O‘zbekiston Milliy kutubxonasida rus shoiri A.S.Pushkin ijodiga bag‘ishlangan onlayn-muloqot bo‘lib o‘tdi
09.06.2016
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

lib_9_06_2016

2016 yil 3 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida rus shoiri A.S.Pushkin tavalludining 217 yilligiga bag‘ishlangan onlayn-muloqot bo‘lib o‘tdi. “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning taniqli shoir va yozuvchilari, rus tili va adabiyoti o‘qituvchilari, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari, Toshkent shahridagi 50-maktab o‘quvchilari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

lib_9_06_2016_1

“Kamolot” huzurida mehmonda” loyihasi asosida o‘tkazilgan onlayn-muloqotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari shoir S.Sayyid, filologiya fanlari nomzodi K.Bobojonova, 50-maktab rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi F.Xudoyorovalar so‘zga chiqdilar. Shoir S.Sayyid Pushkin ijodi va she’riyatida sharqona motivlar haqida hikoya qildi. “Buyuk rus shoiri va dramaturgi A.S.Pushkinning she’rlari, ertaklari, hikoya, qissalari, ballada va romanlari o‘zbek kitobxonlari tomonidan sevib o‘qiladi, uning ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan, o‘zbek olimlari uning she’riyatini o‘rganadilar, pushkinxonliklar o‘tkaziladi. Uning she’rlari she’riyatga muhabbatni paydo qiladi. U nafaqat ertaklar yozar, balki ularni tinglashni ham xush ko‘rar edi. Pushkin barcha fasllarni sevar, shuning uchun ham har bir fasl uni o‘zgacha ilhomlantirar edi. Uning iste’dodi o‘sha barcha davr yozuvchi va shoirlari uchun ibrat maktabi edi”, dedi shoir.

lib_9_06_2016_2

Filologiya fanlari nomzodi K.Bobojonova Pushkinning eshitganlarini o‘z fikrini qo‘shib, falsafiy qarashlari bilan boyitib so‘zlab berish kabi betakror mahoratini alohida e’tirof etdi. 50-maktab rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi F.Xudoyorova Pushkinning boshqa shoir va yozuvchilar bilan adabiy aloqalari va do‘stona munosabatlari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek u, shoirning bolalik, o‘quvchilik, o‘smirlik va yoshlik yillari, talabalik va surgun davrlari haqidahikoya qilib berdi. O‘quvchilar va talabalar esa A.S.Pushkin qalamiga mansub she’rlar va asarlaridan parchalar o‘qib berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

lib_9_06_2016_3

Onlayn-muloqot davomida mehmonlar Respublikamizning olis hududlaridagi tadbir ishtirokchilaridan kelib tushgan savollarga javob berdilar. Tadbir doirasida A.S.Pushkin ijodiga mansub, uning ko‘p jildli asarlari to‘plami, poemalari, hikoyalari, balladalari, xatlari, sharhrlari, iboralari, hikmatli so‘zlari, shuningdek, o‘zi chizgan rasmlarni o‘z ichiga olgan kitoblari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar shoirning hayoti va ijodi haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar, tadbir to‘g‘risida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar va tashkilotchilarga qiziqarli muloqot uchun minnatdorchilik bildirdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq