Ta’lim jarayonida AKT: afzalligi va salbiy ta’siri
27.05.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan 2016-yil mamlakatimizda “Sog‘lom ona va bola” yili deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturida qator dolzarb vazifalar belgilangan bo‘lib, ularni amalga oshirishda ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish hamda AKTning joriy etilishi muhim ahamiyatga molikdir. Sahifamizda qator umumta’lim maktablari va kasb-hunar kolleji o‘qituvchilari tomonidan ta’lim jarayoniga AKTning joriy etilishi, taqdim etayotgan imkoniyatlar va ularning ijobiy hamda salbiy ta’sirlari haqida fikr yuritiladi. 

Fotima Samiqova, Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi 265-umumta’lim maktabi  boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi

Fotima Samiqova — umumta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf­lar o‘qi­tuvchisi sifatida katta tajribaga ega, il­g‘or innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib, amalga oshiradigan faoliyatida ko‘plab shogirdlar tayyorlagan ustoz. OAV sahifalarida mazkur sohaga oid ko‘plab maqolalar muallifi.

Kun sayin hayotimizning har bir sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) joriy etilib, kasbiy faoliyatimiz samaradorligini oshirmoqda. Bugungi kundalik hayotimizni nafaqat televizor, radio, balki mobil telefonlari, kompyuter, planshet kabi zamonaviy qurilmalarsiz o‘tkaza olmay qoldik, ulardan foydalanib, turmushimiz mazmunini boyitamiz, ish va ta’lim olishdagi vazifalarimizni yengillashtiramiz. Hozirgi davrda barcha boshqa sohalar qatorida ta’lim tizimida ham turli fanlarni o‘qitishda AKT imkoniyatlarini joriy etish dolzarb masala hisoblanadi. AKT nafaqat o‘quvchilarda bilim va malakalarini shakllantirishga, balki ularning shaxsiy xususiyatlarini rivojlantirish, bilishga oid qiziqishlarini oshirishga ham xizmat qiladi. Keyingi davrlarda ko‘plab psixologik va ilg‘or pedagogik sohalarda chop etilayotgan maqolalarda, AKT o‘quvchilarning bilimi, ijodiy tafakkurini rivojlantirishi haqidagi fikrlar ta’kidlanayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. AKT imkoniyatlaridan foydalanish ta’lim jara­yonida beriladigan axborotlar doirasini boyitish va o‘quvchilar tomonidan qiziqish bilan o‘zlashtirilishiga yordam beradi. Ta’lim jarayoniga AKTning joriy etilishi bilan zamonaviy axborot muhitiga xos bo‘lgan ta’limga yangicha yondashuv shakllana boshladi.

Ma’lumki, boshlang‘ich ta’lim — inson hayotida egallaydigan bilimlar olamining poydevori bo‘lib hisoblanadi, kelajakda o‘zlashtirib boradigan fanlarga, umuman o‘qishga qiziqishi aynan bolaning ilk o‘qituvchisi, boshlang‘ich sinflarda egallagan savodxonligiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli ham boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Ilgari boshlang‘ich sinflarda o‘quvchi asosan o‘qish, yozish, dastlabki matematik bi­limlarni o‘zlashtirishi kerak deb qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘quvchini fikrlashga, faollikka, mustaqillikni rivojlantirishga va bilimlarni mantiqiy jihatdan mukammal egallashga undovchi ta’lim jarayonining muhim bosqichi sifatida yondashilmoqda. Shu sababli ham ta’lim jarayonining qiziqarliligi va samarasini yanada oshirish zarurati yuzaga keladi va bunda mazkur jarayonga AKTni joriy etish katta ahamiyat kasb etadi.

Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisining faoliyati eng avvalo, jajji o‘quvchi-bolajonlarni ta’lim muhitiga moslashtirish bo‘lib hisoblanadi. Ularda o‘qish jarayoniga qiziqish hamda zamonaviy o‘quvchilarga zarur bo‘lgan xususiyatlarni shakllantirish, ta’lim jarayonining o‘ziga xos jihatlari bilan tanishtirish birinchi o‘qituvchining vazifasi bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi davr boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi o‘quvchi-bolalarni zamonaviy axborot jamiyati sharoitlarida o‘qitish, ta’lim va tarbiya berish, ularga dastlabki bilimlarni zamon ruhiga muvofiq ravishda, yetkazib bera bilishi zarur. O‘qitishning asosiy maqsadi — o‘quvchi bolalarning bilimlarni o‘zlashtirish hamda ta’lim jarayonida olgan axborotlardan amaliy foydalanish jarayonlarini ham anglab borishga o‘rgatishdan iborat.

Ma’lumki, bugungi kunda deyarli ko‘pchilik zamonaviy o‘quvchi-bolalar umumta’lim maktab­lari ostonasiga qadam qo‘ygunga qadar, oilada axborot-kommunikatsiya texnologiya­lari vositalari bilan tanish bo‘lgan, hatto ulardan foydalana biladigan holda kelmoqdalar. Ular haqiqatdan ham axborot asrida tug‘ilib, hali atrof-olamni anglamay turib, zamonaviy aloqa qurilmalari, kompyuter va boshqa gadjetlarni ko‘rib, ularning funksiyalari bilan tanish bo‘lgan holda ulg‘aymoqdalar. Bunday vaziyatda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining eng muhim ahamiyatga molik vazifalari — bu o‘quvchilarga mazkur qurilmalar, ulardan foydalanish me’yorlari haqida ilk tushunchalarni berishdan iborat. O‘quvchilarda axborotlar olamidan o‘zlariga taalluqli axborotlarni to‘g‘ri tanlay bilish dastlabki salohiyatini shakllantirishda birinchi o‘qituvchining o‘rni muhim ahamiyatga molik. Bunda nafaqat o‘qish, ta’lim va tarbiya jarayonida tushuntirish ishlari, balki boshlang‘ich ta’lim muassasasining AKTdan foydalanish darajasi, o‘quv dasturidagi boshqa asosiy fanlarni o‘qitish jarayoniga ham AKTni joriy etib borish katta ahamiyat kasb etadi.

Boshlang‘ich ta’lim jarayoni o‘qituvchilari zamon talabiga mos dars o‘tishlari uchun AKT sohasida salohiyatga ega bo‘lishlari zarur. Bu hozirgi davrda uzluksiz ta’lim tizimining dolzarb vazifalaridan biridir. Umumiy ma’noda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi salohiyati tushunchasida insonning AKT savodxonligi, ya’ni kundalik hayotida ham, kasbiy faoliyatida ham undan to‘g‘ri foydalana olish qobiliyati nazarda tutiladi.

Pedagogning AKT sohasidagi bilimlari salohiyati ularning ushbu sohada malaka oshirish­lari orqali amalga oshiriladi. Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari muntazam ravishda, AKT bo‘yicha malaka oshirishlari, shuningdek, zamonaviy ta’lim tizimi talablariga muvofiq bo‘lish uchun mustaqil ta’lim orqali ham o‘z bilimlarini oshirishlari zarur. Bundan tashqari, o‘qituvchilar Internet vositasida turli ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar materiallari­dan foydalanishlari, hamkorlar bilan tajriba almashish maqsadida hozirgi davrda kengayib borayotgan o‘qituvchilar forumlaridan foydalanishlari ham foydadan holi bo‘lmaydi.

Shunday qilib, AKTni joriy etish va Internet tarmog‘idan foydalanish o‘qituvchi kasbiy mutaxassislik sohasida quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

  • o‘quvchilarning darsga qiziqishlarini oshirishga xizmat qiladi;
  • o‘qituvchining o‘z kasbiga ijodiy yondashuvi uchun ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi;
  • o‘qituvchining mustaqil ta’lim olishi, masofaviy malaka oshirishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi.

Shaxnoza Qayumova, Samarqand viloyati, Norpay tumani 57-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi 

Shaxnoza Qayumova — sifatida o‘z kasbiy-mutaxassislik faoliyatiga ijodiy yondashish, har bir o‘quvchining induvi­dual xususiyatlarini hisobga olib, ta’lim-tarbiya berish g‘oyasini  ilgari suradi. AKT hamda Internet tarmog‘i imko­niyat­laridan keng foydalanib, dars o‘tish­ga intiluvchi iqtidorli o‘qituvchilardan.

Hech kimga sir emaski, bugungi kunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham AKT vositalari­dan bemalol foydalana oladilar va kompyuterga oid savodxonlik doirasida bilimga ega bo‘lishlari ham mumkin. 1–2 sinf o‘quvchilari ham hatto telefon, planshet kabi ko‘plab zamonaviy vositalardan foydalanish, tovushli va video axborotlarni qabul qilish va uzatish, kompyuter ekranidagi imkoniyatlar bilan ishlash, fayllar tizimi, interaktiv majmualar bilan tanishishni o‘zlashtirib olgan bo‘lishlari ham ehtimoldan holi emas.

Shunday ekan, bunday zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan o‘quvchilarga dars o‘tuvchi o‘qituvchidan ham AKT vositalaridan keng foydalanish, dars jarayoniga tatbiq etish uchun turli loyiha va taqdimotlar tayyorlash hamda o‘quvchilar uchun darsni interaktiv va innova­tsion texnologiyalar asosida yanada qiziqarli qilib, taqdim etish talab etiladi. O‘quvchi atrof-olamga oid bilimlar bilan bir qatorda, AKTga oid bilimlarning asosini ham aynan o‘qituvchidan olgani ma’qul deb hisoblayman. Shu bois, bugungi kunda o‘qituvchining AKTga oid va innova­tsion texnologik malakalari darajasini muntazam oshirib borish zarurati yuzaga keladi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etishdan maqsad ham aynan o‘quvchilarni zamonaviy axborotlar, texnika vositalari bilan tanishtirish, bu sohada savodxonlik darajalarini oshirish, eng asosiysi, mazkur axborotlardan to‘g‘ri foydalanish malakalarini oshirishdan iboratdir. Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi sifatida shuni ta’kidlamoqchi edimki, boshlang‘ich ta’lim o‘quvchi hayotida har bir o‘zlashtirib boradigan bilim va malakalarining poydevori bo‘lib hisoblanadi, shu sababli ham o‘qitish sifati boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.

Ta’lim jarayoniga AKTning joriy etilishi o‘qituvchiga kasbiy-mutaxassislik faoliyatida rivojlanib, katta bilim va tajribaga ega bo‘lib borishida muhim ahamiyatga ega.

Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisini boshqa fanlar o‘qituvchilariga nisbatan ta’lim sohasi­ning eng universal mutaxassisi deyish mumkin. Uning asosiy vazifalari qatoriga o‘quvchi-bolalarga o‘qish, yozish, matematik tushunchalar asoslari va atrof-olam haqidagi dastlabki bilimlarni berish, shuningdek, ularda umumiy ta’limga oid dunyoqarash va kommunikativ salohiyatlarini shakllantirishdek hayotiy muhim masalalar ham kiradi. Fanlarga oid yangi bilimlarni egallab borishda ham kompyuter va raqamli texnologiyalardan foydalanish katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Raqamli ta’limiy resurslar yordamida o‘qituvchi o‘quv materia­lining ko‘rgazmaliligini, qiziqarliligi va samarasini oshirishi mumkin, ayniqsa, o‘quv materialining ko‘rgazmaliligidan foydalanish boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisiga juda qo‘l keladi.

Bundan tashqari, AKTdan foydalanish turli tadbirlar o‘tkazishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yaqinda ta’lim muassasamizda ham shunday tadbirlardan biri — «Sog‘lom ona va bola yili»ga bag‘ishlab, «Biz sog‘lom farzandlarmiz» nomli tadbir o‘tkazdik. Bayramona ruhda o‘tkazilgan tadbir mazmuni o‘quvchilarning turli fanlarga, shuningdek, AKTga oid bilimlari tanlovi bilan boyitilgandi. Unda o‘quvchilar zamonaviy AKT vositalarining yosh avlod ta’limi va tarbiyasiga ta’sir etuvchi foydali va zararli jihatlarini aks ettiruvchi chiqishlarni namoyish etdilar. Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan mazkur tadbirni tayyorlashda AKT vositalaridan foydalanish uning yanada qiziqarli o‘tishini ta’minladi.

Xulosa qilib aytganda, AKT imkoniyatlarining joriy etilishi evaziga zamonaviy ta’lim jarayonining samaradorligi va qiziqarliligi yanada oshadi. O‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyatini ta’kidlagan holda ulardan foydalanish me’yorlarini unutmasligimiz zarur.

Buviniso Abdukarimova, Toshkent pedagogika kolleji o‘qituvchisi

Buviniso Abdukarimova — ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan o‘qituvchi. Biologiya fani o‘qituvchisi sifatida katta salohiyatga ega. Fanni o‘qitishda zamonaviy interaktiv va innovatsion texnologiyalardan foydalanib, alohida yondashuvi sababli ko‘plab shogirdlar yetishtirgan mahoratli ustoz. 

Zamonaviy o‘qituvchi va uning dars o‘tish usuli bundan hatto 10–15 yil avval faoliyat yuritgan o‘qituvchilar va ularning dars o‘tish usullaridan katta farq qilishi shart. Bugungi kun o‘qituvchisi kompyuter va AKT hamda Internet tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalana bilishi zarur. Ta’limiy dasturlar, raqamli ta’limiy resurslar hamda axborot manbalaridan foydalanish, zarur axborotlarni topish va ta’lim masalalarini hal etishga muvofiqlarini tanlab ola bilish, axborot muhiti vositalaridan, shuningdek, skaner, raqamli fotosuratga olish qurilmasi va videokamera, raqamli mikroskop, proyeksion uskunalardan foydalanishni bilishlari shart deb hisoblayman.

Pedagogik faoliyatga o‘qituvchi kadrlarni tayyorlashda ta’lim jarayonini axborotlashtirish va axborot texnologiyalari tizimi haqida chuqur bilim berilishi zarur. Hozirgi davrda o‘qitish jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) taqdim etayotgan zamonaviy imkoniyatlardan foydalanish ta’lim jarayoni samarasini oshirishning muhim omili bo‘lib hisoblanadi. AKT ta’lim jarayonida o‘quvchilarga nafaqat bilim va mazkur sohada malakalarini shakllantirish, balki ularning dunyoqarashlarini kengaytirish, shaxsiy sifatlariga ta’sir etib, intellektual rivojlantirish, bilishga qiziqishlarini oshirishga ham xizmat qiladi.

Bu haqda ko‘plab olimlar tadqiqotlarida ta’kidlanganligi, OAV materiallari ham guvohlik beradi. AKT o‘quvchilarning ijodiy tafakkurlari rivojlanishiga ham kuchli ta’sir etadi. O‘quvchilarga bilim berish jarayonida axborotlarning obrazli ifodalanishi o‘quv materialini yanada boyitib, oson o‘zlashtirilishiga yordam beradi. Umuman olganda, ta’lim-tarbiya jarayoniga AKT joriy etilishi quyidagi afzalliklarga ega ekanligi haqida ko‘p ta’kidlanadi:

  • AKT vositalari o‘quvchilarni ta’lim jarayonida fanlarni o‘zlashtirishga alohida jalb etish va qiziqishlarini oshirishda muhim omillardandir;
  • o‘quvchilarni intellektual faoliyatga undaydi;
  • o‘quvchilarni fanlar bo‘yicha turli olimpiada, viktorina, tanlovlarga tayyorgarlik ko‘rishlarida ijobiy imkoniyatlarni taqdim etadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bo‘lajak o‘qituvchilar faoliyatida quyidagi tavsiyalar foydadan holi bo‘lmaydi deb o‘ylaymiz: zamonaviy o‘qituvchi o‘quvchilar bilan axborotlashgan ta’lim jarayonida o‘zaro hamkorlikda muloqot qilishi uchun ham axborot texnologiyalariga oid bilim va malakalarga ega bo‘lishi, ta’lim jarayonidagi turli vaziyatlarda o‘z bilim va malakasi bilan o‘quvchilarning talablariga javob berishi zarur; AKTdan foydalanib, yangi metodik masalalarni hal etishi, fanga oid bilimlarini chuqurlashtirishi, o‘z kasbiy mahorati darajasini oshirishi zarur;

AKTga oid savodxonlik o‘qituvchining o‘quvchilar, hamkasblar, ota-onalar oldida obro‘yini oshirish omillaridan biri ekanligini to‘g‘ri anglash zarur; kompyuter o‘qituvchiga o‘quvchilar o‘zlashtirishini kuzatish uchun monitoring bazasini tashkil etish, o‘quvchilar erishayotgan natijalarini samarali kuzatish vositasi sifatida foydalanishni bilish; o‘qituvchilik kasbiy-mutaxas­sislik faoliyatiga ijodiy yondashishga rag‘batlantiruvchi vosita sifatida foydalana bilish zarur.

Ota-onalar ham AKT vositalaridan foydalanayotgan farzandlari tarbiyasida quyidagilarga e’tiborli bo‘lislari zarur degan fikrdamiz: farzandingiz zamon bilan hamnafas ulg‘ayib borishida kompyuter va boshqa zamonaviy qurilmalardan foydalanishlariga to‘sqinlik qilmang, biroq ulardan to‘g‘ri foydalanishlarini doimiy nazorat qilib boring. Farzandlaringiz o‘zligini anglab borishida hamda shaxs sifatida rivojlanishlarida mazkur qurilmalarning ijobiy ta’sirini ham ta’kidlash zarur; kompyuter farzandlaringizning mustaqil ta’lim olishida qulay imkoniyat yaratuv­chi yanada qiziqarli omil bo‘lishiga e’tibor bering; kompyuter, planshet kabi qurilmalardan to‘g‘ri foydalanish ma’lum ma’noda farzandlaringiz bilan munosabatingizga ijobiy ta’sir etadi.

Eng asosiysi, voyaga yetmagan har qanday yoshdagi farzandlaringizning nafaqat AKT va Internet imkoniyatlaridan foydalanishlari, balki boshqa sohalardagi kundalik hayot-faoliyatlarini nazorat qilish hamda doimo xabardor bo‘lish zarurligini unutmang.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq