Mualliflik dasturiy ta’minotlarining tahlili
28.04.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Vohid Hamidov, Feruzaxon Otabayeva.

mual_28_04_2016

Yurtimizda Istiqlol quyoshi nur socha boshlagan dastlabki kunlardanoq mamlakatimiz ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilib, uni tubdan qayta isloh qilishga oid muhim ishlar amalga oshirildi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi. Milliy dasturda belgilangan vazifalarni bajarishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish muhim o‘rin tutadi.

Bugungi kunda jahonning rivojlangan mamlakatlari ta’lim tizimlarida turli o‘rgatuvchi dasturiy vosi­talardan keng foydalanilmoqda. O‘rgatuvchi ko‘rgazmali dasturiy vositalar mualliflik dasturiy ta’minotlari yordamida yaratiladi. Ta’lim jarayonida bunday dasturlardan foydalanish yuqori natijalarga olib kelmoqda, sababi auditoriyada uzatiladigan bilimlarga oid axborotlarni qabul qilish va vazifalarni bajarishda talaba bir vaqtning o‘zida eshitib, ko‘rib, o‘zlashtiradi. Mualliflik dasturiy ta’minoti — kompyu­ter texnologiyalari yordamida o‘quv jarayonini qisman yoki to‘liq avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan dasturiy vosita hisoblanadi. Ular ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishning istiqbolli shakllaridan biri hisoblanib, zamonaviy texnologiyalarning o‘qitish vosi­tasi sifatida qo‘llaniladi. Mualliflik dasturiy ta’minotlar yordamida elektron darsliklar yaratish juda qulay. Elektron darsliklar, kompyu­ter texnologiyalaridan foydalangan holda eng muhim tushuncha va qonuniyatlarni tushunish hamda yodda saqlashni maksimal darajada yengillashtiradi. Quyida mualliflik dasturiy ta’minotlarining imkoniyatlari haqida fikr yuritiladi.

Articulate Storyline
Articulate Storyline kurslar yaratish uchun mo‘ljallangan eng mashhur dasturlardan biri bo‘lib, u moslashuvchan, foydalanishda qulay va turli maqsadli kurslar yaratish uchun ishlab chiqilgan. Articulate Storyline — uch utilitli (Presenter, Quizmaker, Engage) paket, o‘rgatuvchi kurslarni, taqdimotlar, testlar va kontentning boshqa shakllarini iPadda ko‘rish va masofali ta’lim tizimlariga integ­rallanishi mumkin bo‘lgan Flash va HTML5 formatlarda yaratish imkoniyatini beradi. Dastur murakkab interfaol ssenariylarni amalga oshirish uchun deyarli cheksiz imkoniyatlarni taklif etadi. Endi o‘quv kursining murakkab interfaol ssenariysini yaratish uchun dastur tuzishni yoki Flashni qo‘llashni bilish shart emas — Storyline buning uchun barcha vositalarni taklif etadi. Ushbu dasturning xusu­siyati oson o‘zlashtirilishida, shuningdek, yaratilayotgan loyihalar­ning yorqin vizual uslubida: Articulate mahsulotlarida ishlangan roliklar boshqa e-learning muharrirlaridan ko‘ra yanada zamonaviyroq va dinamikroq ko‘rinadi. Dastur Microsoft Office 2007ga o‘xshash interfeysga ega, ishlab chiquvchilar foydalanuvchilar o‘rganishlari oson bo‘lishi maqsadida tashqi ko‘rinishini PowerPointga maksimal o‘xshashligini ta’minlaganlar. Yuqorida buyruqlar to‘plamidan iborat klassik Ribbon-panel joylashgan.

Barcha turdagi multimediyali kontentlar: video, flash, ovoz, veb-obyektlarni qo‘yishni qo‘llab-quvvatlaydi. Barcha ko‘p tarqalgan video (flv, avi, wmv, mov, mpeg, dv, 3g) va ovoz (mp3, wma, wav, m4a, aac, aiff, ogg) formatlari importlanadi, bundan tashqari, Internetdagi rolikning HTML-kodini yoki veb-kameradan video-yozish, ovozni esa mikrofondan yozib qo‘yish mumkin. SWF — roliklari ham muammosiz qabul qilinadi, bu esa boshqa multimediya muharrirlarining loyihalari bilan integratsiyalash bo‘yicha cheksiz imkoniyatlarni ochadi. Veb-sahifalar slaydlarda freymlar ko‘ri­nishida aks etadi. Ulardan foydalanish mumkin va bu ham roliklarni lo­yihalash imkoniyatlarini kengaytiradi.

Articulate Storyline asosiy xususiyatlari:

  • Foydalanuvchining intuitiv interfeysi. Oddiy interfeys foydala­nuvchini qo‘shimcha o‘qishini talab etmasdan kurslarni noldan boshlab yoki shablonlar asosida yaratish imkonini beradi. Interfeysning mantiq va ko‘rinishi Microsoft PowerPoint bilan o‘xshash.
  • Slaydlar shablonlari. Noldan boshlab yoki shablonlar yordamida slaydlar yaratish. Shablonlar o‘lchovlari sozlovlari oddiy. Kurslarning qo‘shimcha shablonlarini va slaydlarini E-Lear­ning Heroes saytidan yuklab olish imkoniyati.
  • Personajlar. 47500tagacha chizilgan va fotopersonajlarni, yuz ifodalarni va turish holatlarni slaydlarga qo‘shish.
  • Interfaollik. Muayyan harakatlarni qachon ishga tushurishni aniqlash uchun triggerlarni qo‘llash. Slayddagi komponentlar o‘rtasida bir necha o‘zaro ta’sirlar yaratish uchun slaydlar qatlamlari bilan ishlash.
  • Slaydlarda generatsiya, tahrirlash va obyektlarning o‘zaro ta’si­rini nazorat qilish.
  • Holatlar va o‘zgaruvchilar. Ishtirokchi harakatlariga javob be­rish uchun obyektlarni sozlash imkoniyati. Misol uchun, bosilganda tugmacha rangini almashtirishi mumkin, personajlar — noto‘g‘ri harakatda yuz ifodasini o‘zgartirishlari va hokazo. Agar ting­lovchi noto‘g‘ri javob bersa, unga qo‘shimcha savollardan yoki yanada soddaroq vazifalardan iborat slaydlar ochilishi mumkin.
  • 20dan ortiq turli xil tipdagi savollar. Bundan tashqari, ixtiyoriy shakllar slayddagi ixtiyoriy obyekt yordamida savollar yaratish imkoniyatini beradi.
  • Drag-and-dropni qo‘llab-quvvatlaydi. Olib o‘tish bilan slaydga obyektlar qo‘shish.
  • Ekran holatlarini yozib olish. Yozuv elektron kurs bilan qanday ishlashni namoyish etadi.
  • Simulyasiya DT. Storyline ekranini bir marotaba yozib olingandan so‘ng avtomatik ravishda, yozuvni bir necha qadamma-qadam yo‘riqnomalarga segmentlaydi. Yozuv osongina tah­rirlanadi — hatolik bo‘lganda, uni qayta yaratish shart emas. Natijada tinglovchilar vazifalarning bajarilishini, shuningdek, ularning test muhitidan o‘tishini ko‘rib chiqishlari mumkin.
  • HTML5 va Flash texnologiyalarining, shuningdek, mobil qurilmalarini qo‘llab-quvvatlashi. Kurslarni iPad, shaxsiy kompyu­terlar, noutbuklar, Android, iPad va hokazolarga moslashgan qurilmalar uchun turli formatlarda nashr etish.
  • Section 508, tilni o‘ngdan chapga yozish, SCORM va AICC (hisobotlarda) standartlarini qo‘llab-quvvatlash.
  • Kurs (avtomatik tarzda generatsiyalanadigan) daraxtini ko‘rish imkoniyati.
  • Namoyishlarni yaratish vosita yetarlicha qulayligi, slayd tartibi bo‘yicha o‘ynash va video roliklarni yaratish imkoniyati bilan.
  • Chiroyli personajlarni tanlash imkoniyati (ularni soz­lash me­xanizmi qulay).
  • Yetarlicha qulay va tushunarli interfeysi, barcha asosiy masalalar ish maydonining o‘zida yechiladi.
  • Qo‘shimcha sozlovlarsiz foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘pgina elementlar dizaynining sifatli shablonlarning kiritilganligi.
  • Savollarning yagona bankini yaratish imkoniyati.

mual_28_04_2016_1

1-rasm. Articulate Storyline dastur oynasi

Adobe Captivate
Adobe Captivate (avvalgi RoboDemo sifatida tanilgan) — Mic­rosoft Windows va dasturiy ta’minotni namoyish etish, video-darslarni yozish, dastur simulyasiyasini yaratish, o‘quv taqdimotlarni yara­tish va .swf formatda turli testlarni yaratish uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan Mac OS Xning 5 versiyalari uchun elektron ta’limda qo‘llaniladigan elektron kurslarni yaratish va tahrirlash dasturi. Adobe Captivatedagi generatsiyalangan .swf ni .aviga videoxosting saytlarga konvertatsiya qilish imkoniyati mavjud. Dastur simulya­tsiyalarini yaratish uchun Captivateda chap va o‘ng sichqoncha tugmasini bosish va klavishalarni bosish mumkin. Shuningdek, Adobe Captivateni skrinkastlarni, podkastlarni yaratish va Microsoft PowerPoint taqdimotlarini Adobe Flash formatiga konvertatsiya qilish uchun qo‘llash mumkin.

Captivate yordamida dasturlarning interfaol namoyishlari, simulyatsiyalar, yordamchi ma’lumotlar, skrinkastlar, o‘yinlar va darslar yaratish va tahrirlash mumkin. Captivateda yaratilgan skrinkastlar ekrandan qilingan yozuvlarga nisbatan ancha kam joy egallaydi. Foydalanuvchilar Captivateda taqdimotlarga effektlar, faol nuqtalar, matnli sohalar, video va hokazolarni qo‘shib tahrirlashlari mumkin. Mualliflar mazmunini va u yoki bu elementni paydo bo‘lish vaqtlarini tahrirlashlari mumkin. Faol nuqtalarni bosish boshqa slaydga o‘tish, shuningdek, tashqi murojaatlarga o‘tishni ta’minlashi mumkin. Captivate tasvirlarni, PowerPoint taqdimotlarni, video, .flv va audiolarni loyihaga import qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Adobe Captivate dasturi materiallarni yaratish va namoyish etishning qulay vositasidir. Captivate keng doiradagi imkoniyatlarni taklif etadi: Microsoft PowerPointda yaratilgan taqdimotlar asosida o‘quv materiallarni yaratish, monitordagi suratni olib, savolga berilgan javobga bog‘liq ravishda o‘tish imkoniyatli testlar yaratish.

mual_28_04_2016_2

2-rasm. Adobe Captivate dastur oynasi

O‘quv materiallariga matnli ma’lumotlarni kiritish maydonlari va to‘g‘ri javobni tanlash imkoniyati bo‘lgan so‘rovlar kabi interfaol elementlar joylashtirilishi mumkin. Adobe Captivate fayllarining kompakt o‘lchovi va yuqori ruxsatliligi ilova bilan ishlash ko‘nik­malarga ega bo‘lishda keng foydalanish, yordamchi ma’lumotlarni taqdim etish va yangi mahsulotlar imkoniyatlarini namoyish etish imkonini beradi. Talab etilgan qismlarni kattalashtirish texnologiyasini qo‘llagan holda o‘quv kontentga ega ekranning aniq sohalariga foydalanuvchi diqqatini jalb qilish imkonini beradi. Adobe Captivate yordamida ishlab chiqilayotgan o‘quv kurslari Flash texnologiyasiga asoslangan. Adobe Captivatening yuqorida ko‘rib chiqilgan imkoniyatlariga qaramay, bu texnologiya yopiq, maxsus va planshet qurilmalar va smartfonlar qo‘llab-quvvatlanmasligini ta’kidlash lo­zim. Bundan tashqari, bu texnologiyalar hisoblash resurslariga juda talabchan, bu esa hozirda keng tarqalgan shaxsiy kompyuterlarning rusumlarida — noutbuklarda (ko‘p quvvat sarflaydi) ishlatish uchun noqulaylik tug‘diradi.

CourseLab
CourseLab — bu Internet tizimida, masofaviy ta’lim tizimlarida, kompakt disk yoki boshqa har qanday saqlash qurilmalarida ishlatish uchun mo‘ljallangan interaktiv ta’lim materiallari (elektron darsliklar) tayyorlash uchun mo‘ljallangan kuchli va ishlatish oson bo‘lgan dasturiy vositadir.

CourseLabning asosiy imkoniyatlari:

  • WYSIWYG tizimida ko‘rish va natijalarni olish mumkin bo‘lgan ta’lim materiallarini yaratish va tahrir qilish.
  • Tuzuvchidan HTML yoki boshqa dasturlash tillarini bilishni ta­lab qilmaydi.
  • Obyektiv yondashish har qanday murakkablikdagi ta’lim materiallarini yaratish imkonini beradi.
  • Ssenariylardan foydalanish murakkab ko‘p «Obyekt»li bog‘liq­liklarni yaratishni osonlashtiradi.
  • Testlarni avtomatik yaratish mexanizmiga ega.
  • Ochiq obyektiv interfeys obyekt va shablonlar kutubxonasi va foydalanuvchi yaratgan kutubxonalarni osonlikcha kengaytirish imkonini beradi.
  • Obyektlar animatsiyasi mexanizmiga ega.
  • Ta’lim kurslariga har qanday Rich-medianing har qanday turini — Macromedia®Flash®, Shockwave®, Java® va har qanday formatdagi video-formatdagi fayllarni joylashtirish imkonini beradi.
  • Musiqiy ketma-ketlik joylashtirish va sinxronlashning oson mexanizmlari.
  • Microsoft®PowerPoint® formatidagi taqdimotlarni o‘quv materialiga joylashtirish imkoniyati.
  • Har xil dasturiy ta’minotlarning simulyasiyalarini yaratish imkonini beruvchi ekranni suratga olish mexanizmiga ega.
  • Amallarni izohlashning oson tiliga ega.
  • Malakali foydalanuvchiga dastur fayllarining xususiyatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri JavaScript-kirish imkonini beradi.
  • Elektron ta’lim kurslarini ko‘rish uchun Javaning bo‘lishi talab qilinmaydi.

mual_28_04_2016_3

3-rasm.CourseLab dasturining interfeysi

CourseLab yordamida yaratilgan ta’lim materiallari ishla­tilish turiga qarab, elektron ta’limning quyidagi: AICC (http://www.aicc.org), SCORM 1.2 (http://www.adlnet.org) standart­lariga mos keladi.

Lectora
Lectora dasturi Ogayo shtatida joylashgan Trivantis Corporation jamiyatida 1999-yilda Timoti D. Loudermilk tomonidan yaratilgan. Hozirgi vaqtga kelib, dasturdan 64dan ortiq davlatlarda foydalanib kelinmoqda.

Lectora dasturi masofali ta’lim jarayonida elektron o‘quv kontenti yaratish uchun va elektron o‘quv majmualarini yaratish imkoniyatini beruvchi dastur hisoblanadi.

Dastur asosan:

  • masofali ta’lim kurslarini yaratishda;
  • taqdimot fayllarini yaratishda;
  • nazorat testlarini yaratishda;
  • ppt formatidagi fayllarini boshqa ta’lim formatlariga (SCORM yoki AICC) o‘tkazishda;
  • intellektual o‘qitish kurslarini yaratishda keng foydalaniladi.

Lectora dasturida yaratilgan kurslarni elektron ta’lim standartlari bo‘lgan SCORM va AICCda nashr etish mumkin. Shuningdek, Lectora dasturi hozirda mavjud bo‘lgan LMS tizimlar talablari bi­lan mos keladi.

Lectora dasturida yaratilgan o‘quv kurslarini bir tugmani bosish orqali ularni dinamik veb-sayt ko‘rinishida, HTML, CD disklarda ishlaydigan, bitta faylga yig‘ilgan .exe ko‘rinishda, SCORM va AICC standartlarida hech qanday dasturlash tillarini bilmay turib ham o‘tkazish mumkin.

Shuningdek, Lectora dasturi orqali nazorat ishlarining elekt­ron ko‘rinishini tashkillashtirish mumkin, xususan, 7 xil (yolg‘on/rost, bitta to‘g‘ri javobli, bir necha to‘g‘ri javobli, moslikni topish, esse, qisqa javob kiritishli, hot point) shaklidagi elektron testlar, so‘rovnomalarni yaratish mumkin. Elektron nazorat yakunida Lectora dasturi elektron pochta orqali va tashqi CGI skript, XML, SCORM, AICC standartlariga asosan natijalarni olish/yuborish mumkin.

Lectora dasturi dasturchilar uchun yaratilmagan bo‘lsada, oxirgi versiyalarida dasturlash tilidan xabardor bo‘lgan foydalanuvchilar uchun kengaytirilgan ilovalari bilan boyitildi. Bu esa o‘z navbatida, dasturlash tilidan xabardor bo‘lgan foydalanuvchilar uchun katta imkoniyatdir.

mual_28_04_2016_4

4-rasm. Lectora dasturining ko‘rinishi

Lectora — universal muhit bo‘lib, imkoniyatlari keng, ko‘r­gazmali grafika amaliy dasturlari sirasiga kiradi va matn, rasm, chizma, grafiklar, animatsiya effektlari, ovoz, videorolik, Java, Flash va boshqalardan tashkil topgan slaydlarni yaratish imkonini beradi. Lectora — bu Internet tizimida, masofaviy ta’lim tizimlarida, kompakt disk yoki boshqa har qanday saqlash qurilmalarida ishlatish uchun mo‘ljallangan interaktiv ta’lim materiallari (elektron darsliklar) tayyorlash uchun mo‘ljallangan kuchli va ishlatish oson bo‘lgan dasturiy vositadir. Hozirda jahondagi oltmishdan ortiq davlatlarda elektron ta’lim yo‘nalishida Lectora dasturidan keng foydalanilib kelinmoqda.

iSpring
Odatda, taqdimotni o‘tkazishga tayyorlanish jarayonida, aksariyat hollarda, Microsoft — PowerPoint dasturiy ta’minotidan foydalaniladi. Bunda taqdim etilayotgan material uni ko‘rayotgan kishilar tomonidan yaxshi o‘zlashtirilishiga yordam beradigan ko‘plab imkoniyatlari mavjud. Bugungi kunda taqdimotni boshqa formatlarga o‘zgartirib yuborish imkoniyatini beradigan dasturlar paydo bo‘ldi.

«Richmedia» kompaniyasi tayyorlangan taqdimotdan flash-rolik shakllantirish imkoniyatini beradigan dasturni taklif etmoqda. Mahsulot iSpring deb nomlanadi va iSpring Free, iSpring PRO va iSpring Presenter kabi variantlarga ega. Mustaqil ekspertlar­ning fikriga ko‘ra, bugungi kunda mazkur mahsulot tezligi, konversiyalash sifati va opsiyalar soniga ko‘ra Flashdagi, PowerPoint formatidagi konverterlar orasida eng yaxshilaridan biri hisobla­nadi. iSpring PRO va iSpring Presenter o‘rtasidagi farq shundaki, ularning ikkinchisi nafaqat flash-taqdimotlarni yaratishga, balki ta’lim jarayonida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan roliklar tayyorlashda, xususan, ularga turli shakldagi so‘rovlarni kiritgan holda o‘zaro interaktiv bog‘lanish imkoniyatini ham beradi.

mual_28_04_2016_5

5-rasm. iSpring dasturida yaratilgan kontent

Pro versiyasi bilan solishtirganda Presenter versiyasida quyidagi imkoniyatlar mavjud:

  • Taqdimot kontentini muhofaza qilish: parol yordamida ko‘ra olish, taqdimotga «himoya belgi»si qo‘yish, taqdimotning faqat ruxsat etilgan domenlardagina «aylantirilishi» (mazkur funksiyalar Publish dialogining Protection versiyasida mavjud);
  • Video qo‘shish va uni animatsiyalar bilan sinxronlashtirish;
  • So‘roq (nazorat)lar natijalarini elektron pochtaga yoki masofaviy o‘qitish tizimiga uzatib berish imkoniyatini beradigan interaktiv matnlar yaratish uchun vosita o‘rnatilgan (iSpring instrumentlar panelidagi Quiz tugmachasi);
  • masofaviy o‘qitish tizimida foydalanish uchun SCORM/AICC-mos keluvchi kurslarini yaratish;
  • taqdimotning dastur darajasida aylantirish uchun ActionScript API.

Xulosa qilib aytganda, ta’lim jarayonida, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsa­dida mualliflik dasturiy ta’minotlari keng qo‘llanilmoqda. O‘tilayotgan fanlar bo‘yicha Oliy ta’lim muassasalarida shunday dasturlardan foydalanib, multimediali ma’ruzalar kiritilishi bilan talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari oshirilishiga eri­shish mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi». O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil. 11–12-son,

295-modda.

  1. M. Aripov, A. Xaydarov. «Informatika asoslari».— Toshkent. «O‘qituvchi» 2002-yil. 429 b.
  2. U. Sh. Begimqulov. Oliy ta’lim muassasalarining yagona axborot makonini tashkil etish va uni rivojlantirish istiqbollari //«Xalq ta’limi» jur. №4, 2006 — 4–7 betlar.
  3. A. A. Abduqodirov, A. X. Pardayev. Masofali o‘qitish nazariyasi va amaliyoti. — T.: Fan, 2009.
  4. http://elearning.zn.uz/2013/04/08/courselab
  5. http://www.uzinfocom.uz
Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq