Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishdagi muhim yo‘nalish
26.05.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Faxriddin Xolboyev.

Respublikamizning iqtisodiyot tarmoqlariga va hayotimiz­ning barcha sohalariga yuqori texnologiyalarni, jumladan, axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan interaktiv hamkorligini kengaytirishda bir yo‘nalish sanaladi.

Ayni vaqtda, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari bosqichma-bosqich jamiyat hayotining barcha jabhalariga jadal kirib bormoqda va mamlakatimiz taraqqiyotida yuz berayotgan tub islohotlarning amalga oshishida faol ishtirok etmoqda. Dastlab axborot va kommunikatsiya texnologiyalari jamiyat hayotiga sanoat, ishlab-chiqa­rish kabi sohalarda turli jarayonlarni boshqarish hamda nazorat qilish mexanizmi sifatida kirib kelgan bo‘lsa, endilikda yoshlarga zamonaviy ta’lim-tarbiya berish, innovatsion va nanotexnologiya­larga asoslangan ilmiy-tadqiqotlarni olib borish, axborot almashish va umuman jamiyat hayotida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish samaradorligini oshirish kabi turli sohalarda keng mi­qyos­da qo‘llanila boshlandi, ayniqsa, keyingi yillarda axborot va kom­munikatsiya texnologiyalaridan o‘ziga xos bir yo‘nalish sifatida dav­-lat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatida keng qo‘llanilishi ushbu sohaning jamiyat hayotidagi o‘rni va rolining yanada oshib bora­yotganligidan dalolat beradi.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanmoqda. 2014-yil 5-mayda O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonunning qabul qili­nishi hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan resurs sifatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan rasmiy veb-saytlarning tashkil etilishiga va bu sohada olib borilayotgan ishlarning yangi pog‘onaga ko‘tarilishiga olib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2012-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruzasida «Elektron hukumat» tizimini, shu jumladan, boshqaruv jarayonlari, shuningdek, biznes sohasiga va fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini shakllantirish konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirishga, Axborot tizimlarining idoralararo va idoraviy kompleks­larni integratsiya qiladigan milliy tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratish lozim» ligini ta’kidlagan edi.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1989 sonli Qarori ham axborot sohasini takomillashtirishda muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, 2013–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Qaror ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiya­lari va kom­munikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida yangi tuzilmalar — «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi va Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi tashkil etildi. Ushbu markaz­lar oldida turgan muhim vazifalardan biri mamlakatimiz axborot resurslari, tizim va tarmoqlarini jadal rivojlantirishdan iboratdir. Jumladan, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazining faoliyati mamlakatimizda davlatning aholi va tadbirkorlik subyekt­lari bilan elektron hamkorlik tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan. Davlat organlarida foydalaniladigan ma’lumotlar bazasi va axborot-resurslarini loyihalashtirish, ishlab chiqish va birlashtirish mexanizmini nazarda tutadigan ushbu tizimni shakllantirishga yagona texnologik yondashuvni ta’minlaydigan mazkur markaz bu boradagi jahon tendensiyalari hamda xorijiy mamlakatlar tajriba­sini tahlil va tadqiq etadi.

Bugungi kunda axborot va kommunikatsiya texnologiyalariga asos­langan «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish jarayonida tadbir­korlik subyektlari hamda aholiga vaqt va mablag‘ni tejagan holda sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xuddi shunday 2013–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlan­tirish dasturiga muvofiq tegishli me’yoriy-huquqiy baza takomillashti­rilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan o‘zaro hamkorligini elektron shaklda amalga oshirishga qaratilgan ishlarning yanada faollashuviga olib kelmoqda. «Elektron hukumat» tizimida yigirmadan zi­yod loyiha amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasining hukumat portali (www.gov.uz) shular jumlasidandir. Fuqarolar yoki tadbirkor­lik subyektlari, tashkilot va muassasalar vakillari ushbu portal orqali davlat hokimiyatining barcha elementlari bo‘yicha to‘liq axborot oli­shi, u yoki bu davlat organiga elektron shaklda rasmiy so‘rov yuborishi mumkin. Portalda muhim interaktiv davlat xizmatlarining reestri ham joylashtirilgan. Internet tarmog‘ida «yagona oyna» rejimida Yagona interfaol davlat xizmatlari portalining (www.gov.uz) ishga tushiri­lishi bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bugungi kunda ushbu portal yigirmadan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 170dan ziyod interaktiv xizmatdan foydalanish imkonini bermoqda va davlat xizmatlarini qamrab olishni kengaytirib, o‘z vazifalarini takomillashtirib bormoqda. Ayni paytda, xavfsizlikni ta’minlamasdan taraqqiyotga erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Shu bois «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish va Axborot xavfsizligini ta’minlash markazining tashkil etilishi va ular o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonda milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat» to‘g‘risidagi Qonun loyihasi keng muhokama qilindi. Mazkur qonun loyihasini maromiga yetkazishga mas’ul bo‘lgan Axborot va kommunikatsiya texnologiya­lari masalalari qo‘mitasi tomonidan ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan ishchi guruhi ish olib bordi. Qonun loyihasining muhokamalarida siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlari guruhi tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olindi. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasida joriy yil 18-noyabrda uchinchi o‘qishda qabul qilindi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborildi. «Elektron hukumat» to‘g‘risidagi Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida belgilangan har kim­ning fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi hamda o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish kabi huquqlarining amalga oshishida muhim ahamiyat kasb etadi. Xuddi shunday Konstitutsiyaning 30-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim» ligi belgilangan bo‘lib, «Elektron hukumat» to‘g‘risidagi Qonun loyihasi aynan ushbu normaning amalga oshishini ta’minlovchi muhim mexanizm sifatida ham alohida o‘rin tutadi.

Dunyoda ro‘y berayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, madaniyatlarning o‘zaro qorishib, turli axboriy-psixologik hurujlar kuchayib borayotgan bir paytda mazkur yo‘nalishdagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, uni milliy manfaatlarimizni himoya qilishning mustahkam huquqiy kafolatiga aylantirish ustida ishlash istiqboldagi ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi, albatta.

Muallif: Faxriddin Xolboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq