Talabalarning VII an’anaviy mediakonferensiyasiga marhamat!
27.04.2016
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

stud_27_04_2016

Katta konferensiya zali, ko’p sonli mehmonlar, jumladan, Internet jurnalistika bo’yicha mutaxassislar, nufuzli Internet portallari va saytlari rahbarlari, OAV vakillari, kamera va mikrofonlar, fotoapparatlar. Minbarda esa talaba, moderator vazifasida boshqa bir talaba, spikerlik uchun navbat poylab yana bir shijoatli talaba turibdi – butun boshli tadbir boshqaruvi faqat talabalar qo’lida.

Shunday anjumanga guvoh bo‘lganmisiz? Bizning O‘zbekiston Milliy universitetida har yili xuddi shu ko‘rinishda talabalar an’anaviy mediakonferensiyasi o‘tkaziladi. 7 yildan buyon tashkillashtirib kelinayotgan bu tadbirda Internet olami va Internet jurnalistikasi yuzasidan mavzular muhokamaga qo‘yiladi. O‘zgacha tayyorgarlik bilan kutiluvchi ushbu mediakonferensiya joriy yilning 28-aprelida yettinchi marotaba o‘tkazilyapti.

Bu yil qanday mavzu yuzasidan munozaraga kirishamiz, kimlar ishtirok etishi mumkin, qayerda bo‘lib o‘tadi va nimalarga ega bo‘lamiz? Tadbirda qatnashish istagida bo‘lgan, talaba do‘stlar! Yuqoridagi savollarga javob olishingiz uchun ushbu mediakonferensiya g‘oyasi muallifi, siyosiy fanlar nomzodi, O‘zMU jurnalistika fakulteti dotsenti Qudratxo‘jayev Sherzodxon Tojiddinovich bilan bo‘lgan suhbatimizni taqdim etamiz.

stud_27_04_2016_1

Sherzodxon Tojiddinovich, talabalar an’anaviy mediakonferensiyasining tashkil etilishi tarixi qanday?
OTMlari konferensiyalarida ko‘p e’tibor berardim, asosan, o‘qituvchilar, dotsentlar, doktorlar, professorlar, akademiklar so‘zga chiqardi. Lekin O‘zMUda o‘n mingdan ziyod talaba o‘qiydi, ta’lim jarayonida asosiy qahramon – ular! Istardimki, ularda aynan shu talabalik davridan, birinchidan, liderlikka, doim birinchi bo‘lishga intilish, ikkinchidan, yaxshi ma’ruzachi, notiq bo‘lishga oshiqish shakllansin va ular diplomni olgunga qadar katta jamoa oldida so‘zga chiqa oladigan, o‘z nuqtai nazari uchun kurasha oladigan, fikrini boshqalar oldida isbotlab, kamchiligini ham tan oladigan bo‘lsin. Bunday imkoniyatni taqdim etuvchi format esa konferensiyadir. Shuning uchun men tashkil qilgan konferensiya to‘rida talabalar o‘tiradi! Mening g‘oyam mana shu.

Talabalar mediakonferensiyasini Internet mavzusi doirasida o‘tkazishdan asosiy maqsadlar nimalardan iborat?
Bugungi kunda globallashuv sharoitida dunyo juda tez, shiddat bilan o‘zgaryapti. Ommaviy axborot vositalari dunyoning o‘zgarishida juda katta rol o‘ynaydi. Chunki OAV jamoatchilik fikrini, odamlarning dunyoqarashini shakllantirishda, siyosiy, iqtisodiy jarayonlarni yoritilishida bevosita ishtirok etadi va hozirda bo‘layotgan katta texnoinqiloblarni aks ettiradi. Albatta, jurnalistika fakultetining talabalari talabalik davridan mana shu jarayonlarni chuqur tushuna bilishi kerak. Shunda ular ertaga amaliy faoliyatini boshlaganda negiz allaqachon yaratilgan bo‘ladi. Bu negiz esa fakultetda mustahkamlanishi lozim. Mening tasavvurimda, jurnalistika fakultetiga kirgan talabalani jurnalist deb atash mumkin. Chunki u o‘qishga kirgan paytidan soha olamiga qadam bosadi va muayyan ish beruvchi bilan hamkorlik o‘rnatadi, ish faoliyatini boshlaydi. Shuning uchun bizning maqsadimiz bugun Internet olamida, Internet jurnalistikasida qanday jarayonlar ro‘y bermoqda, hozirda Internet jurnalistikadagi o‘zgarishlar nimada, kelajak jurnalistikasi qanday bo‘ladi, degan savollarga javob topishdan iborat. Bu safargi mediakonferensiyamiz uchun tanlangan mavzu bu – kraudfanding va kraudsorsing. Ya’ni bu yil talabalar Internet orqali eng iqtidorli odamlarni to‘plash, yaxshi g‘oyalarni yig‘ish hamda ulardan jurnalistika va insoniyat foydasi uchun foydalanish imkoniyatlarini bosh mavzu sifatida muhokama qiladilar. Men istaymanki, talabalarimiz ham mana shu shu jarayonlarda faol ishtirok etishsin.

Nega aynan kraudfanding, kraudsorsing mavzulari tanlandi va bu tadbirdan qanaqa natijalar kutilyapti? 
Bu mavzuni biz bejiz tanlamadik. Oldimizda turgan maqsad shuki, u Internetdan foydali manba sifatida foydalanishning ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan yo‘llarini ochib berishdan iborat. Biz bugungi kunda foydalanayotganimiz – Internetni ko‘ngilochar vosita: dam olish, hordiq chiqarish, kino ko‘rish, musiqa eshitish yoki faqat ijtimoiy tarmoqlarning qarmoqlariga ilinish deb bilamiz. Nazarimda, hozir Internetni faqat ko‘ngilochar vosita sifatida tushunishimiz kerak emas, balki undan kraudfanding orqali ilg‘or g‘oyalarni olib, ularni hayotga tadbiq etish, mablag‘ topish, uni o‘zimizning iqtisodiy foydamiz uchun, ma’naviy o‘sishimiz, shaxs sifatida shakllanishimiz uchun foydalanishimiz zarur. Muhimi, talabalar mediakonferensiya ishtirokchisi sifatida shu jarayonga chuqurroq kirib borishsin, o‘zaro fikr almashishsin, ularda ana shu borada ham tassavvur shakllansin.

Yettinchi marotaba o‘tkazilishi kutilayotgan talabalar mediakonferensiya avvalgilaridan nimasi bilan ajralib turadi?
Avvalambor, ishtirokchilar soni ko‘pligi bilan. Biz bu yil tadbirni nafaqat O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarini, balki boshqa yetakchi oliy o‘quv yurtlari vakillarini ham taklif qilmoqchimiz. Masalan, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Xalqaro Vestminster universiteti, O‘zbekiston jahon tillari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining talabalarini ham bu jarayonga jalb qilyapmiz. Joriy yilgi tadbirimizning yana bir o‘ziga xosligi shuki, biz birinchi marta mediakonferensiyamizni O‘zMU doirasidamas, balki respublika darajasida o‘tkazyapmiz. Shuning uchun ham bu safar mediakonferensiyamiz ishtirokchilarga qulaylik yaratish maqsadida poytaxtimizning markazidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi binosida o‘tkaziladi. Bundan tashqari “Dekos” va boshqa qator kompaniyalar bizni biznes hamkorlarimiz sifatida qo‘llab-quvvatlashadi.

Ushbu tadbirda ishtirok etishni istovchi boshqa OTMlar talabalari nimalarga e’tibor qaratishlari lozim?
Birinchidan, tanlangan mavzular bo‘yicha taqdimotlar tayyorlashlari va bu haqda bizga ma’lum qilishlari lozim. Taqdimotlar mohirona bajarilishi, ularda muammo munosib yechim orqali hal qilinishini, dizayn va qisqalik, lo‘ndalik, tushunarlilikka urg‘u berilishi kerak. Mediakonferensiyaning ishtirokchilari, tashkilotchilari talabalarning o‘zi bo‘lganligi uchun moderatorlar ham, so‘zga chiquvchilar ham, taqdimot qiluvchilar ham, savol beruvchilar ham aynan ular bo’lishiga katta e’tibor qaratamiz.

Ma’lumotlar uchun tashakkur!
Tadbirda o‘z taqdimoti bilan yoki mehmon sifatida ishtirok etishni istovchilar diqqatiga! Taqdimotingizni va o‘zingiz haqingizdagi ma’lumotni 25-aprelga qadar O‘zMU jurnalistika fakulteti “Uslubiyat, tahrir va Internet jurnalistika” kafedrasiga taqdim e’tishingiz lozim.

Mediakonferensiya 28-aprel soat 14:00 da O‘zbekiston Milliy kutubxonasining 5-qavatidagi katta zalida bo‘lib o‘tadi.

O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi

Azizaxon Ilyosxonova

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq