Internetda yoshlar axborot xavfsizligini ta’minlash uchun
27.04.2016
Rukn: Internet.
Muallif: .

inter_27_04_2016

Jahon bo‘ylab jadal tusda o‘tayotgan axborot asrining globallashuv jarayoniga xos bo‘lgan  g‘oyalar kurashi, axborot xuruji avj olgan bir davrda mamlakatimizda o‘sib kelayotgan avlod, yoshlarni barkamol shaxs sifatida tarbiyalash yanada dolzarb hamda muhim masala bo‘lib hisoblanadi. Mazkur masalani hal etishda yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamkakatimiz yoshlariga zamon talabiga mos ta’lim-tarbiya berish jarayoniga yangi  zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) tizimi va Internet tarmog‘i imkoniyatklarining tatbiq etilishi o‘zining samarani oshirish omili ekanligini allaqachon namoyon etmoqda. Jahonda shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan AKT tizimi va internet tarmog‘idan samarali foydalanish yoshlarda ijodiy tafakkurlarini rivojlantirib, o‘zligini namoyish etishlariga imkon berayotganligi ham yangi  zamonaviy texnologiyalarning afzalliklaridan bo‘lib hisoblanadi. Mazkur afzalliklardan foydalanib, yoshlarimiz o‘z intellektual salohiyatlari  va qobiliyatlari, iste’dodlarini namoyon etishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berilmoqda, ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishlari maqsadida ta’lim-tarbiya jarayoni zamon talabiga muvofiq tashkil etilib, barcha zarur texnika vositalari bilan ta’minlanmoqda.

Shu bilan bir qatorda, olimlar, muta­xassislar, shifokorlar, pedagoglar va boshqalar tomonidan mazkur yangi texnologiyalar bolalar va yoshlar tarbiyasiga salbir ta’sirga egaligi ham ta’kidlanmoqda. Ma’lumki, Internetdan foydalanuvchilar­ning ko‘pchilik qismini yoshlar tashkil etadi.

Yoshlarmizni AKT va internet tarmog‘i­dagi salbiy mazmunga ega axborotlardan himoya qilish, ularda Internet taqdim etadigan axborotdan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirish, mamlakatimiz taraqqiyotini ko‘zlovchi, xalqimiz tarixi, urf-odatlarini qadrlovchi, milliy qadriyatlarga sodiq, ma’naviy yetuk inson bo‘lib, kamol topishi, barkamol shaxs sifatida tarbiyalanishida axborot muhitidagi salbiy ta’sirlar hamda tahdidlardan asrash, shuningdek, tarmoqdan ayrim xorijiy axborot oqimi orqali kirib kela­yotgan yovuz niyatli g‘oyalarning oldini olish va ta’sir kuchini kamaytirish, axborotdan xavfsiz foydalanishlarini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalariga aylangan.

inter_27_04_2016_1

Bu boradagi vazifalarni amalga oshi­rishda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma» shubhasiz muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2016-yil 7-apreldagi qo‘shma qarori aso­sida tasdiqlangan bo‘lib, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va Respublika «Kamolot» YoIH Markaziy kengashi bilan kelishilgan.

O‘zbek va rus tillarida taqdim etilgan «Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma» voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalariga mo‘ljallab, tayyorlangan bo‘lib, bolalarni Internet tarmog‘idagi xavf-xatarlardan asrash va ularning axborot xavfsizligi me’yorlariga rioya qilishlari bo‘yicha tavsiyalar bayon etilgan. Jumladan, qo‘llanmada voyaga yetmaganlar 3 toifaga (7 yoshdan 10 yoshgacha, 10 yoshdan 13 yoshgacha, 13 yoshdan 16 yoshgacha) bo‘linib, ularga va ularning ota-onalariga bir-biridan alohida tarzda takliflar va tavsiyalar berilgan.

Qo‘llanmadan mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalari va oila muhitida foydalanib, bolalar va yoshlarni Internet tar­mog‘idagi salbiy kontentlardan himoyala­nish usullarini o‘rganishlari, ota-onalar esa farzandlarining Internet tarmog‘idan to‘g‘ri va samarali foydalanishlarini ta’minlay olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin. Qo‘llanmada yoshlarning Internet resursla­ridan foydalanish holatini tahlil qilish, ularda axborot olish va uzatish madaniyatini shakllantirish, yosh avlodning ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishi, ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatadigan axborotdan muhofaza qilish, xavfsiz internet muhitini shakllantirish va bunga zarur sharoitlar yaratish zarurligi ta’kidlangan. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib, yoshlarga salbiy ta’sir etuvchi, yoshlar kamolotiga xavf solayotgan mafkuraviy tahdidlar va g‘oyalarga qarshi kurashishda ota-onalar ogohligi borasida alohida batavsil fikrlar bayon etilgan.

inter_27_04_2016_2

Xulosa qilib aytganda, global tarmoq­ning chegara bilmasligi foydali axborotlar bilan bir qatorda, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy tarbiyasiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan nosog‘lom maz­mundagi axborotlarning ham tarqalishi­ning oldini olish hozirgi kunning dolzarb masalasidir. Axborot xavfsizligini ta’min­lash markazi tashabbusi bilan Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligi muammolari tadqiqotlari asosida tayyorlangan ushbu qo‘llanmaning mazmuni aynan ushbu masalani hal etish masalalariga yo‘nalti­rilgan bo‘lib, tavsiyaviy mazmunga ega hamda voyaga etmaganlar va ularning ota-onalariga mo‘ljallangan. Qo‘llanma yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyatga molik bo‘lishiga shubha yo‘q.

Tuzuvchi:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi

Bugungi kunda Internet (INTERNET — birlashgan tarmoqlar, «INTERconnected NETworks»ning qisqartirilgan nomi) — inson hayotining ilk bosqichidanoq uning ajralmas qismiga aylanib qolgani bois, bolalarni uning xavfidan himoyalash masalasi bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi va mazkur muammo global miqyosda hal etilishi taqozo etiladi.

Global tarmoqning chegara bilmasligi foydali axborotlar bilan bir qatorda, no­sog‘lom mazmundagi axborotlarning ham tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy tarbiyasiga ziyon yetkazishi mumkin.

Ushbu qo‘llanma Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi tashabbusi bilan Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligi muammolari tadqiqotlari asosida tayyorlangan bo‘lib, aso­san tavsiyaviy mazmunga ega hamda voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalariga mo‘ljallangan.

Maqsad — bolani Internetdan ajratib qo‘yish emas, balki uning kamol topishi uchun mukammal vositalar yaratish

Internet bolalar tarbiyasida o‘ta muhim o‘rin egallaydi. Chunki, bola tarbiyaga oid xulq-atvor ko‘nikmasi, hayot tamoyillari, fikrlash va olam manzarasini ko‘proq aynan Internet yordamida o‘rganish imkoniyatiga ega. Ayrim ota-onalar farzandining kom­pyuter qarshisida bo‘lgan vaqtida hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, deb o‘ylaydi. Biroq virtual olamda ham ularni muayyan xavf-xatarlar va tahdidlar kutib turgan bo‘lishi mumkin. Axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tahlikali sharoitlarda qay tarzda o‘zini muhofaza qilish, xavf-xatarlar va tahdidlardan himoyalanish mumkinligini anglash uchun murakkab bo‘lmagan qoida va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, Internetda ishlash paytida ularni esda tutish va e’tibor qaratish so‘raladi.

XAVF-XATARLAR — ularning tarmoqda uchta asosiy turi mavjud:

Kontent xavfi — yosh avlodning ax­loqiy va ma’naviy tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi (matnlar, tasvirlar, audio, video­fayllar, havolalar) noqonuniy, axloqsiz va zararli bo‘lgan turli axborotlarning (zo‘ra­vonlik, yovuzlik, hayosizlik, odob-axloq me’yorlariga zid so‘zlashuv, irqiy, diniy va millatlararo nizolarni keltirib chiqaruvchi, terrorizm va diniy ekstremizm, narkotik va psixotrop moddalar targ‘iboti, joniga qasb qilish, taqiqlangan o‘yinlar) Internet tar­mog‘ida doim mavjud.

Kommunikatsion xavf — Internet tarmog‘ida noma’lum (yaxshi tanish bo‘lmagan) shaxslar bilan muloqot jarayo­nida paydo bo‘ladi. Tarmoqdagi anonimlik va javobgarlikka tortilmaslikni anglash hissi ko‘p foydalanuvchilar tomo­nidan xaqo­rat, qo‘rqitish, kiberbulling, xiralik hamda shantaj qilish kabi holatlarga yo‘l ochadi.

Texnik xavf — zararli dasturlardan foydalanib (virus, bot, ayg‘oqchi dasturlar), dasturiy mahsulotlarga zarar yetkazish, maxfiy va shaxsiy axborotlar yoki shaxsga oid ma’lumotlarni o‘g‘irlash, kiberfiribgarlik.

TAHDIDLAR — mutaxassislar tomoni­dan umumjahon «o‘rgimchak to‘ri»da bolalar duch keladigan va ularning ruhiyatiga so‘z­siz salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan tahdidlarning asosiy turlari tasniflanib berildi.

  1. Mazmunan zo‘ravonlik, yovuzlik, hayo­sizlik, axloqsizlik, Internetdagi qimor o‘yinlar, narkotik moddalar to‘g‘risida axborot, huquqbuzarlik, irqiy nafratla­nishga oid sayt va materiallarga (foto, video, audio va bosma materiallar) oson kira olish imkoniyati.
  2. Notanish kishilar bilan elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar va turli shubhali forumlar vositasida muloqotlar qilish, turli yozishmalarni amalga oshirish.
  3. Bolalar Internetdan foydalanganda duch kelishi mumkin bo‘lgan holatlar, ya’ni nazorat qilinmaydigan jarayon Internet orqali xarid qilish va onlayn o‘yinlarda nazoratsiz vaqt o‘tkazish.

TAHLIKALAR — axborot xavfsizligi eks­pertlari tomonidan 5 ta asosiy tahlika tasnifi belgilab berildi. Agarda ularga befarqlik bilan qaralsa, bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

  1. Internetdan nazoratsiz foydalanish oqibatida ota-ona obro‘sining zaif­lashuvi. Gohida ota-onalar «farzandim ulg‘aydi yoki bolam biror-bir mashg‘ulot bilan band bo‘lib, menga xalaqit bermasin», deya uni global tarmoq bilan yolg‘iz qoldiradilar. Bunday holatlar bolalarning Internetdan nazoratsiz foydalanishining bi­rinchi qadami hisoblanib, oqibatda, bolalar o‘z ota-onalarini tinglamay, ularni aldash va mensimaslikni odat qilib olishadi.
  2. Madaniyat, g‘oya, mafkuralar­ning aksil tizimi. Hayotning ushbu murakkab dav­rida o‘spirin o‘zini ko‘rsatish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallash yo‘llarini izlaydi. Mustaqil bo‘lish kayfiyatiga ehtiyoj sezadi. Ushbu yo‘lda Internet tarmoqlarida tarqalayotgan va targ‘ibot qilinayotgan aksilmadaniyat tizimi, xususan, «got», «emo» va boshqa submadaniyat oqimlari, diniy-ekstremistik oqimdagi mafkuralar hali shaxs sifatida barqaror shakllanib ulgurmagan yosh avlodga katta xavf tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, tarmoqlarda odob-axloq me’yorlariga zid so‘zlashuv, tushkunlik, insoniyatga nafrat, jinoyat olamiga xos mazmundagi qo‘shiqlarni ham uchratish mumkin. Ayrim qo‘shiqlarda jamiyatga qarshi borish, qonunlarga hurmatsizlik, nizolar, jinoyat, suiqasd, narkotik moddalari iste’moli kabilar ham mavjud. Ularning ijobiy jihati mutlaqo bo‘lmagani bois, ularga ortiqcha ta’rifga hojat yo‘q.
  3. Anonim Internet-muloqotlar. Ta’kidlash lozimki, onlayn muloqot o‘zining tabiati bilan jonli muloqotdan tubdan farq qiladi. Bu erda mutlaqo o‘zgacha xulq me’yorlari, etika standartlari, farqli mezonlar amal qiladi. Forumlar, chatlar, hamjamiyatlarda noma’lum shaxslar bilan muloqot qi­lishga to‘g‘ri keladi. Anonimlik holati foydalanuvchilarga Internetda real hayotda ayta olmaydigan fikrlar va harakatlar sodir qilishga izn beradi. Anonim muloqotlar haqorat, kiberbulling, kamsitish va xiralik qilish sin­gari harakatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bolalarning xavfsizligi, ma’naviy va jismoniy sog‘ligi nuqtai nazaridan qaralganda, farzandlarining Internet orqali tanishuv masalalarini ota-onalar nazorat qilishlari lozim bo‘lgan jihatlardan biri hisoblanadi.

  1. Shaxsiy ma’lumotlarni yo‘qotish— bu Internet tarmog‘i foydalanuvchilarining (bolalar va o‘smirlar) o‘ta ishonuvchanligi va ochiqligi bois sodir bo‘ladi. Ushbu holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish paytida, onlayn xaridlar qilayotganda, chat va forumlarda anketalarni to‘ldirish chog‘ida kuzatiladi. Shaxsiy ma’lumotlar to‘plami yovuz niyatli kishilar uchun juda qulay o‘lja bo‘lib, bundan ular o‘zlarining g‘arazli va noqonuniy maqsadlarida foydalanishlari mumkin. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ijtimoiy tarmoqlardagi akkuantlar (sahifalar) shaxsiy ma’lumotlar yo‘qoladigan (o‘g‘irla­nadigan) asosiy joy bo‘lib hisoblanadi. Ko‘p sonli yosh foydalanuvchilar o‘z akkauntla­rida erkin foydalanish uchun barcha ma’lu­motlarni, ya’ni tug‘ilgan kuni va ismini (telefon raqami, maktabi, yashash manzili, qaysi joylarda bo‘lishni yaxshi ko‘rishini, kayfiyati va xarakterini yozishni xush ko‘radi), shu jumladan, katta hajmda fotosuratlarni ham joylashtiradi.
  2. O‘yinlarga qaramlik. Onlayn o‘yin­lar haqiqatan ham qiziqarli, ularning yara­tuvchilari bolalar o‘yin jarayonida ko‘proq vaqt davomida qolib ketishlari uchun barcha choralarni ko‘rib qo‘yishgan. Zamonaviy onlayn o‘yinlarda ma’lum bosqichlardan o‘tish va o‘yin qahramonlarini takomillashtirib borish uchun ko‘p vaqt talab etiladi va bu jihatlar, o‘z navbatida bolalarning o‘yin jarayonida uzoq vaqt qolib ketishlarini ta’minlaydi. O‘spirinlar o‘zlarini namoyon qilishga ehtiyoj sezganlari bois, bunday imkoniyatni aynan ana shunday onlayn o‘yin­lardan axtarishadi. Bu holatlar esa bolani ruhiy qashshoqlashuviga, o‘yinga qaram bo‘lib qolishiga olib keladi. O‘yinlarga qaram bo‘lib qolib, ko‘p bolalar ovqatlanish, dars tayyorlashni unutib, uyqusizlikka ham du­chor bo‘ladilar.
  3. Zararli dasturlar (viruslar, spamlar, josuslik dasturlari, fishinglar) orqali dasturiy mahsulotlarni shikastlash. Fi­ribgarlar aksariyat hollarda yosh foydala­nuvchilarning ishonuvchanlik va turli xil hujumlar haqida bexabarligidan foydalanib, ularning kompyuteriga o‘zlarining zararli dasturlarini kiritishga erishidilar. Shu bois, notanish havolalarga o‘tish, noma’lum saytlardan dasturlar va multimedia fayllarni yuklab olish, notanish «do‘stlar»dan kelgan xatlarni o‘qish, o‘z navbatida, kompyuterni virus bilan zararlanishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Kompyuter virusi — zararli dastur turi bo‘lib, o‘zining nusxalarini yarata oladi va boshqa dasturlar kodiga kirib, turli aloqa kanallari orqali o‘zining nusxalarini tarqata oladi. Virusning maqsadi — kompyuterni ishdan chiqarish, fayllarni o‘chirish, foydalanuvchi ishini to‘sish va h.k.

Josuslik dasturlari — kompyuterga uning konfiguratsiyasi, foydalanuvchi, uning faoliyati haqidagi ma’lumotlarni to‘plash uchun yashirin tarzda o‘rnatiladigan bo‘lib, u, shuningdek, sozlash tizimini o‘zgartirish, foydalanuvchiga bildirmagan holda dasturlar o‘rnatish va uning xatti-harakatlari haqida tegishli joy­ga ma’lumotlarni yuborib turish singari boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.

Spam — zararli materiallarni o‘z ichiga olgan xatlarni ommaviy tarzda jo‘natish.

Fishing — odatda rasmiy xabar niqobi ostidagi xat yoki havola. Jabrlanuvchi shaxs aldovni sezmasligi uchun sayt yoki xabar aslidagidek (rasmiy) ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Yuqorida bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, qolaversa, yoshlarni Internetda himoya qilishni nazarda tutgan holda, Internet xavfsizligiga oid bir nechta oddiy maslahatlarni tavsiya qilmoqchimiz. Biroq, har bir bola o‘ziga xos alohida individual shaxs ekanligi va ularga alohida yondoshuv kerakligi bois, mutaxassislar bolalar va o‘spirinlarni qu­yidagi toifalarga ajratishdi:

1) 7–10 yosh — bu yoshda bolaning farqlash hissi juda faol bo‘lgani bois, unga to‘g‘ri axborotlarni berishni nazorat qilmoq lozim. Chunki shu yoshda axborotni anglash qobiliyati shakllana boshlaydi. Ushbu yoshdagi foydalanuvchilarning aksariyat qismi endigina o‘qishni o‘rgangani, qaysi saytga kirgani va qanday muammolarga duch kelishi mumkinligini oxirigacha tushunib yetmaydilar. Multfilm va rang-barangligi bilan jalb qiluvchi o‘yinlarga qiziqish bo‘lgani bois, bolalar ko‘p hollarda shu kabi axborotlarni izlashadi. Shu sababli 7–10 yoshdagi bolalarning Internetdan foydalanishini ota-onalar yoki kattalar tomonidan doimo nazorat qilinishi zarur. Internet tarmog‘ida tarqalayotgan va yosh avlodga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlarni filtrlash yoki zararli resurslarni cheklash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ushbu yoshdagi bolalarga muvofiq keluvchi veb-saytlar ro‘yxatini tuzish yoki filtrlash dasturlaridan foydalangan holda, Internetga kirishlarini nazorat qilib bo­rish zarur. Maqsad — ushbu yosh vakillariga Internetdan foydalanishda xavfsizlikka rioya qilishning asoslari, muloqot etiketi va u yoki bu axborotning to‘g‘riligini idrok qilishga o‘rgatish.

inter_27_04_2016_3

2) 10–13 yosh — Mazkur davr o‘ta muhim bo‘lib, bola uchun o‘tish davrining eng murakkab payti hisoblanadi. Ushbu yoshdagi bolalar ko‘p narsani tushunishga harakat qiladigan va qiziquvchan bo‘ladilar. Internet tarmog‘ida o‘yinlar va axborotlarni izlash bilan bir qatorda, ushbu yoshdagilar do‘st va tanishlar topish maqsadida ijtimoiy saytlar va chatlardan faol foydalanishadi.

3) 13–16 yosh — Mazkur toifa o‘smir­lardan iborat. Ushbu toifadagi o‘smirlar, shaxs sifatida va jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida aynan shu yoshda shakllanishi bois, faoliyat doirasining qamrovi kengligi va alohida e’tibor talab etishi bilan ajralib turadi. Bu toifadagi o‘smirlar Internetdan faol foydalanadilar. Internet ular uchun ulkan axborot manbasi, tengdoshlari va do‘stlari bilan muloqot vositasi, shu jumladan, vaqtichog‘lik qilish imkoniyati hamdir. Yoshlarning aksariyat qismi ijtimoiy tar­moqlardan va tezkor xabarli ilovalar (messen­jerlar)dan foydalanadi.

Mazkur yoshdagi eng katta muammo — bu ota-onalar tomonidan «bolalarimiz ulg‘aydi» qabilida ularni to‘la nazorat qilmaslikdir. Bu yoshni yana «axborot ochligi» yoshi, deb ham atash mumkin. Bu davrda bolalar ulg‘ayib, barcha narsalar haqida ko‘proq bilishni xohlaydilar. Onlayn muloqotga kirish ular uchun kundalik hayotining bir qismi hisoblanadi.

Bugungi kunda bolalar va o‘smir­larlarning Internet tarmog‘idan foydalanish vaqtini tartibga soluvchi norma ishlab chiqilmagan. Mutaxasissislarning fikrlari bir-biridan farq qiladi. Aksariyat ruhshunoslar, shifokorlar va pedagoglarning fikricha, Internet tarmog‘idan foydalanish vaqti qu­yidagicha taqsimlanishi lozim:

  • 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 1 soat
  • 10 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 1,5 soat
  • 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 2 soat

Ta’kidlash joizki, bu vaqt oralig‘ida ekran qarshisidagi bola kamida 10 daqiqa tanaffus qilishi kerak. O‘smirlar va bolalarni kompyuter qarshisida, jumladan, Internet tarmog‘ida vaqt o‘tkazishining yuqoridagi kabi taqsimlanishidan maqsad «Internetga qaramlik», ko‘rish qobiliyatining pasayishi («quruq ko‘z» sindromi), umurtqa pog‘o­nasining qiyshayishi (skalioz), qomatning buzilishi (bukchayish) kabi kasalliklardan asrashdir.

7–10 yosh toifasidagilar uchun himoyalanish bo‘yicha takliflar

  • qidiruv xizmatidan foydalanishdan avval sizga qanday ma’lumot kerakligi haqida o‘zingiz aniq tasavvurga ega bo‘ling;
  • notanish saytlarga kirmang, notanish havolalarga o‘tmang, bunday veb-saytlar havolalarini boshqalar bilan bo‘lishmang;
  • agarda siz bilmay yoki adashib, sizda salbiy munosabat uyg‘otadigan, katta yoshdagilarga mo‘ljallangan kontentdan iborat saytga kirib qolsangiz, tezda chiqib keting;
  • fayllarni yuklamang va joylashtirmang (bu o‘rinda katta yoshdagilar yordamiga tayaning);
  • shartlarni qabul qilmang, anketa to‘ldirmang, boshqa talablar so‘ralganda esa rad eting;
  • siz tez-tez foydalanayotgan to‘g‘ri va haqqoniy kontentga ega resurslarni «tanlanganlar»ga qo‘shing;
  • sizga notanish kishilar va saytlardan qo‘pol, beadab mazmunidagi xabarlar kela boshlasa, ularni javobsiz qoldirib, blokirovka qiling.

Har qanday vaziyatda, agarda siz nimadandir xavotirlansangiz, buni ota-onangiz bilan muhokama qiling.

Mazkur toifadagi bolalarning ota-onalariga tavsiyalar:

  • bolalarga Internetdan foydalanish jara­yonida nima qilish mumkin va nima qi­lish mumkin emasligini tushuntiring;
  • bolangizning tarmoqda bo‘lish vaqtini cheklang, u kompyuter qarshisida bo‘lgan paytda mumkin qadar birga bo‘ling;
  • nomaqbul saytlarni brauzerning «qora ro‘yxat»iga kiritib qo‘ying. Ko‘pchilik dasturiy mahsulotlar (shu jumladan, brauzerlar) antivirus himoyasiga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, ota-onalar nazorati funksiyasiga ham egadir. Shu bois, ular bolalaringiz Internetda bo‘lgan chog‘­la­rida himoyachi vazifasini bajara oladi;
  • agarda farzandingizga Internet-chatga kirish yoki xabarlarning tezkor almashi­nuvi dasturlari (messenjerlar)dan foydalanishga ruxsat bergan bo‘lsangiz, unga notanish yoki ishonib bo‘lmaydigan kishilar bilan muloqot qilish yoki xabarlar yuborishning xavfli tomonlari, Internetdan foydalanganda jiddiy xavf-xatarlarga duch kelishi mumkinligi haqida uqtiring;
  • Internetdan foydalanish jarayonida bolalaringizga nimalar noqulaylik tug‘di­rayotgani yoki kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida sizni xabardor qilib borishini so‘rang.

10–13 yosh toifasidagilar uchun himoyalanish bo‘yicha takliflar

  • qidiruv xizmatidan foydalanishdan avval sizga qanday ma’lumot kerakligi haqida o‘zingiz aniq tasavvurga ega bo‘ling;
  • notanish saytlarga kirmang, ishonchsiz manbalar manzillaridan va notanish odamlardan kelgan xat va taklifnomalarning havolalariga o‘tmang, bunday veb-sahifalar havolalarini boshqalar bilan bo‘lishmang;
  • agarda siz bilmay yoki adashib, «bolalarga mo‘ljallanmagan» ma’lumotlar, video, audiomateriallar (hayosizlik, zo‘ravonlik, yovuzlik) mavjud bo‘lgan saytga kirib qolsangiz, tezda chiqib keting;
  • notanish fayllarni yuklamang va ularni ota-onangiz ruxsatisiz o‘rnatmang;
  • kam tanish bo‘lgan sayt yoki turli xil havolalar tomonidan muayyan talablar so‘ralganda, ularni rad eting, anketani to‘ldirmang, shartlarini qabul qilmang;
  • shaxsingizga oid ma’lumotlarni maxfiy saqlang. O‘zingizga tegishli bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni (F.I.Sh., manzil, telefon, tug‘ilgan sana) ochiq foydalanish mumkin bo‘lgan tarmoqlarda joylashtirmang;
  • parolni sir saqlang, oshkor qilmang, do‘stlar va tanishlaringizga bermang. Parolingiz murakkab, ya’ni son, harf va belgilardan iborat bo‘lsin;
  • agarda o‘yin o‘ynayotgan bo‘lsangiz yoki ko‘p sonli notanish foydalanuvchilar bo‘lgan chatda haqiqiy ismingiz o‘rniga «nik»dan foydalaning;
  • onlayn muhitda kim bilan tanishayotgan va suhbatlashayotgan bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘ling. Agar notanish yoki ikkilantirayotgan shaxs sizga do‘stlik taklif qilsa, qabul qilmang. Suhbatdoshingiz o‘zi haqidagi haqiqiy ma’lumotlarni yashirib, o‘zini boshqa shaxs sifatida ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin;
  • sizga notanish kishilar va saytlardan qo‘pol, beadab mazmunidagi xabarlar kela boshlasa, haqoratli va tahdidli murojaatlarni javobsiz qoldirib, blokirovka qiling. Ularning ta’siriga tushib qolmang.

Har qanday vaziyatda, agarda siz nimadandir xavotirlansangiz, buni ota-onangiz bilan muhokama qiling.

inter_27_04_2016_4

Mazkur toifadagi bolalarning ota-onalariga tavsiyalar:

  • bolangiz bilan suhbatlashib, unga Internetdan nazoratsiz foydalanishning salbiy oqibatlari, Internetdan foydala­nish jarayonida nima qilish mumkin va nima qilish mumkin emasligi haqida tushuntiring;
  • bolaning tarmoqda bo‘lish vaqtini cheklab qo‘ying, u kirayotgan resurslarni nazorat qiling yoki u kompyuter qarshisida bo‘lgan paytda mumkin qadar birga bo‘ling;
  • agarda farzandingizga Internet-chatga ki­rish yoki xabarlarning tezkor almashinuvi dasturlari (messenjerlar)dan foydala­nishga ruxsat bergan bo‘lsangiz, unga notanish yoki ishonib bo‘lmaydigan kishilar bilan muloqot qilish yoki xabarlar yubo­rishning xavfli tomonlari, Internetdan foydalanganda jiddiy xavf-xatarlarga duch kelishi mumkinligi haqida uqtiring;
  • agarda bolangiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqchi bo‘lsa, unga o‘zingiz akkaunt yaratib bering (login va parolini bilgan holda), sahifasiga qanday ma’lu­motlarni joylashtirishini nazorat qiling;
  • bolangizning virtual olamdagi barcha do‘stlari haqida xabardor bo‘lib boring. Onlayn do‘st bilan haqiqiy hayotda yolg‘iz uchrashish mumkin emasligini unga uqtiring;
  • zararli saytlarni brauzerning «qora ro‘y­xati»ga kiritib qo‘ying yoki kompyu­terga ota-ona nazorati funksiyasini o‘rnating. Ushbu dastur siz bo‘lmagan chog‘da ham bolangiz tomonidan zararli saytlarga kirish holatlarini cheklaydi;
  • Internetdan foydalanish jarayonida bolalaringizga nimalar noqulaylik tug‘di­rayotgani yoki kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida sizni xabardor qilib borishini so‘rang.

13–16 yosh toifasidagilarni himoyalash yuzasidan takliflar

  • qidiruv tizimidan foydalanayotganingizda faqat o‘zingiz uchun kerakli bo‘lgan axborotni izlang;
  • ishonchli manbalar va tekshirilgan sayt­larning axborotlaridan foydalaning. Axborotni boshqa ishonchli manbalar orqali ikki karra tekshirib ko‘ring;
  • kam tanish bo‘lgan yoki sizda shubha uyg‘otayotgan veb-saytlarga kirmang;
  • notanish saytlarga kirmang, ishonchsiz manbalar manzillaridan va notanish odamlardan kelgan xat va taklifnomalarning havolalariga o‘tmang, bunday veb-sahifalar havolalarini boshqalar bilan bo‘lishmang;
  • agarda siz bilmay yoki adashib, sizda salbiy munosabat uyg‘otadigan nomaqbul kontent (video, audio, foto yoki boshqa ma’lumotlar)ga ega saytga kirib qolsangiz, tezda chiqib keting;
  • kam tanish bo‘lgan yoki tekshirilmagan resurslardagi fayllarni yuklamang va ota-onangiz ruxsatisiz o‘rnatmang;
  • oxirigacha o‘qimay turib, taklif etilayotgan shartlarga rozi bo‘lmang va qabul qilmang;
  • kam tanish bo‘lgan sayt yoki turli havo­lalardagi anketa va boshqa talabnomalarni to‘ldirmang;
  • o‘zingizga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni (F.I.Sh., manzil, telefon, tug‘ilgan sana) ochiq foydalanishdagi tarmoqlarda joylashtirmang. Shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanishi lozim;
  • esingizda bo‘lsin, Internet bu sizning «qoldirgan raqamli izingiz». Bu yerda siz joylashtirgan barcha shaxsiy ma’lumotlar, video, audio roliklar yoki tasvirlar doimiy saqlanadi. Boshqa foydalanuvchilar tomonidan mazkur ma’lumotlaringiz g‘a­razli maqsadlarda foydalanishi mumkin;
  • do‘stlaringiz va tanishlaringizga parol va loginingizni oshkor qilmang. Ularni sir saqlang. Parolingiz murakkab, ya’ni son, harf va belgilardan iborat bo‘lsin.
  • agarda o‘yin o‘ynayotgan bo‘lsangiz yoki ko‘p sonli notanish foydalanuvchilar bo‘lgan chatda haqiqiy ismingiz o‘rniga «nik»dan foydalaning;
  • onlayn muhitda kim bilan tanishayotgan va suhbatlashayotgan bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘ling. Agar notanish kishi sizga do‘stlik taklif qilsa, qabul qilmang.
  • agarda sizga notanish kishilardan yoki saytlardan spam-xabarlar kela boshlasa, ularni ochmasdan va o‘qimasdan o‘chi­rib tashlang. Ularda viruslar bo‘lishi mumkin;
  • agarda sizni tarmoqda kimdir haqorat­lasa yoki tahdidli xabarlarni jo‘natsa, ularning ta’siriga berilmang, murojaatla­rini javobsiz qoldirib, blokirovka qiling.

Har qanday vaziyatda, agarda siz nimadandir xavotirlansangiz, buni ota-onangiz bilan muhokama qiling.

Mazkur toifadagi bolalarning ota-onalariga tavsiyalar:

  • imkon qadar bolaning tarmoqda bo‘lish vaqti va u kirayotgan resurslarini nazorat qiling yoki u kompyuter qarshisida bo‘lgan paytda birga bo‘ling;
  • bolangiz bilan suhbatlashib, unga Internetdan nazoratsiz foydalanishning salbiy oqibatlari, Internetdan foydala­nish jarayonida nima qilish mumkin va nima qilish mumkin emasligi haqida tushuntiring;
  • farzandingizga uning onlayn do‘sti aslida, o‘zi tasvirlayotganday emas, butunlay boshqa shaxs bo‘lib chiqishi mumkin ekanligini tushuntiring;
  • agarda bolangiz virtual do‘sti bilan real hayotda uchrashishni xohlasa, bunday holatda, ehtimoliy dilxiralikning oldini olish maqsadida, biror-bir yaqin (katta yoshdagi) kishi bilan birga uchrashuvga chiqishi lozimligini tushuntiring;
  • katta yoshdagilar bilan maslahatlashmasdan Internet-magazin orqali xarid qilmaslik kerakligini bolangizga tu­shuntiring;
  • agarda bolangiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalansa, o‘z akkauntiga joylashtirib borayotgan ma’lumotlar bilan tanishti­rib borishini so‘rang, login va parolidan xabardor bo‘ling, o‘z sahifasiga qanday axborotlarni joylashtirayotgani va foydalanayotganini nazorat qiling;
  • Internetdan foydalanish jarayonida bolalaringizga nimalar noqulaylik tug‘di­rayotgani yoki kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida sizni xabardor qilib borishini so‘rang.

Xulosa

Mazkur qo‘llanmada Internet makonida uchraydigan xavf-xatar, tahdidlar va tah­likalar haqida so‘z yuritilgani oqibatida, o‘quvchida Internetning zararli va buzg‘unchi vosita ekanligi haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘onishi ehtimoli ham mavjud. Aslida esa, unday emas. Internetda juda ko‘p foydali, ma’rifiy va qiziqarli axborotlar mavjud bo‘lib, ulardan to‘g‘ri va samarali foydalangan shaxs­da turli sohalar bo‘yicha bilimi oshib boradi. Ota-onalarning vazifasi «virtual olam­ning» barcha ijobiy jihatlari bilan farzandlarini tanishtirish va o‘rgatib borish hisob­lanadi. Buning uchun barcha axborotlarni ota-onalar, avvalo, chuqur tekshirishi va buni farzandlariga ham o‘rgatishi, ularni china­kam ulkan ilm va yuksak san’at namunalari bilan tanishtirib, ularda dunyo qiyofasiga mos bo‘lgan qadriyatlar tizimini shakllantirishi lozim bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda, yosh foydalanuvchilarda Internet-mada­niyatni shakllantirish va rivojlantirish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

inter_27_04_2016_5

Internet-madaniyat — har qanday manba va mazmundagi axborotni iste’mol qilish, o‘zlashtirish va uzatishni nazarda tutadi. Internet-madaniyat — bu Internet tarmog‘idagi ijtimoiy ongga salbiy ta’sir etuv­chi, jumladan, amaldagi davlat tuzumiga qarshi qaratilgan noxolis xarakterdagi, diniy-ekstremistik, terroristik, hayosizlik, shafqatsizlik va boshqa mazmundagi axborotlardan foydalanishning ongli ravishda, cheklani­lishi demakdir. Internet-madaniyatning zamirida muloqotga nisbatan umumqabul qilingan axloqiy talablar, shuningdek, har bir insonning betakrorligi va qadr-qimmatining bevosita tan olinishi mujassam bo‘lgan.

Internet-madaniyatni bilmaslik foydalanuvchi tomonidan Internet va ijtimoiy tarmoqlarda cheklanmagan miqdorda muloqot qilishiga, «anonim» foydalanuvchilar bilan tekshirilmagan va tasdiqlanmagan axborotlar almashinuviga olib kelishi mumkin. Bunday tendentsiya foydalanuvchilarning Internet olamida ommalashayotgan kiberjinoyatchilik, kiberbulling ta’siriga tushib qo­lishlariga sabab bo‘lishi ham mumkin.

Bunday tashqari, shuni ham ta’kidlashni joizki, doimiy ravishda, saytlarni nazorat qi­lish va nomaqbul kontentlarni blokirovka qi­lishdan ko‘ra, bolalar bilan ishonchli munosabat, ochiq va samimiy muloqotda bo‘lish ancha samarali natijalar berishi mumkin.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq