Elektr aloqa tarixining buyuk namoyandalari
31.03.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

morze_31_03_2016

Semyuel Finli Briz Morze
Morze alifbosi, elektromagnit telegraf uskunasi bo‘lgan “Morze apparati” haqida umumta’lim maktabida, o‘quvchilik davrimizdayoq ma’lumotga ega bo‘lganmiz. Mazkur uskuna va axborot uzatuvchi alifboga nima uchun shunday nom berilgan? O‘z izlanishlari natijasida ixtirochi Semyuel Morze yaratganligi sababli ham ixtirochi sharafiga ular shunday atalgan.

Aslida, mazkur ixtirochining nomi va uning olamshumul ixtirosi infoCOM.UZ jurnalining 2010-yildagi sonlaridan birida, Qiziqarli fAKTlar rukni ostida berilgan Morze alifbosi haqidagi maqolada tilga olingandi. Mamlakatimiz “Aloqa tarixi muzeyi” bo‘ylab sayohatimizni davom ettirib, navbatdagi sahifalarimizni aloqa tarixida muhim o‘rin tutgan buyuk ixtirochi Semyuel Morzening hayoti va faoliyatiga oid ma’lumtlarga bag‘ishladik.

Amerikalik Semyuel Morzening asosiy kasbi rassomchilik bo‘lgan. Yoshlik davrida kollejda elektr quvvati haqida ma’ruzalar tinglagan va oddiy havaskor ixtirochi bo‘lgan. Semyuel Finli Briz Morze 1791-yil 27-aprel kuni Massachusets (AQSh ) shtati Charlztaun shahrida, badavlat oilada tug‘ilgan. Uning otasi mashhur geograf va ruhoniy shaxs bo‘lgan. Yoshligida juda qiziquvchanligi va ziyrakligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Semyuelning bilim olishga intiluvchanligini sezgan otasi uni Fillips Akademiyasidan Yelsk kollejiga o‘qishga o‘tkazadi. Morzeni elektr quvvati bo‘yicha ma’ruzalar qiziqtirardi. Talabchan ota-onasining fikriga qaramay, kichik portretlar chizishni ham juda yoqtirardi. Kollejda o‘qishni tugatgandan so‘ng Morze Bostonda ishlay boshlaydi. Aslida, ota-onasi uning intilishlariga qarshi bo‘lsalar ham, juda qiziqishi balandligini e’tiborga olib, 1811-yilda uni san’at sirlarini o‘rganish uchun Angliyaga jo‘natadilar. Buyuk Britaniyadagi bilim egallashga bo‘lgan intilishlari sababli Morze 1813-yilda “Gerkulesning o‘limi” kartinasini London qirollik badiiy akademiyasiga taqdim etdi va oltin medal bilan taqdirlandi.

morze_31_03_2016_1

Morze 1815-yilda qaytib kelgach, amerikaliklar uni ingliz rassomi deb hisoblashlarini eshitib, portretlar chizib, kamtarona hayot kechira boshladi. Morze juda muloqotchan va xushmuomala inson bo‘lgani uchun olimlar, badavlat insonlar davrasida ko‘p bo‘lardi. Shuningdek, xushmuomalalilik va kirishimlilikda  juda noyob qobiliyatga ega bo‘lgan. Uning do‘stlari orasida siyosatchi M. J. Lafaet, yozuvchi J.F.Kuper va hatto davlat arboblari ham bo‘lgan. Jadal sur’atlarda taraqqiy etib borayotgan Nyu-Yorkda u amerikalik rassomlar orasida eng qiziqarli portretlarni yaratgan. 1829-yil rassomchilik maktablari va mashhur asarlarni o‘rganish uchun Yevropaga jo‘nab ketgan.

Yevropaga ikkinchi bor sayohati davomida Morze L. Dager bilan (fotoapparat kashfiyotchisi) tanishadi va elektr quvvati sohasidagi eng yangi kashfiyotlar bilan qiziqa boshlaydi. 1832-yil kemada Yevropadan qaytishida tasodifiy suhbat uni telegrafni ixtiro qilishga ilhomlantirdi. Yo‘lovchilardan biri suhbat davomida yaqinda ixtiro qilingan elektromagnit haqida so‘zlab qoladi: «Agar elektr tokini simning ikki uchida ko‘rish mumkin bo‘lishning iloji bo‘lsa, unda ular yordamida nima uchun xabarlar berish mumkin emasligi sababini tushunmayapman». S uhbatdoshlar Faradeyning “magnitdan uchqun olish” usuli haqida gapirishayotganda Morze uchqunlar joylashishini kod sifatida sim orqali xabar berishda foydalanish mumkin, degan fikrni o‘rtaga tashladi. Bu fikr uni shunchalik qamrab oldiki, elektr qoidalarini bilmasada, telegraf apparati chizmasini chiza boshlaydi. Telegraf muallifi hali simlar qanday ulanishi va o‘zi chizgan elementlarni qanday qo‘llashni yaxshi bilmasdi, biroq u o‘zining topilmasini aniq sezgandi: Morze faqat bitta simdan foydalangan. Morzedan ham avval elektr telegrafini yaratish g‘oyasi ilgari surilgan bo‘lsada, u o‘zini birinchi deb hisoblardi.

morze_31_03_2016_2

Morze deyarli barcha vaqtini rassomchilikka, Nyu-York universitetida dars berish hamda siyosatga bag‘ishlardi. 1835-yilda Morze chizmachilik san’ati professori darajasiga erishdi. 1836-yil universitetda ixtirochi Veber tomonidan (1833-yilda) ishlab chiqilgan telegraf modeli bilan tanishganidan so‘ng mazkur sohaga qiziqishi juda kuchaydi. Bu yo‘lda Morze uzoq yillar mobaynida izlanishi va o‘qib-o‘rganishiga to‘g‘ri keldi. 1837-yilda Morze va Veyl telegrafga patent olishga muyassar bo‘ldilar. Natijada 1837-yilda o‘zining Morze kodi deb ataluvchi mashhur g‘oyasini, ya’ni harflarni nuqtalar va tirelar yordamida uzatish tizimini yaratdi va u  Morze kodi nomi bilan mashhur bo‘ldi. Morze Nyu-York universitetida o‘zining telegrafini ommaga taqdim etdi. Morzening qabul qiluvchi apparati asosini elektromagnit tashkil etgan, uning aylanma harakat qiluvchi qismiga yozadigan moslama o‘rnatilgan. Qabul qilayotganda yozadigan moslama harakatdagi qog‘ozga tiralgan hamda signal davomiyligiga qarab uzun – qisqa belgi – tire va nuqta qoldirgan. Axborotlarni telegraf kodi bilan uzatadigan asbob telegraf kalit bo‘lib, Morze apparatining bir qismi hisoblanadi. Bunda xodim telegraf kaliti yordamida uzatiladigan axborotga mos holda tok zanjirini uzib-ulaydi, uzatish tezligi – oddiy telegraf kaliti bilan bir daqiqada 70-90ta belgi, yarim avtomatik telegraf kaliti bilan esa bir daqiqada 120-150ta belgi yuborish mumkin edi.

Shuning  uchun 1843-yilda Morze Baltimordan to Vashingtongacha telegraf liniyasi qurilishi uchun mablag‘ olishga erishadi. Ishlarni bajarish davomida 40 kilometrlik mana shu masofada elektr signali juda ham kuchli so‘nishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish mumkin emasligi ma’lum bo‘lib qoladi. Ushbu holatdan uni Alfred Veyl qutqaradi, u kuchaytirgich sifatida reledan foydalanishni taklif etadi. Nihoyat 1844-yil 24-may kuni liniya qurilishi yakunlanadi, biroq Morze hamkorlari va raqobatchilari bilan huquqiy tortishuv va ziddiyatlarga duch keladi. Nihoyat 1854-yilda Oliy Sud  tomonidan uning telegraf uskunasiga mualliflik huquqi tan olinganidan so‘ng  u telegraf muallifi huquqini beruvchi guvohnomani qo‘lga kiritishga muyassar bo‘ladi.

Temir yo‘llarda va banklar va ommaviy axborot vositalarida tez vaqt mobaynida telegrafdan foydalana boshlaydilar. Telegraf liniyalari tezlikda butun jahon bo‘ylab qo‘llanila boshladi, Morzening nomi tanilib, badavlat insonga aylanadi. 1858-yilda Yevropa davlatlaridan Morze ixtirosi uchun katta daromad oladi. Morze Nyu-York shahri yaqinidagi Ponchkifidan yer-mulkini sotib olib, katta oilada farzandlari va nabiralari orasida hayot kechira boshlaydi. Keksa Morze xayr-saxovat egasiga aylanadi. U o‘z mablag‘lari bilan maktablar, universitetlar, ibodatxonalar va kambag‘al rassomlarga homiylik qila boshlaydi.

1872-yilda Morze vafot etganidan so‘ng uning ixtirosiga qiziqish susayadi, sababi bu davrda yaratila borayotgan telefon, radio va televideniye telegrafga ehtiyojni kamaytirib, iste’moldan siqib chiqara boshlaydi, biroq uning tasviriy san’at sohasidagi obro‘si yanada o‘sib boradi. U o‘zini portretchi-rassom deb hisoblamagan, biroq uning mashhur insonlar qiyofasi tasvirlangan kartinalari ko‘pchilik tomonidan tan olingan. 1837-yilda taqdim etgan telegrafi AQSH Milliy muzeyida saqlanadi, shahar tashqarisidagi uyi esa endi tarixiy yodgorlik sifatida tan olingan.

O‘zbekistonda Morze apparatlaridan o‘tgan asrning 60-yillarigacha foydalanilgan. Toshkent shahridagi O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida Morze apparatlarining turli modellari saqlanadi. Barcha tashrif buyurganlar ularning tuzilishi hamda ushbu aloqa turining rivojlanish tarixi bilan tanishadilar. Morze telegraf alifbosidan — radioaloqa  tarixida keng foydalanilgan. 

Maqola «Aloqa tarixi muzeyi» va infoCOM.UZ jurnalining hamkorlikdagi loyihasi asosida tayyorlangan. Uni tayyorlashda adabiyotlar hamda https://uz.wiktionary.org/wiki/ochiq lug‘at materiallaridan foydalanildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq