungi kunda bolalarda yot, buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan immunitetni hosil qilish muhim vazifaga aylandi.

Bugun bolalar axborot asrida ulg‘aymoqdalar. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yoshlarning ongi va tafakkuriga kuchli ta’sir etuvchi vositalardan biri — bu albatta axborotlardir. Hozirda axborotni turli-tuman matnli, tovushli, video, animatsiya kabi taraq­qiy etgan ko‘rinishlari mavjud, ayniqsa, internet tarmog‘ida axborotlar qisqa muddatda keng makonda tez tarqalishi va matn, tasvir va ovoz uyg‘unligidagi axborotning mavjudligi har qanday yoshdagi odamni o‘ziga jalb qilmay qo‘ymaydi. Shu bois, Internet, televizor, mobil telefonlar, ommaviy madaniyat mahsulotlari, matbuotda e’lon qilinayotgan ba’zi axborotlar bolalarda axborot xuruji kabi muammolarni keltirib chiqaruvchi omillarning ta’sirchanligining kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Keyingi yillarda axborot-kommunikatsiya vositalari, Internet va OAV nashrlari kundalik hayotning zarur ehtiyojiga aylanib qoldi. Albatta, buni insoniyat tafakkurining yuksak natijalarga erishgani bilan ijobiy baholash mumkin. OAV ma’lumotlariga ko‘ra hozirda yurtimizda o‘n yarim milliondan ortiq Internetdan foydalanuvchilar ro‘yxatga olingan. Bugungi yoshlarning 90 foizi aso­siy axborot manbai sifatida Internetga murojaat etadi. Global tarmoqlardan bir zumda axborotlarni olishdagi qulayliklar va Internetning foydali tomonlari barchaga birdek manzur bo‘lib, uning insonlarga foydali tomoni to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish muhim emas. Biroq Internetning borgan sari ommalashib borishi undan jamoat joylarida, uyda va maktabda bemalol foydalanishdagi qulayliklar yaratilishi yoshlar o‘rtasida Internet va kompyuter o‘yinlariga qaramlikning rivojlanishi bilan bog‘liq muammolarni ham kelti­rib chiqarmoqda. Ma’lumki, Internet va kompyuterlarga qaram bo‘lgan bolalarda quyidagi alomatlar kuzatilishi mumkin: Internetga muntazam murojaat qilish, o‘zi uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotni qidirish; ijtimoiy tarmoqlarda va virtual olamda faol bo‘lish va real olamning zerikarli tuyulishi; hayotini kompyuter o‘yinlarisiz tasavvur qila olmaslik; Internet megabaytlarini tinimsiz sotib olish; shavqatsizlik, behayolik va boshqa mazmundagi film va roliklarni muntazam ko‘rish va kuzatish.

Mutaxassislar tomonidan aynan shu kabi zararli odatlar ta’sirida ulg‘ayayotgan bolalarda psixologik, pedagogik va tibbiy tomondan rivojlanishida bir qator kamchiliklarning kelib chiqishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Asosan, axborot-kommunikatsiya vositalaridan, foydalanishda me’yor va tartibni bilmaydigan o‘smirlarda quyidagi holatlar kuzatilmoqda:

  • tajovuzkorlik, bee’tiborlik, tushkunlik, yolg‘izlik va yaqin insonlar bilan munosabatlarning yomonlashuvi;
  • bolalarda o‘quv jarayonida fanlarni o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklar va sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik;
  • me’yoridan ortiq foydalanish oqibatida bolalarda fikrlash qobiliyatining susaytirishgacha olib keladi. Sanab o‘tilgan muammolarga quyidagi vaziyatlarni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi(RBIMM)ning «Ijtimoiy ish» bo‘limiga yuqoridagi kabi vaziyatlar yuzaga kela bosh­laganida qilingan murojaatlar mavjud. Bolalarning ismi shartli ra­vishda o‘zgartirilgan.

  • 14 yoshli Anvar maktabda eng a’lochi o‘quvchilardan edi, biroq keyingi vaqtlarda o‘qituvchilar uning ota-onasiga tez-tez darslarni sababsiz qoldirishi va o‘qishga bo‘lgan qiziqishi susayib borayotganidan shikoyat qila boshladilar. Anvardagi o‘zgarishlarni ota-onasi ham seza boshlagandilar. U uyda avvalgidek oila a’zolari bilan yaqin munosabatda emas, aksincha befarq va mas’uliyatsiz bo‘lib qolgandi. Ma’lum bo‘lishicha, u ko‘proq yolg‘iz qolib, Internetda zo‘ravonlik, shafqatsizlik aks etgan kompyuter o‘yinlarini o‘ynash bilan mashg‘ul bo‘lgan.
  • Psixolog huzuriga kun tartibi izdan chiqqan 13 voshli Sarvar ismli bolani olib kelishdi. Aniqlanishicha, bola kompyuter o‘yinlari paytida o‘yindan ko‘ngil uzolmay, pala-partish ovqatlanardi, qanday taom iste’mol qilayotganini ba’zan his qilmasdi ham. U bora-bora Internet bilan do‘st tutunadi, sababi uning virtual olamda do‘stlari talaygina edi. Uning uchun haqiqiy olam zerikarli tuyulardi. Bunday vaziyat Sarvarda jismoniy harakatlanishning kamayishiga oqibatda esa, salomatligi bilan bogliq salbiy o‘zgarishlarga olib keldi. Mazkur holatlarda ijtimoiy xodim qanday yo‘l tutishi kerak?

Albatta, ijtimoiy ish xodimi mijozlarning muammolarini hal qilib bermaydi, balki o‘zining yordamida mijozning o‘z muammolarini yechish yo‘llarini topishi, ildizu sabablarini anglab yetishiga turtki beradi:

  • dastavval oila va bola bilan ishlashda vaziyatni baholash va unga mos bo‘lgan rejalar ishlab chiqish uchun boladagi o‘z­garishlarning sabablari aniqlanadi va ma’lumotlar to‘planadi;
  • bolaning sog‘lig‘i va ruhiyati bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni aniqlashda bolani tibbiy-pedagogik-psixologik nazorati tashkil qilindi;
  • bolalarni rivojlanishida va ruhiyatida o‘zgarishlar kuzatilgach, nevropatolog va psixolog huzuriga yo‘naltiradi.

Ayni holatda psixolog tomonidan ota-onalarga farzandlar bilan mustahkam oilaviy aloqalarni o‘rnatish kabi tavsiyalarni berish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardandir.

Ushbu holatlarda albatta bolaning kelajagi uchun yaqinlari bo‘lgan kattalarning ko‘magi o‘ta muhim hisoblanadi. Bu holat ke­yinchalik bolaga salbiy ta’sir ko‘rsatishining oldini olish maqsadida albatta mutaxassislarning aralashuvi kerak bo‘ladi. Agar bolalarda bu kabi illatlar o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, ularning jismoniy, ruhiy salomatligida jiddiy o‘zgarishlarga olib keladi. Shu sababli yoshlarni turli xil oqimlarning ta’siriga berilib qolmasliklari uchun ular o‘rtasida to‘g‘ri va noto‘g‘ri ma’lumotlarni mustaqil ravishda tahlil qila olish ko‘nikmasini va zararli axborotlarga nisbatan axborot immunitetini shakllantirish dolzarbligi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bolalarni AKT vositalaridan foydalanishlarida yaqinlari, kattalarning hushyorligini oshirish, zararli axborotlar­ning salbiy oqibatlari masalalariga e’tiborli bo‘lishlari, ulardan to‘g‘ri foydalanish kabi tavsiyalarni oddiy qoidalarga amal qilish orqali nafaqat bolalar, balki yoshi kattalar o‘rtasida ham to‘g‘ri foydala­nishlari va uning profilaktikasiga erishish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, bolalarni axborot xavfsizligini ta’min­lashda samaradorlikka erishish uchun quyidagilarga: soha mutaxassislari tomonidan yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, axborotni farqlay oladigan insonlar bo‘lib yetishishi uchun tarbiyaviy ishlarni yanada kuchaytirishga taalluqli samarali izlanishlar olib borish; farzandlarni AKT vositalaridan foydalanishlari borasida ota-onalarning ham faolligini oshirish uchun amaliy dasturlar va tavsiyalar ishlab chiqish; bolalarni kitobga bo‘lgan muhabbatlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish; bolalarning kattalari tomonidan AKT vo­sitalaridan foydalanishda me’yor va talablarga rioya qilish orqali namuna ko‘rsatishga katta e’tibor qaratish lozim.

Muallif: Oftobxon Tadjixodjayeva, RBIMM “Ijtimoiy ish” bo‘limi yetakchi mutaxassisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq