Muzey veb-saytlari – tasavvurlarni boyitish vositasi
27.05.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Mohira Abdullayeva.
Ma’lumki, «Aloqa tarixi muzeyi» 2009-yil 24-oktabrdan o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan bo‘lsa, uning www.aloqamuzeyi.uz veb-sayti 2010-yil 28-iyuldan rasmiy faoliyatini boshlagan.
Muzey veb-saytlari uchun ruknlarga qo‘yiladigan talablar doirasida, mazkur www.aloqamuzeyi.uz veb-saytida:
- «Onlayn buyurtma»,
- «Virtual tur»,
- «Qabul qilingan buyurtmalar»,
- «Bog‘lanish»,
- «Onlayn viktorina»,
- «E’lonlar»,
- «Sayt bo‘ylab qidiruv»,
- «Tuzilishi va rahbariyat»,
- «Galereya»,
- «Yangiliklar»,
- «Aloqa tarixi» ruknlari mavjud.
Bundan tashqari, imkoniyati cheklanganlar uchun, ko‘rish qobiliyatida nuqsoni borlarga yengillik sifatida «Ko‘zi ojizlar uchun» qismi hamda mobil qurilmalardan foydalanuvchilar uchun mobil versiyalari faoliyat yuritib kelmoqda.
Har bir veb-saytning Interaktiv xizmatlari tashrifchilarga qator qulayliklar yaratib kelmoqda. Bunday xizmatlar sirasiga «Qayta aloqa» xizmatidan tashqari, muzeylardagi interaktiv xizmatlar sifatida bir qator xizmatlar joylashtirilgan, jumladan, «Aloqa tarixi muzeyi» veb-sayti orqali istalgan guruh bilan keluvchi tashrifchi interaktiv xizmatdan foydalangan holda, onlayn buyurtma berish imkoniyatiga ega. Mazkur xizmat 2014-yil aprel oyidan amal qilib kelmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston muzeylari saytlari orasida ilk marotaba 2014-yil iyul oyidan boshlab, Onlayn viktorina ta’limiy, interaktiv tizimi tashrifchilar e’tiboriga havola etib kelinmoqda. Mazkur dastur muzey pedagogikasining elementlaridan biri hisoblanib, «Muzey interaktiv ish varag‘i» deb nomlangan. Dastur mualliflari: Z. Xodjimuratova, M. Abdullayeva, Yu. Jo‘rayeva, Z. Abdusamatovalardir.
2015-yil 12-mayda Intellektual mulk agentligi tomonidan DGU 03185 raqami bilan ro‘yxatga olingan. Interaktiv ish varag‘i orqali istalgan veb-sayt tashrifchisi o‘zining sohaga oid, muzey bo‘ylab olgan ma’lumotlarining egallangan darajasini baholab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur xizmatdan foydalanuvchi o‘zining yoshi tasnifidan kelib chiqqan holda vazifalarni yechishi mumkin.
Hozirgi kun muzeylarining zamonaviy veb-saytlarini virtual turlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Muzey saytida 2012-yildan boshlab 3Dda tayyorlangan virtual tur tashrifchilar e’tiboriga havola etib kelinmoqda. Unda muzey ko‘rgazmasining xaritasiga muvofiq virtual turlar joylashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida, masofadan turib, muzey zallari, ekspozitsiyalari va eksponatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi. Ularni Internetdan kuzatgan insonda bu uskunalarni bir bor bo‘lsa ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ushlab his qilish istagini uyg‘otib, o‘z o‘rnida, muzeyga tashrif buyurishga undaydi.
Bu yil «Aloqa tarixi muzeyi» O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan muzeylar o‘rtasida an’anaviy tarzda har yili o‘tkazib kelinayotgan «Muzey — xalq tarixining ko‘zgusi» respublika tanlovida «Yilning eng yaxshi veb-sayti» nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga muyassar bo‘ldi.
Muzey veb-sayti taqdim etadigan, yuqorida sanab o‘tilgan imkoniyatlar mazkur tanlovda g‘oliblikka erishishda asosiy omillardan bo‘lib xizmat qildi. Bu esa o‘z navbatida, muzey veb-saytini yana yangi imkoniyatlar bilan boyitib, takomillashtirish borasida izlanishlarga undaydi.
Muallif: Mohira Abdullayeva, “Aloqa tarixi muzeyi” yetakchi mutaxassisi