Raqobat muhitini aloqa xizmatlari bozorida yaratish – rivojlanishning asosiy omillaridan biridir
27.05.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Milliy iqtisodiyotni modernizatsiya etish sharoitida aloqa xizmatlari raqobatbardoshligini oshirish soha oldida turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu jarayon negizini sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish, aloqa sohasi xodimlarining moddiy manfaatdorligi va mehnat unumdorligini oshirish, respublika aholisiga zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan aloqa xizmatlarining yangi turlarini taqdim etish kabi vazifalarni tashkil etadi. Respublikada xizmat ko‘rsatish salohiyati va raqobatbardoshligini oshirish jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida o‘ta dolzarb masalaga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov «…ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik yangilash va diversifikatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish — O‘zbekiston uchun inqirozni bartaraf etish va jahon bozorida yangi marralarga chiqishning ishonchli yo‘lidir» (Islom Karimov. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari. — T., O‘zbekiston, 2009. — 14 b.) — deb, respublikamizda bugungi kunda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalar, jahon moliyaviy inqirozi, uning ta’siri va salbiy oqibatlari, yuzaga kelayotgan vaziyatdan chiqish yo‘llari haqida to‘xtalib, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini samarali faoliyat yuritilishi zarurligini ta’kidladi. Aloqa sohasini rivojlantirish hamda samaradorligini oshirishdan asosiy maqsad — fan-texnika yutuqlarini qo‘llash orqali turli ko‘rinishdagi axborotlarni uzatish bo‘yicha iste’molchilar ehtiyojlarini to‘la va yuqori sifatda qondirish hamda soha xususiyatlariga mos ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan turli xizmatlarni o‘z vaqtida ko‘rsatishdan iboratdir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda aloqa obyektlarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlovchi asosiy vazifalar: sohada marketing va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida xizmat ko‘rsatish, xizmatlar diversifikatsiyasini kuchaytirish hamda qo‘shimcha xizmat turlarini joriy etish, raqobat muhitini shakllantirish hamda sohada tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratish bo‘lib hisoblanadi.
Mamlakat aloqa va axborotlashtirish sohasida iqtisodiy islohotlarning chuqurlashuvi bozor tamoyillarini joriy etish, aloqa xizmatlari ko‘rsatish va sotish jarayonlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlashni taqozo etmoqda. Endilikda asosiy vazifa tarmoqda raqobat muhitini shakllantirish orqali xo‘jalik yurituvchi subyektlar raqobatbardoshligini oshirish, zamonaviy hamda yangi aloqa xizmatlari ko‘rsatishda talab va taklif muvozanatiga erishish, uni ichki va tashqi bozorda sotishning samarali mexanizmlarini keng joriy qilish bozor munosabatlarini rivojlantirish jarayonidagi ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida raqobat muhitining shakllanishi va rivojlanishida davlatning vazifalari huquqiy-me’yoriy hujjatlarni qabul qilish, tashkiliy-iqtisodiy, ijtimoiy-ekologik va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirib borish, korxonalarga aloqa va axborotlashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi infratuzilma subyektlarini rivojlantirishga xizmat qilishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov: «Iqtisodiyotni erkinlashtirish haqiqiy raqobat muhitini shakllantirish bilan uzviy bog‘liqdir. Raqobat bo‘lmasa, bozor iqtisodiyotini barpo etib bo‘lmaydi. Raqobat — bozorning asosiy sharti, aytish mumkinki, uning qonunidir», deb ta’kidlagan edilar. Aloqa xizmatlari bozoridagi raqobat muhiti haqida gap ketganda, avvalombor, raqobat muhitiga ta’sir etuvchi omillarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu omillar 1.1-rasmdagi jadvalda keltirilgan.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish bosqichida aloqa xizmatlarini sifatli va muqobil narxlarda sotish va shu asosda xizmatlar bozorida kuchli raqobatni shakllantirish, zamonaviy xizmat turlarini joriy etish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan har bir kompaniya va tashkilot aloqa xizmatlari ko‘rsatish jarayonida asosiy e’tiborni xizmatlar marketingini rivojlantirishga qaratmoqda va ushbu yo‘nalishda turli darajadagi marketing tadqiqotlari, ijtimoiy so‘rovlar, imtiyozli tariflar asosida xizmat ko‘rsatish kabi tadbirlardan keng foydalanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xizmatlar raqobatbardoshligini oshirishga olib kelmoqda va pirovard natijada, aloqa xizmatlari bozorida kuchli raqobat muhiti shakllanmoqdaki, bu jarayon boshqaruv samaradorligini oshirishni talab etadi.
Mamlakatimizda yangilanish davri talablaridan kelib chiqib, Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi: «Bizning bosh maqsadimiz — jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir» nomli ma’ruzasida telekommunikatsiya bozorini kelgusida rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladilar: «Teleradio industriya bozorini rivojlantirish, bu sohada g‘oyalar va dasturlarning ijodiy raqobat muhitini vujudga keltirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish kerak. Zamonaviy raqamli axborot texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirish zarur. O‘ylaymanki, hozirgi axborot, kommunikatsiya va kompyuter asrida, Internet kundan-kunga hayotimizning barcha jabhalariga tobora chuqur va keng kirib borayotgan bir paytda, odamlarning ongi va tafakkuri uchun kurash hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgan bir vaziyatda bu masalalarning jamiyatimiz uchun naqadar dolzarb va ustuvor bo‘lib borayotgani haqida gapirib o‘tirishga hojat yo‘q» (Islom Karimov. Bizning bosh maqsadimiz — jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir. — T.: «Xalq so‘zi», 2005-yil 29-yanvar). Albatta, XXI asr axborot texnologiyalari asri bo‘lib, aloqa sohasi jadallik bilan rivojlanib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi kundan-kunga takomillashib, kengayib bormoqda va bu aloqa hamda axborotlashtirish sohasi oldiga yechimini tezda topish lozim bo‘lgan hamda aloqa xizmatlari bozorida O‘zbekiston aloqa korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish vazifalarini qo‘ymoqda. Aloqa korxonalarining raqobatbardoshligini oshirishda eng asosiy e’tiborni xizmatlar sifatiga qaratish maqsadga muvofiq hisoblanadi, chunki bozor iqtisodiyoti sharoitida sifatli mahsulotgina kuchli raqobat pozitsiyasiga ega bo‘lib, korxonaning raqobatbardoshligini ta’minlaydi. Aloqa xizmatlari sifatini yaxshilash muammosining kompleksligi va tizimiyligi, avvalo, uning darajasiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlashni talab etadi. Umumiy holatda ushbu omillar ikki guruhga birlashtirilishi mumkin, ular o‘z tarkibiga muayyan yo‘nalishlarni olib, bu yo‘nalishlarni amalga oshirilishi aloqa xizmati iste’mol sifatlarining belgilangan me’yor va parametrlari bajarilishini hamda yetishimlik darajasini ta’minlaydi. Ushbu omillarning eng muhimlari 1.2-rasmda keltirilgan. Ushbu omillarning har birini to‘g‘ri va sifatli bajarilishi katta ahamiyatga egadir, chunki ularning majmuasi ko‘rsatayotgan xizmat sifatiga ta’sir qiladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy strategiyasi yetakchi tarmoqlarni modernizatsiyalash va texnikaviy qayta qurollantirish va innovatsion jarayonlarni rivojlantirish asosida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Bugun dunyoda kechayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz ko‘plab taraqqiy etgan davlatlar iqtisodiyotini ham tang ahvolga solib qo‘ydi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda mamlakatimiz iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari barqaror saqlanib kelayotgani, qator tarmoqlarda yuqori natijalar qo‘lga kiritilayotgani e’tiborga loyiq.
Xorijiy kompaniyalarning boy tajribasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va hisoblash texnikasi sohasidagi eng yangi ishlanmalarga va ularning amaliyotda qo‘llanilishiga, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda samarali innovatsiya faoliyatini kengaytirishga alohida e’tibor berish va mazkur sohada ilmiy-tadqiqotlarni chuqurlashtirishning muhimligini ko‘rsatmoqda. Bu vazifalarni hal etish an’anaviy yondashuvlardan muhim ravishda farqlanib, innovatsion jarayonlar asosida aloqa va axborotlashtirish tizimida xalqaro ahamiyatga ega yangi aloqa liniyalarini qurish, qo‘shni davlatlar operatorlariga Internet va telekommunikatsiya transport kanallarini ijaraga berish orqali tarmoqning eksport salohiyatini yanada oshirish, xalqaro so‘zlashuvlar trafigining keskin ortib borayotganligini inobatga olib, bu imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish yo‘llarini aniqlashning ahamiyatliligini taqozo etadi. Shu munosabat bilan tarmoqda innovatsiya faoliyatini rivojlantirish, uning samaradorligini baholashning xalqaro standartlar darajasidagi uslublarini ishlab chiqish, ushbu faoliyatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish, yangiliklar yaratish uchun biznes muhitni va infratuzilmalarni shakllantirish zaruriyati, fan va texnikada erishilgan eng so‘nggi innovatsiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish orqali raqobat muhitini rivojlantirishga va boshqaruv samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Shu bois, asosiy e’tiborni iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot omili sifatida innovatsion faoliyatga, uning turli bosqichlardagi rivojlanish darajasiga, axborot-kommunikatsiya tizimini boshqarish jarayonidagi o‘zgarishlarga va ularning samaradorligiga qaratish lozim.
XXI asrning boshlariga kelib, global axborotlashgan jamiyatga o‘tish jarayoni tezlashdi. Zamanoviy telekommunikatsion kanallar orqali axborot bilan tezkor almashinish imkoniyati davlatlararo, korxonalararo va kishilar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirdi, masofa sezilarli rol o‘ynamay qo‘ydi, axborot bozori rivojlanishi va harakatlanishi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hozirda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi omil bo‘lmoqda. Milliy axborot-resurslari iqtisodiyot va jamiyat rivojlanishining eng muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylanmoqda, ular yil sayin tobora ko‘proq darajada mamlakatlarning global darajadagi raqobatbardoshligini belgilab bermoqda.
O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasini jadallik bilan rivojlantirishga umummilliy davlat dasturlari asosida yondashilmoqda. Telekommunikatsiya infratuzilmalarini takomillashtirish, milliy Internet segmenti hamda ma’lumotni uzatish tarmog‘ini rivojlantirish, dasturiy mahsulotlar industriyasini yaratish, axborot-resurslarini shakllantirish, kadrlarni tayyorlash, mutaxassislar malakasini doimiy ravishda, oshirib borish va AKT sohasida raqobat muhitini qaror toptirish kabi masalalar soha texnik va texnologik darajasini ko‘tarib, zamonaviy iste’molchi manfaatlari va ehtiyojlarini to‘la hisobga olishga sharoit yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, taqdim etilayotgan an’anaviy xizmatlarni yanada rivojlantirish, shuningdek, yangi turdagi zamonaviy xizmat turlarini joriy etish va mobil aloqa, ma’lumotni Internet tarmog‘i va elektron tizim orqali uzatish, IP-telefoniya singari xizmatlarni joriy etish, ularni sifat ko‘rsatkichlarini ko‘tarishga olib keladi. Soha taraqqiyotini belgilashda va aloqa xizmatlari raqobatbardoshligini belgilashda quyidagi masalalar yechimi alohida ahamiyat kasb etadi:
- soha korxonalari moddiy-texnika bazasini ko‘tarish, yangi zamonaviy texnik asboblar bilan jihozlash, axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanishni kengaytirish va ularga alohida e’tibor qaratish;
- globallashuv sharoitida aloqa va axborotlashtirish sohasida innovatsion rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash va ularni amalga oshirishda chet el sarmoyalaridan samarali foydalanish;
- soha rivojlanishida respublika iqtisodiy-siyosiy islohotlaridan kelib chiqib, me’yoriy-huquqiy bazani rivojlantirish va huquqiy asoslarni kengaytirish;
Ma’lumki, respublikamizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi innovatsion texnologiyalarni qo‘llash va erkin raqobat asosida rivojlanadigan iqtisodiyotni shakllantirishdan iboratdir. Bugungi kunda aloqa xizmatlari bozorida raqobat muhitini shakllantirish asnosida yangi mahsulot va xizmatlar turini ko‘paytirishga, barcha qatlamlarda soliqqa tortish bazasini kengaytirishga, yangi ishchi o‘rinlarini yaratishga hamda ichki bozorni turli yangi tovar va xizmatlar bilan to‘ldirishga imkon beradi.
Muallif: Firdavs Aliyev, “TELECOM INNOVATIONS” O‘zbekiston-Singapur-Xitoy Qo‘shma korxonasi direktori