Ta’limda video-texnologiyalar
31.03.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Azamat Qodirov.

tal_31_03_2016

Zamonaviy jamiyat axborot texnologiyalari taraqqiyoti bilan hamohang ravishda rivojlanmoqda. Axborot texnologiyalari hayotimizning barcha sohalari qatorida ta’lim sohasida ham keng joriy etilmoqda. Ta’lim jarayoniga axborot texnologiyalarining joriy etilishi yangi innovatsion vositalardan foydalanish imkonini beradi.

Bu esa yangi imkoniyat hamda jarayonlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvning o‘ta ommabop usullaridan biri — bu ta’limda videotexnologiyalaridan foydalanishdir. Videota’lim yoki videoo‘qituv hozirda juda ommalashgan bo‘lishiga qaramay, u ancha ilgari paydo bo‘lgan. Masalan, XX asrning 30-yillarida undan ayrim mamlakatlarda uchuvchilarni tayyorlashda foydalanilgan. O‘sha davrlarda o‘nlab studiyalar ta’limga oid videofilmlar yaratish bilan shug‘ullangan. O‘tgan asr 60–80 yillarida esa ta’lim muassasa-larida o‘tkazilgan leksiyalar, vaqti-vaqti bilan televideniye orqali namoyish etilgan. Video va audio birgalikda uzatadigan ma’lumotlarni o‘zlashtirish sifati juda yuqori, ya’ni birinchi tomosha qilishning o‘zida 51 foizni tashkil etadi. Bu esa o‘zlashtirish darajasi 9 foizlik yozuv ko‘rinishidagi hamda 17 foizlik faqat audio ko‘rinishdagi ma’lumot uzatishga qaraganda ancha yuqori (Башмаков А. И., Башмаков И. А. Разработка компьютерных учебников и обучающих систем. – М., 2003. С.616).

Video orqali o‘qitish metodikasi juda samarali bo‘lishiga qaramay, bu metodika, asosan texnik sabablarga ko‘ra, 2000-yillarga qadar keng tarqalmadi. Bunga asosan o‘sha paytdagi video va audio yozadigan qurilmalarining qimmatligi, yozish mumkin bo‘lgan ma’lumotning hajmi juda kichikligi, ishlatishda noqulayligi va qiyinchiliklar hamda qurilmalar hajmining kattaligi va foydalanish davri juda qisqaligi sabab bo‘lgan. Videota’limga hozirgi kunda qiziqish ortib borayotganiga hayotimizga singib ketgan, o‘zida katta hajmdagi ma’lumotlarni olib yura oladigan, USB, DVD, Blu-ray kabi vositalar paydo bo‘lishi va keng tarqalishini, shaxsiy kompyuterlarning ommalashishini hamda Internetning ma’lumot uzatish tezligi kundan-kunga oshib borayotganini sabab qilib ko‘rsatish mumkin.

Bundan tashqari, arzon foto va videokameralarning paydo bo‘lishi hamda kundan-kunga video, audio va fotomontaj uchun oddiy kompyuter dasturlarining paydo bo‘lishi, shunday o‘zgarishlarni olib kirib keldiki, amalda deyarli har bir inson, bilim va tajribaga ega sohasida videoqo‘llanma, videokurs va videodarsliklar yaratishi mumkin. Videodarsliklar, videoqo‘llanmalar va videokurslar, odatda, ma’lum bir sohaning ustalari va tajribali mutaxassislar yoki boshqalarga ulashgudek tajribaga ega odamlar tomonidan yaratiladi hamda yoritilayotgan mavzu atroflicha batafsil ko‘rib chiqiladi.

Ta’limda videotexnologiyalardan foydalanishning afzalliklari:

  • xohlagan paytingizda va xohlagan qurilmangizda o‘qish va o‘rganishni boshlashingiz hamda davom ettirishingiz mumkin;
  • asosiy ish yoki o‘qish tartibingizga umuman o‘zgartirish kiritmasdan, mahoratingizni o‘zlashtirishingiz va eng muhimi o‘zingiz xohlagan tartibda va tezlikda o‘rganishingiz mumkin;
  • biron narsa esingizdan chiqib qolsa, keyinchalik xohlagan vaqtda, bo‘limlarga va boblarga bo‘lingan darslar orasidan kerakli funksiyaga bag‘ishlangan darsni topib, ko‘rib olishingiz mumkin bo‘ladi va u har doim videoqo‘llanma sifatida siz bilan birga bo‘ladi;
  • o‘rganish jarayonida, siz eshitasiz, ko‘rasiz va video orqali berilayotgan topshiriqlarni bajarish orqali qatnashasiz. Bu esa o‘zlashtirish jarayoni sifatini yaxshilaydi hamda osonlashtiradi.
  • o‘rganish jarayonining osonligi, masalan, yo‘riqnoma va o‘rgatuvchi kitoblar borgan sari kam ishlab chiqarilmoqda. Chunki ulardan o‘qib o‘rganish juda qiyin va 500–600 betdan iborat qo‘llanmani o‘rganib chiqish uchun anchagina kuchli intizom, sabr hamda eng muhimi ko‘p vaqt talab etiladi. Videokurslarda esa hammasi yaqqol ko‘rinib turadi va yangi bilim oson o‘zlashtiriladi.

Rivojlangan mamlakatlarda so‘nggi 3–4 yilda aynan videotexnologiyalarga asoslangan ta’lim sohasiga katta miqdordagi investitsiyalarning kiritilishi kuzatilmoqda. Albatta bizda ham bu sohaga juda katta e’tibor qaratilmoqda, bunga misol sifatida davlatimiz tomonidan yaratilyotgan videotexnologiyalariga asoslangan ta’lim tizimlarini hamda videoportallardagi ta’lim uchun maxsus ajratilgan bo‘limlarni keltirish mumkin. Bundan tashqari, yosh mutaxassislarimiz , videotexnologiyalarga asoslangan hamda aynan o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan videodarslik va qo‘llanmalari orqali soha rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.

Shunday yosh mutaxassislar sifatida, biz — Jahon Iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Muhiddinov Bobomurod, Kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Qodirov Sherzod hamda Toshkent Moliya instituti bitiruvchisi Qodirov Azamat — Videokent.uz deb nomlangan ta’lim sohasidagi innovatsion web-loyihani ishlab chiqdik. Bu web-sayt yaratilganiga qisqa vaqt bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston aholisi e’tiborini qozonishga ulgurdi. Videokent.uz web-loyihasi doirasida ishlab chiqarilayotgan to‘liq o‘zbek tilidagi videodarslar hamda videodarsliklar o‘zining yuqori sifati, qiziqarliligi hamda o‘rganish jarayonining osonligi bilan katta taassurot uyg‘otmoqda. Microsoft Office dasturiy ta’minotiga kiruvchi Word, Excel va Power Point dasturlarida to‘liq ishlashni o‘rganishga bag‘ishlanib, yaratilgan videodarslik ushbu videoqo‘llanma, bundan oldingi boshqa bu turdagi mahsulotlardan, yuqoridagi dasturlarda ishlashni to‘liq hamda qadamma-qadam osondan murakkabga tomon o‘rgatilishi, aynan o‘zbek tilida hujjat yaratuvchilarni qiyinchilik tug‘diragan imloga oid muammolar yechilishi, ko‘p yillik tajribaga ega muta-xassislar bilimidan foydalanilganligi va albatta to‘liq o‘zbek tilidaligi bilan ajralib turadi.

Videokent.uz — bu, birinchi navbatda, O‘zbekiston aholisining, aynan o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarining bilimini yanada oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan, ta’lim sohasidagi innovatsion loyiha. Ha, albatta eng asosiy maqsadimiz — bu, insonlar hayotini, ularning yashash, o‘qish va ishlash tarzini zamonaviy texnologiyalar, sifatli mahsulotlarimiz orqali yanada osonlashtirish, yanada yuksaltirish va yangi darajaga olib chiqishdan iborat. Hozirda web-sahifamizda, 45ta umumiy davomiyligi 241 daqiqadan ortiq ofis dasturlarini ishlatishga hamda ingliz tilini o‘rganishga bag‘ishlangan bepul videodarslarimiz hamda 24 turdagi videokurslarda, 1510ta, umumiy davomiyligi 171 soatdan oshadigan videodarslar mavjud. Hozirgi kunda har bir sohada xoh u hujjatlar bilan ishlash bo‘lsin, xoh u jadvallar, xoh u ta’lim sohasida bo‘lsin Word va Excel kabi ofis dasturlari juda keng foydalaniladi. Shunday ekan, ulardan foydalanishni, kompyuterda ishlashni bilishi lozim. Bugungi kunda shunday keng miqyosda ishlatiladigan dasturlarga oid to‘liq o‘zbek tilidagi videodarslik yoki videoqo‘llanmalar yaratililishiga katta ehtiyoj mavjudligiga amin bo‘ldik.

Videodarsligimizni yaratishda, yuqoridagi dasturlarni o‘rganishni istagan, ammo bunga vaqti yetishmaydigan insonlarga dasturlardan foydalanishni tez va sifatli o‘rganib olish imkoniyatini yaratish va dastur aynan qaysi maqsadda ishlatishga mo‘ljallanganligini har tomonlama ochib berishni oldimizga asosiy maqsad qilib qo‘ydik. Bunday maqsad yo‘lida albatta faqatgina bilim va tajribamiz kamlik qilar edi. Shunday ekan, ushbu kurs nafaqat bizning balki chet ellik mutaxassislarning ko‘plab kitoblari hamda videodarsliklari asosida yaratildi. Yana shuni ham ta’kidlamoqchi edikki, maqolani yozishdan maqsad videodarslikni targ‘ib qilish emas, balki milliy ma’naviyatimiz rivoji va yoshlar tafakkurining o‘sib borayotganini ko‘rsatishdan iborat.

Qo‘shimcha ma’lumotlar:
«Videokurs» — iborasiga zamonaviy ta’lim sohasida ish olib boradigan mutaxassislar tomonidan beriladigan ta’rifda: «Biror-bir qurilmani ishlatishni o‘rganishga, biror kompyuter dasturini ishlatishni o‘rganishga, biror-bir mahoratni atroflicha to‘liq o‘zlashtirishga bag‘ishlagan va oldindan biror-bir soha mutaxassisi tomonidan videoformatda yozib tayyorlangan hamda tartiblangan, ma’lum tizimga joylashtirilgan videodarslar to‘plami. Uni Internet orqali yuklab olish, online tarzda tomosha qilish, CD yoki DVD-disklarida sotib olish mumkin» — deyiladi. Demak, videokurs — bu biror-bir mavzuni atroflicha o‘rganishga bag‘ishlangan videodarslar to‘plamidir.

«Videodars» iborasiga esa, o‘qituvchi yoki ma’lum bir sohaning mutaxassisi tomonidan, oldindan yozib tayyorlangan va qandaydir maqsadga erishish imkonini beradigan videoqo‘llanma yoki ko‘rsatma deb ta’rif berish mumkin. Videodarslar odatda yozuv va rasmlar orqali yetkazib bo‘lmaydigan vazifalarni amalga oshirish uchun yaratiladi. Masalan, ayrim hunarlarni, biror-bir texnikani ishlatishni o‘rganish yoki biror muammoni hal qilish uchun darsliklar hamda qo‘llanmalar kamlik qiladi. Ustoz, murrabiy yoki soha mutaxassisini esa topishning iloji bo‘lmasligi mumkin. Aynan mana shunday muammolar videodarslar orqali hal qilinadi. Bir narsa aniq, videodarslarda ham tushuntirilib ham amalda ko‘rsatilganligi sababli «qanday qilib» degan savolga javob berishda, ularga teng keladigani yo‘q.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq