O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan sud-huquq tizimiga AKT joriy etilishi mavzusiga bag‘ishlangan matbuot-anjumani uyushtirildi
20.06.2016
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

sud_20_06_2016

Milliy matbuot markazida “Sud-huquq tizimiga axborot-kommunkatsiya texnologiyalarning joriy etilishi – ishlarni ko‘rishning sifat va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan, Oliy sud, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda BMT Taraqqiyot Dasturining “Ozbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi ishtirokida uyushtirildi. Tadbirda jurnalistlar va bosma, tele va radio OAV vakillari ihstirok etdilar. Jurnalislar savollariga Oliy sud sudyasi, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov kollegiyasi raisi Holmumin Yodgorov javob berdi.

Fuqarolarning huquqiy ongi va sudga ishonchi ortganligi inikosi sifatida sudlarga bo‘lgan murojaatlar hajmi yil sayin ortib borayotganligi sudyalar bandligining yanada oshishiga olib kelmoqda, bu esa o‘z navbatida, ishni ko‘rib chiqish uchun ketadigan vaqtning qisqarishiga va oqibatda, ishlarni ko‘rib chiqish sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan, sudlov tizimiga yangi usul va uslubiyotlarni joriy etish, jumladan, zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish hozirgi kunda dolzarb masala hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar natijasida, fuqarolarga murojaatlarini sudlarga elektron shaklda yuborish imkoniyatini beruvchi qonuniy asos yaratildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatiga zamonaviy AKTni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan E-SUD (www.esud.uz) milliy elektron sudlov axborot tizimi ishlab chiqilmoqda.

E-SUD axborot tizimi sud buyrug‘i va da‘vo talabi bo‘yicha fuqarolik ishlarini ko‘rish, fuqarolarning sudlarga murojaat qilish jarayonini tezlatib elektron ravishda amalga oshirishga imkoniyat tug‘diradi. E-SUD foydalanuvchilarining ro‘yxatdan o‘tishi, sudlarga elektron tarzda murojaat etish, ish yuzasidan ajrimlar va sud qarorlari kabi hujjatlarni o‘z vaqtda olishni ta’minlashga qaratilgan. Bundan tashqari, mazkur tizim murojaatlarni tez ko‘rib chiqish va hujjatlar namunalari orqali sudyalarga ham o‘z samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Hozirgi vaqtda ushbu tizimni fuqarolik sudlariga keng joriy etish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri va viloyatidagi sakkizta tumanlararo sudlarda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, mazkur sudlar binolarida lokal hisoblash tarmoqlari yaratildi, sudyalar va sud xodimlari zamonaviy kompyuter texnikasi va ofis vositalari bilan ta’minlandi, sudyalar va sud xodimlari tizimda ishlash bo‘yicha maxsus o‘quv dastur asosida o‘z mahoratlarini oshirdilar. Bundan tashqari, tizim bilan ishlashga tashqi foydalanuvchilar, yani tuman kommunal xizmatlar va soliq inspeksiyasi xodimlari uchun ham kerakli o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi va ayni paytda mazkur sudlarda E-SUD milliy axborot tizimining sud buyrug‘i chiqarish qismi samarali qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, tizimning birinchi instanstiya sudlari uchun moduli ishlab chiqilmoqda, ya’ni yaqin orada fuqarolar tizim orqali da‘vo arizalarini ham topshira oladilar. Ushbu tadbirlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda BMT Taraqqiyot Dasturining “Ozbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi ko‘magida amalga oshirilyapti.

Bundan tashqari, sudlov oldi tizimiga boshqa yangi texnologiyalar ham kiritilmoqda. 2015-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining yangi rasmiy veb-sayti ishlab chiqilib, yo‘lga qo‘yildi. Mazkur veb-sayt (www.oliysud.uz), fuqarolarga E-SUD tizimi orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat etish bilan birga, bir qator axborot va interfaol xizmatlarni taqdim etadi.

Hozirda, Oliy sud rahbarligida, Oliy sudning viloyat umumiy yurisdiksiya sudlari bilan aloqasini ta’minlovchi videokonferensaloqa tizimini joriy etish mexanizmi ishlab chiqilmoqda. Sud majlislarini, Plenum majlislarini hamda o‘quv tadbirlarini videokonferensaloqa orqali amalga oshirish nafaqat tomonlar, balki sudyalarning ham mablag‘larini tejashga imkon beradi.
Matbuot-anjumani davomida, yuqorida qayd etilgan ma’lumotlardan tashqari, jurnalistlar savollariga batafsil javoblar berilib, yangi nashrlar ham taqdim etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq