“Yagona darcha ” – kichik biznes rivojining muhim omili
06.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Faxriddin Xolboyev.

bir_6_07_2016

Xo‘jalikda va ishlab chiqarish jarayonida axborot texnologiyalaridan faol foydalanish hozirgi avlodning hayot tarzini o‘zgartirishi bilan bir qatorda jamiyat a’zolarining axborot mahsulotlari hamda xizmatlariga bo‘lgan talabining oshishiga olib kelmoqda. Ta’kidlash lozimki, mamlakatda xususiy mulk mavqeini oshirish uchun barcha shart-sharoitilar va imkoniyatlar yaratilganligi bois, keyingi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu o‘z navbatida, iqtisodiyotda davlat ulushining kamayishiga, yalpi ichki mahsulotda xususiy mulk hissasining, jumladan, chet el kapitali ishtirokining bosqichma-bosqich o‘sishiga olib keladi.

Tahlillar ko‘rsatishicha, ilgari tadbirkorlik subyektlari barcha tartib-tamoyillarga rioya qilgan holda, katta hajmdagi axborotlarni tayyorlashi va davlat organlariga doimiy ravishda taqdim etib kelishi zarur bo‘lgan. Mazkur hujjatlarni tayyorlash va tegishli idoralarga taqdim etishda ko‘pincha turli idoralarning o‘z tizimida yuritiluvchi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan hujjatlarning qog‘oz namunasidan foydalanish zarur bo‘lgan. Bunday talablarning ko‘pligi qimmatli vaqtni sarflash bilan bir qatorda, nafaqat davlat boshqaruvi organlaridan, balki tadbirkorlik subyektlaridan ortiqcha vaqt va mehnatni talab etgan, ularning taraqqiyotiga ma’lum darajada to‘sqinlik qilgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, 2015-yil 28-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik subyektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2412-son Qarori qabul qilinishi yuqorida qayd etilgan qator masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlaka­timizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yil­ga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruzasida, Davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning bevosita elektron shakllari joriy etilgani tufayli 2015-yilda 42 ming 800ta tadbirkorlik subyekti Internet tarmog‘i orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatga olinganligi, ular 260 turdagi interaktiv xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganligi, 2013–2014 yillarda tadbirkorlar va fuqarolarga 102 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 420 mingdan oshganligi alohida qayd etildi.

Xalqaro ekspertlar Respublikamiz Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoyasini qonunchilikning barcha darajalarida ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida qayd etmoqda. Niderlandiyaning oziqa mahsulotlarini ishlab chiqarish va qadoqlash bo‘yicha asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar asso­tsiatsiyasining Prezidenti Teo Bruinsmaning ta’kidlashicha, belgilab berilgan chora-tadbirlar O‘zbekiston kabi iqtisodiy rivojlanish hamda iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik darajasining o‘sish sur’atiga intiluv­chi davlatlar uchun namuna va o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, respublikamizning barcha hududlarida 2016-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlariga «bir darcha» tamo­yili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish yagona markazlari ishlay boshladi. 2015-yil dekabr oyida «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi va undagi qator moddalar «bir darcha» tamo­yilini amalga oshirishga bag‘ishlangan. «Bir darcha» mexanizmi­ning joriy etilishi bilan axborot va hujjatlarni yagona o‘tkazish kanallaridan foydalangan holda faqat bir marta taqdim etish imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida, barcha tomonlar uchun sezilarli yutuq bo‘lgan axborotni olish va unga ishlov berishni yaxshilaydi, davlat organlari va tadbirkorlar orasida bo‘ladigan axborot oqimlarini tezlashtiradi va soddalashtiradi. Bunday mexa­nizmlarni qo‘llash davlat organlari bilan bir qatorda, tadbirkorlarning nazorat qilish natijasini va samaradorligining oshishiga, sarf-xarajatlarning qisqarishiga va oqibatda, resurslardan to‘la-to‘kis foydalanishga olib keladi.

bir_6_07_2016_1

Amaliyotning ko‘rsatishicha, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari «bir darcha» xizmatiga internet-portallari, interfaol ma’lumotlar xizmati, simsiz ulanish aloqa nuqtalari, call-markazlar va shu kabilar orqali murojaat qilish imkonini bermoqda. Tadbirkorlik subyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishida yangi mexanizmlarning joriy etilishi hududiy korxonalarga barcha tartib-tamoyillarni amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarni berishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Parlamentida qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini ijrochilarga yetkazishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda va bu mexanizm qonunni qo‘llash amaliyoti samadorli­gini oshiradi. Joriy yilning mart–aprel oylarida Qonunchilik pa­latasining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari ekspertlar va soha mutaxassislari bilan ham­korlikda barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘izton Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonuni bo‘yicha tegishli reja asosida ko‘chma o‘quv seminarlari o‘tkazdi. Seminarlarda «bir darcha» mutaxassislari ishtirokchilarni o‘zlarining ish tajribalari bilan tanishtirdi. Tadbirlarda murojaatlarni qabul qilish, hujjatlarning dastlabki tekshiruvi va qayta ishlanishi, murojaatlarni yetkazishda tanlangan hujjatning tegishliligiga ko‘ra marshrutni tanlash, ariza beruvchi haqidagi ma’lumotlarni olish, murojaatlar nazorati va monitoringini yuri­tish masalalari muhokama qilindi. Bugungi kunda «bir darcha» doirasida, joylarda 16 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Kelajakda mazkur tamoyil mexanizmlarini bosqichma-bosqich takomillashtirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning soni va sifatini oshi­rish rejalashtirilmoqda.

«Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonunga binoan, davlat bosh­qaruvi organlari tizimiga «bir darcha» tamoyilini joriy etish orqali elektron hujjat aylanishi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshi­rish hamda davlat organlari ma’lumotlar bazalaridagi axborotlarni o‘zaro almashish elektron hukumatning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Shunday qilib, «bir darcha» tamoyili axborot almashinuvi bilan bog‘liq turli to‘siqlarni kamaytirishni va tartib-tamo­yillarni soddalashtirish konsepsiyasini amaliyotda qo‘llashni na­zarda tutadi va jamoaning barcha a’zolariga foyda keltiradi.

Ta’kidlash lozimki, axborotlashgan jamiyatning rivojlanish strategiyasi bilan imkoniyati va malakasi axborot asri talablariga muvofiq bo‘lgan inson resurslarining rivojlanishi o‘zaro uzviylikda amalga oshishi o‘ta muhim sanaladi. Shu asosda aytish mumkinki, davlat organlarining elektron hukumat sohasiga xizmat qiluvchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizi­mini tashkil etishi elektron hukumat sohasidagi vakolatli organning vakolatlaridan biri ekanligi mazkur masalaning ijobiy hal eti­lishida asosiy o‘rin tutadi. Mazkur vazifani amalga oshirishda AKT sohasidagi ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarining xalqaro tajri­basini tizimli o‘rganish, yetakchi mutaxassislar bilan tajriba alma­shish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirish va material-texnik bazani doimiy yangilab borish talab etiladi.

Muallif: Faxriddin Xolboyev, Оliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq