«O‘zRTXB» AJda birinchi chorak yakunlari muhokama qilindi
27.04.2016
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2016-yil 22-aprel kuni “O‘zRTXB” AJ boshqaruvining 2016-yilning birinchi chorak yakunlari va ikkinchi chorak vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda markaziy apparat bo‘limlar va hududiy filiallarining boshliqlari ishtirok etdilar.

uz_27_04_2016

Tadbirda joriy yilning birinchi choragida birjaning barcha savdo platformalarida ijobiy natijalar erishilganligi aytib o‘tildi. O‘zRTXB da tuzilgan barcha bitimlarning umumiy hajmi 2015-yilning birinchi choragi bilan solishtirganda 31 foizga ko‘tarilib, 2,62 trln so‘mni tashkil etdi. Xususan, birja bitimlarining hajmi 30 foizga oshib, 2,09 trln so‘mga yetdi. Bunda bir qator tovar pozitsiyalari bo‘yicha natural ko‘rinishda o‘sish kuzatildi, shu jumladan, mineral o‘g‘itlar bo‘yicha 29,6 foizga, polietilen – 22 foizga, shakar – 12 foizga, bug‘doy (don) – 11 foizga o‘sdi. Sotuvchilarning qo‘shimcha daromadlari 2015-yilning birinchi choragiga nisbatan 55 foizga, ya’ni 723,7 mlrd so‘mgacha ko‘tarildi. Hisob-kitob kliring elektron tizimda 2 378ta yangi mijozlar ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Hisobot davrida birja, yarmarka va auksion savdolarda tadbirkorlar ishtiroki kengaytirildi. Joriy yilning birinchi choragida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 1,38 trln so‘mlik mahsulotlar sotib olingan bo‘lib, bu 2015-yilning birinchi choragi bilan solishtirganda 19 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, ular 551,1 mlrd. so‘mlik mahsulotlarni sotdilar va ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 38,5 foizga o‘sdi. Tadbirkorlarning birjaning umumiy tovar aylanmasidagi ulushlari 74 foizni tashkil etdi.

Ko‘rgazma-yarmarka savdolar tizimida chorak yakuni bo‘yicha eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi qayd etildi. Xususan,  unda 335,3 mlrd so‘mlik 13,7 mingta bitimlar tuzilib, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga qiyoslaganda 45,2 foizga ko‘pdir. Shuningdek, onlayn savdolar ushbu tizimda avval ishtirok etmagan 489ta korxonalar faol qatnashdilar.

«D-xarid» davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan elektron savdolar hajmi 13 foizga o‘sdi va byudjet mablag‘larini tejalishi 22,0 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Kichik biznes subyektlarining davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarning sonidan 99 foizni va ularning hajmidan 98 foizni tashkil etdi. Elektron katalog savdo tizimida 7,4 mlrd. so‘mlik bitimlar imzolandi va 2,3 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari iqtisod qilindi.

«E-xarid» – korporativ xaridlarining hajmi esa 20 foizga, ya’ni 96,7 mlrd so‘mgacha ko‘tarildi. Bunda moliya mablag‘larini tejalishi 2015-yilning birinchi choragiga nisbatan 18,4 mlrd so‘mdan 26,3 mlrd. so‘mgacha o‘sdi. Kichik biznes subyektlarining davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarning sonidan 98 foizni va ularning hajmidan 99 foizni tashkil etdi. Auksion savdolarda har bir talabnomaga o‘rtacha 16tadan ortiq takliflar kelib tushdi.

Majlis yakuniga ko‘ra, ikkinchi chorak uchun vazifalar belgilandi va ular qatorida eksport savdolari hajmi va yarmarka savdolari orqali tayyor mahsulotlarni sotuv hajmlarini o‘sish sur’atlarini yanada ko‘tarish, tadbirkorlik subyektlarini elektron savdolarga jalb etish maqsadida “Yagona darcha” markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish, birjaning interaktiv xizmatlarini YaIDX ga bog‘lash ishlarini davom ettirish hamda “O‘zRTXB” AJ 2016-2020 yillar uchun rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqish kabi vazifalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida e’tirof etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq