Gadjetlarning bolalar ruhiyatiga ta’siri
26.05.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Shohista Samarova.

gadj_26_05_2016

Zamonaviy insonning kundalik hayotida foydalanadigan muhim qurilma va vositalar qatoridan planshet, mobil telefoni va kompyuterlar ham allaqajon mustahkam o‘rin egallashga ulgurgan. Ota-onalariga taqlid qilib o‘sib-ulg‘ayadigan bolakaylar mazkur gadjetlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar.

Ularda: ota-onasi yoki boshqa yaqinlari qo‘ldan qo‘ymay foydalanaptimi, demak, ular zarur buyum ekan degan fikr shakllanmoqda. Ota-onalar tomonidan jajji farzandlarining hayotiga, keyingi davrlarda jadjetlar deb ataladigan qurilmalarning joriy etilib borilishi esa go‘dak qiziqishini yanada orttiradi. Masalan, ayrimlar bola injiqlik qilavermasligi uchun uni ovutish uchun mazkur qurilmalardan birini qo‘liga tutqazsalar, boshqalar uning zarari haqida uqtirib, bolaning yaqinlashishini taqiqlaydilar, bu esa bolada yanada katta qiziqish uyg‘onishiga sabab bo‘ladi.

Zamonaviy bolalar ayni axborot texnologiyalari taraqqiyoti davrida tu­g‘ilib, voyaga yetmoqdalar. Bolalarda maktabgacha tarbiya yoshidagi davri­dayoq zamonaviy gadjetlardan foydalanish malakasi shakllanib borayotgani ham hech kimga sir emas. Bolalarning ota-onalar nazoratisiz mazkur qurilmalardan foydalanishi yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Bundan tashqari, ba’zan hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchisiga ham kompyuter savodxonligi zarurati yuzaga keladi. Shu sababdan ham ota-onalar tomonidan ba’zi holatlarda farzandlarining elektron qurilmalardan foydalanishiga ruxsat etishlariga to‘g‘ri keladi. Mazkur gadjetlar bola ruhiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Ularning rivojlanishi, olamni anglashidagi ta’sirini o‘rganayotgan psixologlar: gadjetlar bola rivojiga qanchalik ijobiy ta’sir etsa, undan ham ortiqroq salbiy ta’sir etishini ta’kidlamoqdalar.

Gadjet (inglizcha gadget — ixcham buyum, moslama, qurilma, ermak buyum ma’nolarini anglatadi) — inson hayotini yengillashtirish hamda takomillashtirishga yordam berish uchun mo‘ljallab ishlab chiqarilgan qurilma bo‘lib, turli sohalarda keng qo‘llaniladi, jumladan: sportda — fitnes-trekerlar, smart-bilakuzuklar, sport devayslari, shuningdek, «aqlli» kiyimlar va boshqalar. Tibbiyotda: elektron plastirlar, trikoderlar, gidrokopterlar, ekzoskeletlar va boshqalar. Kundalik hayotda: smartfonlar, planshetlar, musiqiy pleyerlar, o‘yin pristavkalari, virtual muhit hissini to‘ldi­ruvchi qo‘shimcha ko‘zoynaklar va bosh­qalardan iborat. Bugungi kunda mazkur atamadan ham, mazkur tushuncha bilan ataladigan qurilmalardan ham hayotimizda keng foydalanmoqdamiz.

Biroq har qanday narsada me’yor bo‘li­shi kerak bo‘lganidek, mazkur gadjetlardan me’yoridan ortiq foydalanish ham albatta, zararli ta’sir ko‘rsatishi aniq. Ayrim ota-onalar farzandlari zamon bilan hamnafas bo‘lib o‘sishi uchun jajji go‘dak qo‘liga gadjetlarni beradilar. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bola ularni mustaqil qo‘lga olib, virtual o‘yinlari funksiyasiga kirib, bema­lol foydalana olishini ham, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari esa Internetni o‘zlashtira boshlayotganlarining ham guvohi bo‘lmoq­damiz. Bu albatta, nafaqat ota-onalar, balki o‘qituvchilar, tarbiya sohasi xodimlari, pe­dagog va psixologlarni xavotirga solmoqda.

gadj_26_05_2016_1

Ma’lumki, bolalar dunyoni o‘yinlar orqali anglab boradi, bu ayniqsa, harakatli o‘yinlar nuqtai nazaridan ahamiyatga molik xusu­siyatdir. Hozirgi virtual o‘yinlar (nafaqat o‘yinlar, balki Internet taqdim etayotgan axborotlardan xabardor bo‘lishga qiziqish) — bu zavq bag‘ishlab, yolg‘on dunyoga tortuvchi salbiy ta’sirli mashqlardir. Mazkur mashqlarga berilib ketish, ayniqsa, tungi uyqu oldidan yoki sog‘lom uyquning zara­riga, ular bilan shug‘ullanish juda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalar gadjetlardan faqat 10 daqiqa foydalanishining o‘ziyoq xavotirli ta’sir etishi mumkin, bola o‘rganib qolib, qayta-qayta mazkur gadjetni talab etishiga shu vaqtning o‘zi yetarli bo‘ladi. Kattalar go‘­daklarning kundalik tartiblariga e’tiborni kuchaytirib, ularning umuman mazkur gadjetlarda o‘yin o‘ynashlariga yo‘l qo‘ymas­liklari zarur. Ovqatlanish vaqtida, dars tay­yorlashda planshetdan foydalanishlarini taqiqlash shart. Gadjetlar ta’sirida bolada haqiqiy hayotdagi insonlararo munosabatlarni virtual olamdagilari bilan almashtirish xususiyati shakllanmay turib, ulardan foydalanishni cheklash zarur. Biroq bunda bir qator muammolar yuzaga kelishi mumkin. Masalan: bolalar bir-birlari bilan qurilmalari orqali muloqot qiladilar, maqtanadilar, o‘zaro munosabatlarini shu asosda qura boshlaydilar. Kattalarning qurilmalardan foydalanishga cheklovlari esa mazkur munosabatlar­ning buzilishiga olib keladi. Bu bolaga qattiq ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli ham gadjetlardan foydalanishga cheklov qo‘yish o‘rniga, ulardan foydala­nish vaqtini nazorat qilib, bolalar rivoji uchun faqat foydali bo‘lishi uchun qurilma­ning xotirasini ta’limiy o‘yinlar bilan to‘ldirish zarur. Shu maqsadda hozirgi davrda ko‘plab kompyuter o‘yin­lari yaratilmoqda. Ularda asosiy e’tibor bolajonlarga ijobiy axborot berish, sanashga, o‘qishga, rang aj­ratishga o‘rgatish maqsadi ko‘zda tutilgan.

Ayrim holatlarda, ota-onalar farzandlariga gadjet sovg‘a qilganlarida mazkur elekt­ron qurilma farzandlari bilan munosabatlariga to‘siq bo‘lishi mumkinligini xayol­lariga ham keltirmaydilar. Aslida, qo‘lidagi smartfon, noutbuk yoki planshetga far­zandlari qay darajada munosabatda bo‘la­yotgan­ligiga doimiy e’tiborni nazardan qo­chirmasliklari zarur. O‘quvchi bolalarning, ayniqsa, o‘smirlik yoshida gadjetlarga qaramlikdan asrash zarur. Agar 13–16 yoshli bola gadjetdan boshqa narsalarga qiziqishi bo‘l­masa, uni tortib olish yoki taqiqlash bilan farzandingiz uchun «dushman»ga aylani­shingiz ehtimoldan holi emas. Agar bolalar­ning gadjet bilan «yashay» boshlaganini sez­sangiz, uning salbiy ta’siri, ya’ni mushaklari­da, belida va ko‘zlarida, ayniqsa, haqiqiy hayotga qiziqishi yoqolishiga olib keladigan bola ongida salbiy oqibatlari namoyon bo‘lmasidan, uning oldini olganingiz ma’qul. Gadjetlar bola hayotida sevimli darsliklari kabi faqat zarur bo‘lgandagina foydalanila­digan buyumga aylansin va bolani harakatli o‘yinlar, sayr qilish, tengdoshlari bilan jonli muloqot, filmlar tomosha qilish kabi mash­g‘ulotlari o‘rnini, bolalik davrini to‘liq egal­lab olmasin. Haqiqiy hayotni hech qachon ikkinchi darajada o‘tkazib yubormasin. Ota-onalar mazkur muvozanat buzilmasligiga e’tiborli bo‘lishlari zarur. Gadjetlar bolalar rivojida shunchaki bir vosita kabi o‘rin tutsin. Gadjetlar bolaga quyidagi ijobiy:

  • bolaning smartfon yoki planshetdagi rasm chizish yoki ta’limiy o‘yinlari yoki multfilmlarni tomosha qilish va bosh­qalar bilan shug‘ullanishi;
  • gatjetdagi rasm chizish, til o‘rganish yoki ta’limiy o‘yinlar va boshqalardan iborat rivojlantiruvchi dasturlari yordamida yangi bilimlar o‘zlashtirib, anglab bo­rish jarayonlari, dunyoqarashining kengayishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, quyidagi salbiy:

  • rivojlantiruvchi dasturlar yordamida yangi bilimlar o‘zlashtirib, anglab bora­yotgan bola ongida ko‘proq virtual olam­ga qiziqish shakllanishi, bundan tashqari, idrok etish xususiyatlarining haqiqiy olamni faqat tasvirlar orqali qabul qi­lishi, ya’ni koptokning dumaloqligi hamda uychaning to‘rtburchakligini rasmlardan ko‘rib anglab borishi, mazkur predmetlarning haqiqiysini ko‘rib tanishish yoki ushlab ko‘rib, idrok etishdan uzoqligi, aslida esa, haqiqiy hayotda ko‘rib, anglangan narsalar xotirada samarali saqlanib qoladi;
  • bolaning jismoniy rivojlanishi va salomatligiga ta’siri, ma’lumki, kompyuter yoki telefon kabi gadjetlar ekraniga uzoq vaqt tikilib o‘tirish oqibatida gavda va ko‘ziga salbiy ta’sir etadi;
  • bola ijodiy tafakkuri rivojlanishining susayishi sababi haqiqiy hayotda bola harakatli o‘yinlar yoki qog‘oz, plastilindan biror narsa yasamoqchi bo‘lgani­dagi kabi faol bo‘lmaydi va bu mashg‘u­lotga ijodiy yondasha olmaydi;
  • virtual olamga qiziqishining kuchayishi, bolaning bu olamga butkul berilib ketishi, natijada qaramlik yuzaga kelishiga olib boradi;
  • eng yomon jihati bo‘lgan ruhiy zo‘ri­qishning kelib chiqishi kabi ta’sir ko‘r­satishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, gadjetlar bola­ning jamiyatda o‘z o‘rnini topib borishiga salbiy ta’sir etadi, atrofdagilar, tengdoshlari bilan munosabati yomonlashadi. Shuning uchun ham bolalik davrida farzandlar tarbiyasiga e’tibor qaratishda ularning mazkur qurilmalarga bog‘lanib, ularning «sehrli olami»ga aldanib qolmasliklarining oldini olishga intilishimiz zarur.

Muallif: Shohista Samarova, o‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti katta o‘qituvchisi, psixologiya fanlari nomzodi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq