Mijozlarga yengilliklar yaratib
27.04.2016
Rukn: Internet.
Muallif: .

mij_27_04_2016

Bugungi kunda barcha sohalarda bo‘lgani kabi sug‘urtada ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalanish dolzarblashgan. Bu avvalo, mijozlar uchun qulaylik yaratib, sug‘urta xizmatlaridan foydalanishda zamon va makon tushunchalarini qisqartirish imkonini beradi.

Shu maqsadda «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda qator yechimlar tatbiq etildi. Joriy etilgan sug‘urta xizmati to‘lovining elektron usullari natijasida mijozlar uchun «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash», «Ixtiyoriy tibbiy sug‘urta», «Ixtiyoriy mulk sug‘urtasi» kabi 10 turdagi sug‘urta mahsulotini Internet orqali elektron to‘lov tizimlari yordamida sotib olish imkoniyati yaratildi. Sotib olish jarayoni mijozlarga mamlakatimizda mavjud bo‘lgan Click, M-Bank, U-Pay, WebSum, Uzcard kabi elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan holda to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Eng ommaviy bo‘lgan sug‘urta turlaridan biri — transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta xizmatidan foydalanishda aholiga yanada qulaylik yaratilib, «SMS xabardor etish» xizmati joriy etildi. Ushbu xizmat orqali sug‘urta mukofoti, polisning raqami, sotib olingan sanasi hamda tegishli filial telefon raqamlari haqidagi ma’lumotlar polisni xarid qilish paytida tizimga kiritilib, sug‘urta shartnomasining muddati tugashiga 5 kun qolganda mijozning mobil telefoniga tegishli mazmundagi xabar yuborilmoqda.

Kompaniyaning sug‘urta va moliyaviy faoliyatiga oid yagona axborot tizimi yaratilgan bo‘lib, unda sug‘urta shartnomalari, sug‘urta da’volari va kompaniyaning boshqa ma’lumotlar jamlangan. Ushbu tizimdan barcha xodimlar, shu bilan birga, polislarni sotuvchi xodimlar yoki ularning agentlari onlayn tarzda foydalana oladi. Tizimga korporativ VPN-tarmog‘i bilan birga, Internet tarmog‘i orqali kirish imkoniyati ham mavjud. Bulardan tashqari, kompaniyada xodimlar hisobi, sug‘urta agentlari faoliyati hisobi, bo‘linmalar faoliyati hisobi, harbiy xizmatchilarga to‘lovlar hisobi, sug‘urta qo‘mitasi kabi avtomatlashtirilgan ish o‘rinlari, binoga kirib-chiqishni nazorat qiluvchi Ruhsatnoma.uz dasturi, ijro intizomi nazorati, arxivni yuritish, investiyatsiyalarni sug‘urtalashga oid tizimlar, e-Hujjat va E-Xat kabi axborot tizimlari va dasturlar mavjud.

Shular bir qatorda, kompaniyada axborot xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu yo‘nalishda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, dasturiy va apparatli tizimlar joriy qilingan. Dasturiy yechimlarda, masalan, «Kasperskiy laboratoriyasi»ning viruslardan himoya qiluvchi dasturi, dasturiy va apparatli fayrvol, Windows Server seriyasidagi operatsion tizimlar axborot xavfsizligini ta’minlashda kompleks yechim sifatida foydalanilmoqda. Jismoniy himoya qilish borasida, binoga kirib-chiqishni nazorat qiluvchi turniket, videokuzatuv, yong‘inga qarshi va yong‘inning oldini oluvchi, qo‘riqlash signalizatsiyasi kabi zamonaviy tizimlar joriy qilingan. Mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida kompaniya veb-saytining mobil versiyasi hamda Android va iOS (Apple) telefonlari uchun sug‘urtaga oid «O‘zbekinvest» mobil ilovasini ishga tushirildi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha Kompaniya faoliyatida o‘sish kuzatilmoqda. 2016-yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalish bo‘yicha mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar orasida Kompaniya yetakchi o‘rinlardan birini egallagan.

Kompaniya tomonidan yaqin kelajakda elektron ko‘rinishdagi sug‘urta polislar sotuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu jarayon sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchi yuzma-yuz uchrashmagan holda sug‘urta xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Kompaniyada axborot-kommunikatsiya texnologiya texnologiyalarini joriy etishga mas’ul bo‘lgan tarkibiy tuzilma — Sug‘urtada axborot texnologiyalari departamenti xodimlari «Elektron hukumat» va «Axborot xavfsizligi» sohasida muntazam malakalarini oshirib boradilar, sohaga oid seminarlar va anjumanlarda ishtirok etadilar.

mij_27_04_2016_1

Kelajakdagi rejalarida kompaniya tizimida joriy qilingan tizimlarni yanada takomillashtirish, mijozlarga ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida yana boshqa tizimlarni yaratish va joriy qilish maqsad qilib belgilangan. Ma’lumot o‘rnida, «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining ustav jamg‘armasi 60 mln. AQSH dollari ekvivalentiga teng bo‘lib, uning asosiy strategik faoliyati milliy eksport qiluvchilarning iqtisodiy manfaatlarini chet ellarda xorijiy sheriklar tomonidan qabul qilingan shartnoma majburiyatlarining bajarilishiga to‘sqinlik qiluvchi siyosiy, tijorat va tadbirkorlik tavakkalchiliklaridan sug‘urtaviy himoyalash, texnologiyalar, tovarlar va xizmatlar eksportini mablag‘ bilan ta’minlash uchun kreditlar ajratuvchi tijorat banklariga eksport kreditlarini sug‘urtalashga kafolat berish, milliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini tahlil qilish hamda texnologiyalar, tovarlar va xizmatlarning xalqaro bozorlarga kirib borish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyotimizga sarmoya sarflayotgan xorijiy va mahalliy sarmoyadorlarning mulkiy va shaxsiy manfaatlarini kompleks sug‘urtalash, xalqaro, xorijiy va mamlakatimizning davlat va xususiy sug‘urta tashkilotlari bilan bevosita hamkorligini rivojlantirish, birgalikdagi sug‘urtaviy faoliyati va qayta sug‘urta qilish amaliyotlarini amalga oshirishga qaratilgan. Shuninigdek, kompaniya sug‘urtaning boshqa majburiy va ixtiyoriy turlari bo‘yicha ham samarali faoliyat yuritib, barqaror natijalarga erishmoqda. Xususan, xalqaro nufuzli reyting agenligi bo‘lgan «Moody’s» har yili «O‘zbekinvest» EIMSKning xalqaro moliyaviy reytingini yangilab kelmoqda. Jumladan, agenlik kompaniyaning moliyaviy faoliyatini 2015-yilning noyabr oyida «barqaror» prognozi bilan «B1»dan «Ba3»ga ko‘tardi. Xalqaro ekspertlar ushbu sug‘urta muassasasini baholashda uning ulushida davlat ishtirokining mavjudligi, milliy sug‘urta bozorida kuchli beshtalik qatoridaligi, sug‘urta mukofotlarini yig‘ish va o‘z faoliyatini diversifikatsiyalashda o‘sish sur’atlarining barqarorligi va sug‘urta portfeli kapitalizatsiyasining yuqoriligi kabi omillarga tayanganligini qayd etdi.

Bundan tashqari, joriy yilning fevral oyida «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi O‘zbekistondagi korxonalar orasida birinchi bo‘lib, ISO 9001:2015 yangi standarti bo‘yicha qayta sertifikatlandi. Bu Shveytsariyaning SGS sertifikatlash tashkiloti tomonidan amalga oshirilib, u kompaniyaga strategik rejalash-tirishdan tortib sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqishgacha barcha biznes jarayonlardagi turli qaltisliklar ta’sirini baholash va kamaytirish imkonini beruvchi tegishli tartiblarni ishlab chiqish, faoliyatning barcha bosqichlaridagi qaltisliklarni baholash tizimini joriy etish, ISO 9001:2015 standarti talablariga muvofiq xodimlarni o‘qitish, shuningdek, muassasaning tashqi va ichki kontekstini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash imkonini berdi.

Kompaniyaning bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab faoliyat geografiyasi barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14ta hududiy filial, 141ta sug‘urta bo‘linmasini qamrab olgan. Bundan tashqari, muassasa tomonidan o‘z xizmatlarini aholi hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlar o‘rtasida yanada keng targ‘ib qilish maqsadida joylarda 700 nafardan ortiq sug‘urta agenti jalb etilgan.

«O‘zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq