3D-modellashtirishning samarali dasturiy vositalari
06.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Mahammadjon Mahammadjonov, Zafarbek Abdullayev.

3d_6_07_2016

Bugungi kunda dasturlash texnologiyasi ham jadal rivojlanib, dasturchilar turli xil dasturlash tillaridan foydalanmoqdalar. Yaratilayotgan dasturning qaysi sohada qo‘llanilishiga muvofiq, turli dasturiy tillardan foydalanilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, ko‘plab dasturiy tillarni hamda ularni amalga oshiruvchi dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqishga talabni orttirmoqda. Dasturlarning ham ko‘plab turi mavjud. Grafik dasturlarni dasturiy tillarda ishlab chiqish har dom ham murakkab jarayon bo‘lib hisoblangan. Shuning uchun ham grafik dasturlarni ishlab chiqarish uchun alohida dasturiy ta’minotlar yaratilgan.

3d_6_07_2016_1

Grafik dasturlarning o‘zi ham turli ko‘rinishga ega bo‘ladi, sababi kom­pyuter grafikasining turli yo‘na­lishlari mavjud. Ularni umumiy qilib, ikki va uch o‘lchovli grafika yo‘nalishlariga ajra­tish mumkin. Ikki o‘lchovli grafika reallikdan yiroq bo‘lgani uchun hozirgi kunda uch o‘lchovli grafika qo‘llanilmoqda.

3d_6_07_2016_2

Uch o‘lchovli grafikani hosil qilishni dastlab uch o‘lchovli modellashtirishdan boshlash kerak. Uch o‘lchovli modellashtirish tushunchasi kompyuterda obyektlar­ning uch o‘lchovli modellarini yaratishni anglatadi. Uch o‘lchovli modellashtirish, qisqacha 3D-modellashtirishni ishlab chiqishda dasturiy tillardan yoki dasturiy ta’minotlardan foydalanish mumkin. 3D-modellashtirishni tayyor dasturiy ta’mi­notlardan foydalangan holda ishlab chiqish samaraliroq hisoblanadi. Bu orqali obyektlarni yaratish tezroq va osonroq bajariladi. 3D-modellashtiruvchi eng keng tarqalgan dasturiy ta’minotlarga Autodesk kompaniyasining «3ds MAX» hamda «Maya» dasturlarini misol qilish mumkin. Bu dasturiy ta’minotlarning imkoniyatlari juda keng bo‘lib, ular orqali istalgan 3D-modellarni ishlab chiqish mumkin.

3D-modellashtirish amalga oshirilgandan so‘ng uni dastur bilan bog‘lab, dasturlarni ishlab chiqish uchun dasturiy tillarni qo‘llash kerak bo‘ladi. C/C++, Java, Python, JavaScript, C# dasturiy tillar shular jumlasidandir. Tayyor 3D-modellarni dasturiy holga keltirish uchun translyatorlarda dasturiy kodlar yozilishi talab etiladi. Bu esa ko‘plab dasturiy kodlarni talab etadi. Mazkur ishlarni optimallashtirish maqsadida bir qator grafik dasturiy ta’minotlar ishlab chiqilgan. 2005-yilda ishlab chiqilgan «Unity 3D» dasturi shular jumlasidandir. «Unity 3D» bu 3D dasturiy mahsulotlar hamda o‘yinlar ishlab chiqarishdagi eng qulay dasturiy ta’minot­lardan biri hisoblanadi. «Unity» da tayyor 3D modellarni yuklab olish mumkin hamda ularga C# yoki Javascript tillarida skript kodlar yozib birlashtirish mumkin. «Unity 3D»da ishlash ancha qulay: yaratilayotgan dastur uchun kerakli materiallarni bitta katalogga avtomatik nus­xalab saqlab qo‘yish imkoniyati, skript kodlar alohida yozilib keyin obyektlarga birlash­tirilishi, tayyorlanayotgan dasturiy mahsulotni ko‘rib turish qulayligi va eng asosiysi, ko‘p­gina platformalar uchun dasturni kom­pilyatsiya qilish imkoniyati mavjudligidir.

3d_6_07_2016_3

«Unity» da oddiygina dasturni yaratib, uni turli platformalar uchun kompilyatsiya qi­lishni ko‘rib chiqamiz. 1-rasmda Unity ishchi oynasining umumiy ko‘rinishi tasvirlangan.

Dastur yaratish uchun ishlab chiqilgan 3D-modellarni «Unity» ga yuklab olib, uni bo‘sh sohaga joylashtiramiz (2-rasm). Yaratmoqchi bo‘lgan dasturimizda uycha qurilgan bo‘lib, unda sayohat qilish imkoniyati mavjud bo‘lsin. Shunga ko‘ra dastur nomini «3D-sayohat» deb nomladik. Sayohatni amalga oshirish uchun harakatlanadigan obyekt yasab, unga C# tilida skript kodlarini yoza­miz (3-rasm).

Dastur ustida ishlar bajarilgandan so‘ng uni quyidagi platformalar uchun kompilyatsiya qilib chiqarish mumkin:

  • Linux, Windows, Mac shaxsiy kompyuterlar uchun;
  • iOS, Android va BlackBerry telefonlari uchun;
  • Windows Store va Windows Phone uchun;
  • WebGL ko‘rinishida;
  • Tizen, Xbox uchun;
  • PlayStation 3 va 4 uchun;
  • Samsung TV televizorlari uchun.

Bir vaqtning o‘zida ko‘pgina platformalar va qurilmalar uchun kompilyatsiya qi­lish imkoniyati bu «Unity»ning eng yaxshi jihatlaridan biridir. Yuqorida tuzilgan dasturni o‘zimiz xohlagan platforma uchun kompilyatsiya qilib olamiz (4-rasm).

Xulosa qilib aytganda, hozirgi vaqtda ko‘pchilik turli vositalar, ayniqsa, kompyu­ter hamda mobil telefonlaridan ko‘proq foydalanmoqda. Tabiiyki, dasturiy vositalarga bo‘lgan talab ham ortib boradi. Dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishda qo‘llanila­digan «Unity»ning 2005-yildan buyon 1, 2, 3, 4, 5-versiyalari ishlab chiqilgan. 3D-dasturlarni turli qurilma hamda platformalar uchun ishlab chiqishda samarali dasturiy vositalaridan biri bo‘lgan «Unity» ning imkoniyatlari kelajakda yanada rivojlantirilishi kutilmoqda.

Muallif: Mahammadjon Mahammadjonov, TATU talabasi,
Zafarbek Abdullayev, NamDU talabasi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq