“Grammofonlar va radioqabulqilgichlar” nomli yangi ekspozitsiya o‘z davri tarixidan “so‘zlaydi”
28.04.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

gram_28_04_2016

Har safar “Aloqa tarixi muzeyi”ga tashrif buyurganimizda yangi tashkil etilgan ekspozitsiyalar alohida e’tiborimizni tortadi. Yaqinda tashrifchilarga “Grammofonlar va radioqabulqilgichlar” nomli yangi ekspozitsiya taqdimoti o‘tkazilldi. Shu munosabat bilan navbatdagi sahifamizni aynan shu ekspozitsiya materiallari bilan tanishishga bag‘ishladik.

Kundalik hayotimizda yaxshi kuy-qo‘­shiqlar, musiqa muhim o‘rin tutadi, dili­miz doim ulardan bahra olishga intiladi. Ular bilan ma’naviy hayotimiz mazmunini yanada boyitamiz. Ma’lumki, har bir shaxs o‘z didiga mos musiqiy ohanglar bilan ulg‘ayadi. Keksaygan chog‘ida ham ko‘ngli kuy-qo‘shiqqa oshno bo‘ladi. Shunday musiqa va bizni kundalik hayot yan­giliklari bilan tanishtirib turadigan zamonaviy qu­rilmalarning turlari juda ko‘p, masalan: radio, televideniya, lazer disklari, fleshka, pleyer, audioyozuvlar funksiyasiga ega mobil telefonlar shular jumlasidandir.

Mazkur qurilmalar yaratilishidan avval keng foydalanilgan dastlabki radio, grammofon kabi tarixiy qurilmalar ham mavjud bo‘lgan. Afsuski, ular haqida katta avlod vakillari unuta boshlagan, jajji bolakaylar esa tasavvurga ham ega emaslar. Ajdodlarimizdan merosga qolgan yoki hozirga qadar turli tarixiy inshootlardagina saqlanib qolgan maz­kur qurilmalar haqida yetarli ma’lumotga hamda ular bilan tanishish imkoniyatiga ega emaslar. Mamlakatimiz «Aloqa tarixi muzeyi»da tashkil etilgan yangi ekspozitsiyadan aynan shu imkoniyatni taqdim etish maqsadi ko‘zlangan. Mazkur eks­pozitsiyadan XX asrning birinchi yarmida ishlab chiqarilgan hamda yurtimizda foydalanilgan tari­xiy ahamiyatga molik nodir va noyob eksponatlar o‘rin olgan.

gram_28_04_2016_1

Yangi eksponatda grammafonlar, gramplastinkalar, ovoz yozish qurilmalari, radiola va tranzistorlar, ovoz kuchaytirgich hamda patefonlar, kassetali magnitofonlar, vinil disklari o‘rin olgan. Ulardan biri bo‘lgan grammofon qanday qurilma ekanligi va uning ishlash tamoyillari nimalarga asoslanganligini ko‘pchilik, ayniqsa, zamonaviy o‘smir, o‘quvchi-bolalar bilmasliklari mumkin. As­lida, mazkur musiqani yozib oluvchi va eshittiruvchi tarixiy qurilma uzoq yillar ajdodlarimiz diliga quvonch baxsh etgan.

Ushbu qurilmaning asoschilari — amerikalik ixtirochi-olim Tomas Edison va Emil Berliner bo‘lib hisoblanadi. Gap shundaki, grammofon yaratilishiga asos bo‘lgan qurilma — jahonda birinchi fonograf (grek tilida: fon — ovoz, grafiya — yozib olmoq) — bu ovozni yozib olish va tinglash asbobidir. Fonograf asbobi dastlab Tomas Edison tomonidan 1877-yil 21-noyabrda taqdim etilgan. 1878–1887 yillar mobaynida Edison boshqa ixtirolar ustida ishlab, fonografni takomillashtirish borasida shug‘ullanmay qo‘ygan. Edison ovoz yozib olishda mum bilan qoplangan silindrdan foydalangan (mazkur g‘oyani Sharl Tente taklif etgandi).

1887-yilda ixtirochi Emil Berliner esa ovoz tashuvchi qurilmani silindrik shakldan yupqa disk ko‘rinishiga o‘tkazish haqidagi taklifini qabul qilgan (unga 1896-yilda patent olingan). Mazkur qurilmani Berliner «Grammofon» deb atagan. 1888-yilda ixtirochi Berliner fonograf g‘o‘lasi o‘rniga aylanuvchi taglik o‘rnatgan va bu bilan insoniyatga ilk gramplastinkani taqdim etgan edi.

gram_28_04_2016_2

Ovoz tashuvchining dastlabki konstruksiyasi texnologiyasi ovoz balandligini yetarli darajada chiqarib bera olmasdi. Keyinchalik ovoz tashuvchining nusxalarini galvanik plastik metodlardan foydalanib, yanada qattiqroq materialdan ishlay boshladilar. Fonograf ixtirosi o‘z davrida eng g‘aroyib hodisa bo‘lib, keyinchalik fonografga oid ilmiy g‘oyalar rivojlantirildi va grammofon, patefon, gramplastinka, diktofon va magnitofon kabi zamonaviy qurilmalar yarati­lishiga yo‘l ochib berdi.

Mamlakatimiz «Aloqa tarixi muzeyi»da tashkil etilgan yangi ekspozitsiyada shu va boshqa nodir tarixiy qurilmalarga oid materiallar mavjud. Masalan, 1910-yilda, Angliyada ishlab chiqarilgan Ruporsiz grammofon (kamod) «His master’s voict»(hmv)ni mazkur ekspozitsiyaning eng qadimiy va noyob eksponati deyish mumkin. U o‘sha davrda badavlat xonadonlarga ham mebel, ham musiqiy qurilma sifatida fayz bag‘ishlab turgan.

O‘tgan asrning 30-yillarida (Rossiya)da ishlab chiqarilgan Grammofondan ko‘p yillar foydalanilgan.

1937-yildan 1950-yillarga qadar (Rossiyda) ishlab chiqarilgan «Patefon» PT-3 qurilmasina ham alohida nodir eksponat deb aytsak o‘rinli bo‘ladi.

Bulardan tashqari, ekspozitsiyada qo‘yilgan «BALTIKA» R3-1 rusumli radioqabulqilgich qurilmasi ham o‘sha davrlarda ishlab chiqarilgan. «Model 8U Suherherodyne USA» rusumli radioqabulqilgich esa 1940-yillar mahsulidir.

gram_28_04_2016_3

Ular orasida 1955-yilda iashlab chiqarilgan «MIR»/M-154R/rusumli radiola, keyingi yilda taqdim etilgan «MIR» rusumli radiola, 1958-yilda ishlab chiqarilgan «Festivals» rusumli radioqabulqilgich qurilmasi, 1955–1960 yillarga qadar ishlab chiqarilgan Dnepr-10» rusumli magnitofon qurilmasi ham alohida e’tiborga loyiq. 1963-yilda ishlab chiqarilgan «Rigonda» rusumli radiola o‘z davrida insonlar ko‘nglini yayratib, ma’naviy hordiq baxsh etgan va mamlakatimizda XX asrning oxiriga qadar keng foydalanilgan qurilmadir.

Umuman olganda, ekspozitsiyadagi barcha qurilmalar ham mazkur sohani yaqindan o‘rganishni maqsad qilgan mutaxassis, ilmiy-izlanuvchi, tadqiqotchilar, yoshlar va o‘smir o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otishi mumkin. Mazkur qurilmalar bilan batafsilroq tanishishni xohlaganlar muzeyga tashrif buyurib, mutaxassislardan ma’lumotlar olishlari va shu qurilma haqidagi adabi­yotlar hamda fotohujjatlar bilan tanishib, tomosha qilishlari mumkin.

Maqola «Aloqa tarixi muzeyi» va «infoCOM.uz» jurnali hamkorligidagi loyiha asosida Vikipediya va boshqa manba­lar, OAV materiallaridan foydalanib tayyorlandi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq