Elektron tijoratni rivojlantirishning dolzarb masalalari
26.05.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Bekzod Artikov.

el_26_05_2016

Istiqlol yillarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda sun’iy to‘siqlarni oldini olish maqsadida samarali tadbirlar amalga oshirildi. Qayd etish lozimki, zamon talablariga mos ravishda kun sayin yangilanib borayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida savdo va xizmat ko‘rsatish turlarining keng joriy etilishi – qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish bilan birga, biznesni rivojlantirishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda davlat organlari va xo‘jalik subyektlari, shu­ningdek, aholining kundalik faoliya­tiga axborot-texnologiyalarining keng tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilib davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shubhasiz, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hamda ular orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarni samarali tatbiq etish ijtimoiy-iqtisodiy sohaning barcha jabhalarini, shu jumladan, biznesni rivojlantirishning asosiy omillaridan biridir. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalashuvi mamlakat biznesi tomonidan tegishli texnologiyalarni nafaqat tashqi, balki ichki bozorlarda ham joriy etilishini taqozo etadi.

Ta’kidlash joizki, elektron tijoratni rivoj­lantirish mamlakatimizda amalga oshiri­layotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohot­larning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Elektron to‘lovlar to‘g‘risida»gi, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonunlari mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni amalga oshirishning muhim asosi sifatida xizmat qilmoqda. Elektron tijorat sohasining bugungi rivojla­nish bosqichi Prezidentimiz Islom Karimov­ning tashabbusi bilan 2015-yilda «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tah­rirda qabul qilinishi bilan bevosita bog‘liqdir. Qonunning qabul qilinishi elektron tijoratning texnologik va telekommunikatsion rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, mahalliy xo‘jalik subyektlarining samarali faoliyati uchun qulay sharoit yara­tish borasidagi tizimli ishlarning takomil­lashuviga olib keldi.

el_26_05_2016_1

Qonun qabul qilinishi bilan elektron tijoratning kelgusidagi istiqboliga bog‘liq huquqiy asoslarni takomillashtirish borasida bir qator amaliy tadbirlar amalga oshi­rildi. Xususan, hukumat qaroriga asosan o‘rtacha muddatli istiqbolda elektron tijoratni rivojlantirish, raqobat muhitini ken­gaytirish, yangi infratuzilma o‘sishining va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish yo‘llari, shakllarini belgilashning, shuningdek, elekt­ron tijorat to‘g‘risidagi Qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘na­lishlarini belgilovchi «2016–2018 yillar dav­rida O‘zbekiston Respublikasida elektron ti­joratni rivojlantirish konsepsiyasi» qabul qilindi. Ushbu hujjatda mamlakatimizda elektron tijoratni yanada rivojlantirish maqsadida elektron tijorat infratuzilmasini, shu jumladan, telekommunikatsiyalar tarmog‘ini yanada rivojlantirish va moder­nizatsiyalash, tovar aylanmasini, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, iste’mol bozori talabiga muvofiq ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish, integ­ratsiya­lashtirilgan savdo va marketing plat­formalarini, internet-magazinlarni, yana­da takomillashtirilgan to‘lov tizimlarini, shuningdek, elektron tijoratda logistika tizimini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bar­taraf etish, xalqaro standartlarga yo‘nal­tirilgan holda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash kabi bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat siyosati darajasida olib borilgan tizimli va tadrijiy chora-tadbirlar natijasida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, jismoniy shaxslar va tijorat banklari o‘rtasida tezkor aloqa o‘rnatilib, masofaviy boshqaruv orqali bank hisob raqamlarini boshqarish, zamonaviy elektron ilovalar va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi yangi axborot texnologiyalari keng joriy qilingani, bu esa o‘z o‘rnida, telekommunikatsiya infratuzilmasining keskin rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining iqtisodiyot sohasiga keng joriy etilishi ishlab chiqaruvchi va iste’molchi o‘rtasida tovar va xizmat ko‘rsatishdagi aloqalarning yangi rivojla­nish bosqichini boshlab berdi. Ayni paytda O‘zbekistonda elektron tijoratni xo‘jalik texnologiya jarayonlariga faol joriy etish va undan samarali foydalanish, mijozlar­ning Internet global tarmog‘i va mobil aloqa vositalari orqali interaktiv xizmat ko‘rsa­tishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiy integratsiya­lashuv va globallashuv sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlar, xususan, kichik biznes vakillari va tadbirkorlarning o‘z faoliyatida elektron to‘lov va elektron tijoratni joriy etishi ularning raqobatbardoshligini oshi­rish bilan birga, milliy iqtisodiyotda yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishlari uchun xizmat qilmoqda.

«Elektron tijorat to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi Qonunning muhim xususiyatla­ridan biri elektron shartnomalarni ras­miylashtirish va ijro etish jarayonlarini yengillashtirishdan iborat. Shunga alohida e’tibor qaratish kerakki, elektron tijorat ti­zimida mablag‘lar tez aylanadi, moliyaviy operatsiyalar qisqa fursatda bajariladi. Bu korxona-tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlarining, umuman, mamlakat iqtisodi­yotining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, elektron ti­jorat rivojlanishi naqd pulsiz hisob-kitob­lar, to‘lov tizimining samaradorligini va o‘z vaqtida, amalga oshishini ta’minlaydi. Bundan o‘z navbatida, iqtisod etishidan tadbirkorlar va biznes vakillari katta naf ko‘radi.

el_26_05_2016_2

Qonunda elektron tijorat istiqboli bilan birga, axborot sohasi rivojlanishi masalasi ham e’tiborga olingan. Jumladan, unda telekommunikatsiya tizimi operatorlari, elekt­ron tanlov, auksion va yarmarkalar tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar­ning istiqboliga oid normalar o‘z aksini topdi. Elektron tijoratning texnologik asosini Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) tashkil etadi, biroq tahliliy ma’lu­motlar Internet orqali elektron tijorat tizi­midan foydalangan holda tovarlarni xarid qilish, xizmatlar ko‘rsatish darajasi, yaratilgan texnologik imkoniyatlar bilan undan tijorat ishlarida foydalanish o‘rtasida keskin tafovut borligidan darak bermoqda.

Shunday ekan, elektron tijorat bozorini rivojlantirish masalasi AKT imkoniyatlaridan samarali foydalanib, tegishli mexanizmlarni kengroq joriy qilishni, birinchi navbatda, elektron tijorat sohasining huquqiy asos­larini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Muxtasar qilib aytganda, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi Qonun bu yo‘lda milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish, uni jahon iqtisodiyoti hamjamiyatlari bilan integratsiya­lash, xalqaro tovar bozorlarida mavqeini mustahkamlash mamlakatimiz iqtisodiyotini, xususan, tijorat ishlarini AKT platformasida qurish va rivojlantirishda muhim hujjatlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muallif: Bekzod Artikov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq