AKTni rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya ilmiy amaliy Forumi bo‘lib o‘tdi
21.04.2016
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

uz_21_04_2016

Ma’lumki, 2016-yilning 15-yanvar kuni mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruzalarida mamlakatimiz YaIMdagi AKTning hissasini oshirish lozimligi, mamlakatimiz hukumatining faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida «Elektron hukumat» tizimini yaratishni jadallashtirish lozimligi to‘g‘risidagi vazifalar ta’kidlangan edi.

Mazkur sohada dunyoning yetakchi davlatlaridan biri sifatida Janubiy Koreya tilga olinadi, ushbu mamlakatda AKT sohasining YaIMdagi ulushi 11,8 foizni tashkil etib, dunyodagi rivojlangan mamlakatlardagi o‘rtacha ko‘rsatkich(5-7 foiz)dan ancha yuqoridir.

Shu munosabat bilan Janubiy Koreyaning AKTni rivojlantirish sohasidagi ilg‘or tajribasi bilan tanishish, shuningdek, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ko‘magi bilan Toshkent shahridagi Inha universitetida 2016-yilning 18-aprel kuni AKTni rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya ilmiy-amaliy forumi bo‘lib o‘tdi. Forumni tashkillashtirishda LG CNS, Samsung va KT kompaniyalari yaqindan yordam berishdi.

Mazkur Forumda ishtirok etish uchun Koreya Respublikasining texnologik rivojlanishi jarayonida bevosita ishtirok etgan AKT sohasining nufuzli ekspertlari, olim va yetakchi tadbirkorlaridan iborat delegatsiya a’zolari tashrif buyurishdi. Jumladan, delegatsiya tarkibida «Skayleyk Investments Ko» kompaniyasining ijrochi direktori va raisi Chin Tedje ham bor. Eslatib o‘tamiz, u bir necha yillar Koreya Respublikasining Axborot va kommunikatsiya vazirligiga rahbarlik qilgan, undan avvalroq esa uzoq yillar davomida Samsung Electronics Co. kompaniyasini boshqargandi.

Delegatsiya a’zolari orasida, LG korporatsiyasining maslahatchisi, Koreya tadqiqot fondi boshqaruvining a’zosi hamda nano-texnologiyalar sohasidagi Tadqiqotlar assotsiatsiyasining raisi janob Xi-Guk Li ham bor edi.

Shuningdek, delegatsiya tarkibidan Seul milliy universiteti, SangKyunKvan va Poxan Fan va texnologiya universiteti professorlari ham o‘rin olgan edi.

AKTni rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya ilmiy-amaliy forumi ikkita sessiyaga bo‘lingan edi. Ertalab o‘tgan birinchi sessiyada mahalliy IT-biznes vakillari ishtirok etishdi. Tadbir davomida tomonlar ishbilarmon doiralar hamda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida yuqori malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash borasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Bundan tashqari, «LG CNS Uzbekistan» O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi direktorining o‘rinbosari Dji Vuk Kim so‘z olib, O‘zbekistonda dasturiy ta’minotni ishlab chiqarish sohasidagi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Kunning ikkinchi yarmida o‘tgan ikkinchi sessiya davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari vakillari uchun tashkil etilgan edi. Mazkur sessiya qatnashchilari AKT tarmog‘ini rivojlantirishda davlat siyosati, AKTning milliy iqtisodiyotimiz uchun muhimligi, venchur fondlarni tashkil etish kabi masalalarni ko‘rib chiqishdi.

Bundan tashqari, forum ishtirokchilari Koreya Respublikasida AKTning rivojlanish bosqichlari bilan tanishib, IT bozoridagi yetakchi kompaniyalarning texnologik va biznes yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.

Qayd etib o‘tish lozimki, forum doirasida Toshkent shahridagi Inha universitetida Maslahat Kengashini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasidagi biznes vakillari tomonidan imzolandi.

Maslahat Kengashi universitetga barcha sohalarda, jumladan, universitet tomonidan zamonaviy bozor talablariga mos keladigan mutaxassislarni tayyorlash, izlanishlar olib borish, moliyaviy va texnik loyihalarga ko‘maklashuvda, investitsiyaviy loyihalarda maslahat va tavsiyalar beradi.

Maslahat Kengashi a’zolari universitetga ta’lim xizmatlari sifatini oshirishga hamda O‘zbekistonda ta’lim muhitini jahon standartlari darajasida shakllantirishga ko‘mak berishadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq