Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va jamiyatni demokratlashtirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining roli
13.06.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Joriy yil 10-iyun kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan «Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va jamiyatni demokratlashtirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining roli» mavzusida tadbir tashkil etildi.

Ishtirokchilar tomonidan davlat organlarining axborot tizimini bosqichma-bosqich integratsiyalashuvini ta’minlashning tashkiliy va huquqiy mexanizmlari, yuridik va jismoniy shaxslar, davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash va tegishli axborot-resurslari hamda ma’lumotlar bazalaridan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan avtomatlashtirishning axborot tizimini shakllantirish kabi masalalar bilan bog‘liq mavzular ko‘rib chiqildi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, istiqlol yillarida O‘zbekiston jahon hamjamiyati o‘rtasida mintaqadagi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan yetakchi mamlakat sifatida tan olindi.

Ishtirokchilar “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va u asosda qonun hujjatlariga kiritilgan tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarning ahamiyatidan kelib chiqib, Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning tizimli va bosqichma-bosqich rivojlanishi, davlat va jamiyat boshqaruvida zamonaviy AKTdan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildilar. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining davlat boshqaruvini yangilash va jamiyatni demkoratlashtirishdagi o‘rnining muhim ekanligini ta’kidlagan holda tadbir ishtirokchilari davlat siyosatining ruxsat berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyati daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Bunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida jismoniy va yuridik shaxslarga elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish, ularni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga tegishli axborotlar bilan ta’minlashda yagona darcha markazlarining o‘rni alohida muhim ekanligi ta’kidlandi.

Shuningdek, qonun ijodkorligi jarayonini demokratlashtirish, davlat organlarining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini keng muhokama qilish, qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning samaradorligiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra ushbu tizimning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali negizida texnologik jihatdan amaliyotga tatbiq etilishi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasi jarayoniga ekspertlar jamoatchiligi vakillari va keng aholi qatlamlarini jalb etish, loyihalarni tayyorlashda “ma’muriy yondoshuv”lar bilan bog‘liq mavjud kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyatini berdi.

So‘nggi yillarda son va sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatida o‘z aksini topdi. Ayni paytda, deyarli barcha davlat idoralari internet tarmog‘ida o‘zlarining veb-saytlariga ega, ular yordamida aholiga elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan birga, jamoatchilikka o‘z faoliyati to‘g‘risida axborotlar berib bormoqda.

Tadbirning o‘tkazilishi axborot sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, mutaxassis, amaliyotchi va davlat idoralari vakillarining elektron hukumatni rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarini ishlab chiqish, axborot-kommunikatsiya texnologiyachlarini rivojlantirishga oid huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berdi.

Tadbir natijalari bo‘yicha to‘plangan materiallar kelgusida qonun ijodkorligi, davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va jamiyatni demokratlashtirishda zamonaviy AKTdan keng foydalanish uchun zarur sharoit yaratishda tegishli davlat organlarining tashkiliy, tahliliy ishlarida keng foydalanilishi kutilmoqda.

Manba: http://parliament.gov.uz/uz/events/committee/15702

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq