Yoshlarni axborot xurujlardan himoya qilish masalalari
27.04.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Sherzod Rahimov, Jamshid Pirmatov.

Hozirda butun dunyoda globallashuv, madaniyatlararo qorishuv jarayoni kechmoqda. Bu murakkab jarayon nafaqat yoshlarga, balki kattalar dunyoqarashiga ham ta’sir etmoqda. Yoshlar ma’naviy dunyosini egallash borasida turli axborot maydonlaridan faol foydalanish «poyga»si jadallashmoqda. Rivojlangan mamlakatlar qatori mamlakatimizda ham axborot texnologiyalari kundalik hayotimizga shiddat bilan kirib keldi.

Bugun Internetdan mamlakatimiz aholisining uchdan bir qismidan ziyodrog‘i foydalanayotgan bo‘lsa, ular orasida yoshlar salmog‘i ko‘proq, albatta. Barchamizga ma’lumki, yoshlar bunyodkorlik salohiyatiga ega bebaho resursdir. Bugun jamiyatimizda yoshlar faol. Ular har bir jabhada o‘zlarini ko‘rsatmoqdalar. Axborot texnologiyalari sohasini o‘zlashtirish va sohaning ayrim jihatlarini hayotga tatbiq etish borasida ham yoshlar bugun yetakchi. Butun dunyo bolalari qatori ular ham axborot-kommunikatsiya sohasining qulay va rivojlangan tarmog‘i hisoblangan Internetdan faol foydalanmoqda. Ular internetdan turli ma’lumotlar olish va dunyoning turli chekkalarida sodir bo‘layotgan voqealardan tezkor xabardor bo‘lish bilan birga, o‘zaro suhbatlashish, bir-birlari bilan ma’lumot almashish bilan mashg‘ul.

Bu albatta mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadallik bilan rivojlanayotganidan, fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni axborot olish, saqlash, tarqatish kabi konstitutsion huquqlarini amalga oshirishda aloqa tizimlarining tizimli faoliyat ko‘rsatayotganligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatida hamda iqtisodiyotning barcha sohalariga zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilinishi bilan aholining turmush tarzi farovonlashayotganligini, fuqarolarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish tubdan yaxshilanayotganligini ham e’tirof etish joiz. Mamlakatimizda ta’lim olish jara-yonlariga ham axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy qilish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, ta’lim muassasalarini kompyuter texnikalari bilan ta’minlash barobarida, ta’lim berishning zamonaviy usullaridan foydalanish, barcha ta’lim muassasalarida axborot-resurs markazlari tashkil etilib, mazkur markazlarda internet tizimidan foydalanish imkoniyatlari yaratib berilgan. «Buning natijasida mustaqil va yangicha fikrlaydigan, zamon talabiga javob beradigan avlodni shakllantirishga erishdik, Vatanimizning ertangi kunini, taqdirini o‘z qo‘liga olishga qodir bo‘lgan farzandlarimiz bugun minbarga chiqmoqda» (Islom Karimov. Asosiy vazifamiz — jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtrish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutq. Milliy tiklanish gazetasi, 2015-yil 6-dekabr. 48(369)-son. B. — 2).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining jamoat ta’lim axborot tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-191-son Qarori bilan o‘quv-ta’lim, ilmiy, yoshlar hamda bolalar muassasalari va tashkilotlari uchun mo‘ljallangan axborot materiallarini birlashtiruvchi yagona axborot-resurs maydonchaga ega bo‘lgan «ZiyoNet» jamoat axborot ta’lim tarmog‘i tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur tarmoq yoshlar hamda ta’lim oluvchilarga axborot-kommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.

«Bugungi kunda yoshlarimiz nafaqat o‘quv dargohlarida, balki radio-televideniye, matbuot, internet kabi vositalar orqali ham rang-barang axborot va ma’lumotlarni olmoqda. Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Nega deganda, biz yurtimizda ochiq va erkin demokratik jamiyat qurish vazifasini o‘z oldimizga qat’iy maqsad qilib qo‘yganmiz» (Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. — T.: «Ma’naviyat», 2011. B. — 55.

O‘z o‘rnida aytish kerakki, hozirgi kunda yoshlarning aksariyati asosiy axborot manbai sifatida Internetga murojaat qilmoqda. Foydalanilayotgan axborot vositalarining katta qismi asosan «Twitter», «Facebook», «Odnoklassniki» kabi ijtimoiy tarmoqlar va video, audio portallarga to‘g‘ri kelsa, ma’lum bir qismigina zararli ta’sir etmaydigan, ilmiy, madaniy va ma’rifiy saytlardan iboratligini kuzatish mumkin.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda jahon bo‘ylab Internet tarmog‘ida o‘z joniga qasd qilishning oson yo‘llarini targ‘ib qiluvchi, behayolik mazmundagi saytlar ko‘paymoqda, zo‘ravonlik va yovuzlikni targ‘ib qiluvchi kompyuter o‘yinlarini yaratish ishlari avj olgan. Ayni vaqtda, aksariyat bolalar va o‘smirlar onlayn tarzda tarqatiladigan pornografiya ta’siriga butunlay tushib qolgan. Internet tarmoqlari orqali turli diniy oqimlarga da’vat etish holatlari esa bizni eng xavotirga solayotgan masaladir.

«Jahon miqyosida voqealar shiddat bilan kechayotgan bir paytda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, Internetning beqiyos imkoniyatlaridan keng foydalanishga tayyor bo‘lish matbuot, axborot va media tarmoqlari, jumladan, televideniye va radio sohasida xizmat qilishga o‘zini bag‘ishlagan, yetuk mutaxassis bo‘lishga ahd qilgan va bu sohada o‘z kelajagini ko‘rmoqchi bo‘lgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining faoliyat mezoniga aylanishi zarurligini barchamiz yaxshi anglaymiz»(Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. — T.: «Ma’naviyat», 2011. B. — 55).

Bugun axborot xurujlari butun dunyoni tahlikaga solmoqda. «Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning geopolitik, iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasida chuqur o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish» (Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. — T.: «Ma’naviyat», 2011. B. — 119) muhim ahamiyatga ega. Shu orqali yosh avlod ongida «axborot immuniteti»ni shakllantirish, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajratish tuyg‘ularini shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Binobarin, o‘sib kelayotgan avlodni shunday tarbiyalash kerakki, ular axborot makoniga kirganda, faqat o‘zi uchun zarur va foydali narsani olsin, Internetdan foydalanish madaniyatini o‘rgansin. Bu borada ma’lum bir ishlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan shakllantirilgan yoshlar ongiga ijobiy ta’sir etuvchi ma’lumotlarga boy saytlar ro‘yxatini mavjud Internet tarmog‘idan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarga targ‘ibot materiali sifatida joylashtirilganligini oddiy misollardan biri sifatida keltirish mumkin. Lekin yoshlarda mobil aloqa vositalari orqali Internetdan ma’lumot olish madaniyatini shakllantirish masalasiga kelsak, oldimizda ulkan vazifalar hali mavjud ekanligiga guvoh bo‘lamiz.

Bugungi globallashuv davrida Internet tizimi orqali mentalitetimizga mutlaqo yot mafkura va dunyoqarashni yoshlarimiz qalbi va ongiga singdirishga urinayotganlar borligi, yuqorida ta’kidlaganimizdek, xatarlidir. Zero, mafkuraviy xurujlar, avvalo, yoshlarning ongini zaharlashga qaratilgan bo‘lib, «ommaviy madaniyat» deb atalayotgan illat xalqimizning ma’naviy boyligi bo‘lgan odob-axloq, ibo, or-nomus, iroda, sharm-hayo, iffat-andisha kabi fazilatlarimizni nursizlantirib, ko‘p ming yillik milliy qadriyatlarimizga putur yetkazmoqda. O‘zbekiston erishayotgan, dunyo tan olayotgan ulkan yutuqlarning negizida turgan asosiy omil insondir. Buyuk ma’rifatparvar «Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir» degan so‘zlari»(Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. — T.: «Ma’naviyat», 2011. B. — 62) bir asr avval millatimiz uchun qanchalik muhim va dolzarblik kasb etgan bo‘lsa, hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Axborot globallashuvi jarayonida milliy axborot makonini shakllantirish, himoya qilish va uni rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish har bir davlatning strategik manfaatlari bilan hamohang bo‘lgan ustuvor vazifalari sirasiga kiradi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanish sur’atining yanada oshirilishi esa axborot almashinuvi sohasida cheksiz imkoniyatlar yaratadi. Bu, o‘z navbatida, dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonning ham ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlanishining asosiy omillaridan biriga aylangan. Qonunchilik sohasida ham bu borada ma’lum o‘zgarishlar amalga oshirildi. O‘sib kelayotgan barkamol avlodni tarbiyalash, ularda «axborot immuniteti»ni shakllantirish, ularni Internet orqali kirib kelayotgan yot ta’sirlardan asrash maqsadida tegishli qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksining 1882-modda bilan to‘ldirilgan qismida voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish, ya’ni restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalar, kinoteatrlar, kompyuter zallari, Internet tarmog‘idan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalar yoki boshqa ko‘ngil ochish (dam olish) joylarining rahbarlari yoxud boshqa mas’ul shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning tungi vaqtda ota-onasidan biri yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz ko‘rsatilgan muassasalarda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish ma’muriy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishi belgilandi. Bu borada davlatimiz rahbariyati tomonidan qabul qilinayotgan yoshlar siyosatiga oid dasturlar, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014-yil 6-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori asosida tasdiqlangan dastur bandlarida voyaga yetmagan yoshlarning ko‘ngilochar (dam olish) joylarida tungi vaqtda ota-onasining kuzatuvisiz bo‘lishlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, behayolik, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tarqatish, reklama qilish va namoyish etilishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish belgilangan bo‘lib, mas’ul tashkilotlar tomonidan bu borada tegishli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar majmuasida o‘quvchi-yoshlarning dars va tungi vaqtlarda «Internet-kafe»lar va «Kompyuter klublari»da bo‘lishi, ma’naviy-axloqiy buzuqlikni targ‘ib etuvchi saytlarga kirishi holatlarini aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda, reydlar tashkil etish, reyd vaqtida aniqlangan salbiy holatlar bo‘yicha ularning rahbarlariga nisbatan qonunda belgilangan tartibda keskin choralar ko‘rish belgilangan. Belgilab berilgan vazifalar asosida davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan sezilarli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Biz bugun bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘liq to‘xtalmoqchi emasmiz. To‘g‘ri, bar-kamol avlodni tarbiyalashda Internetdan foydalanish madaniyatini shakl-lantirish borasida bir talay ishlar amalga oshirilmoqda, lekin mazkur ishlarni davomiyligini ta’minlash zarur. Olib borayotgan ishlarimizga tanqidiy nazar bilan qarab, yanada faolroq bo‘lishimiz, o‘z ustimizda ishlashimiz barchamiz uchun burch hamdir. «Shuni unutmaslik kerakki, bugungi kunda inson ma’naviyatiga qarshi yo‘naltirilgan, bir qarashda arzimas bo‘lib tuyuladigan kichkina xabar ham axborot olamidagi globallashuv shiddatidan kuch olib, ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin zararini hech narsa bilan qoplab bo‘lmaydigan ulkan ziyon yetkazishi mumkin» (Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. — T.: «Ma’naviyat», 2011. B. — 115.).

Manba: Sherzod Rahimov, Jamshid Pirmatov
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining deputatlari

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq