Axborotlashgan iqtisodiyotda reinjiniring tadbirkorlikning muhim omili sifatida
30.03.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Zuhra Otaqo‘ziyeva.

Axborotlashgan iqtisodiyotda ishlab chiqarish jarayoni belgilangan yoki o‘zgarmas (const) deb qabul qilinmaydi. Avvallari ishlab chiqarish jarayoni qarorlar qabul qilishga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan muhandislarning faoliyat sohasi hisoblangan. Kompaniyalar uchun «nima ishlab chiqarish» ularning «buning uchun nima qilishi»dan muhimroq bo‘lgan. Mahsulot raqobatbardoshlikni oshirishning vositasi hisoblangan, ammo bu vaqtda ishlab chiqarish jarayoni haqida bunday deb bo‘lmagan. Mahsulotning sifati va uning xususiyatlari ishlab chiqarish jara-yonining xarakteri bilan belgilanardi.

Reinjiniring, yoki boshqacha qilib aytganda, biznes jarayonlarini qayta loyihalashtirish, 1990-yillar boshlarida, boshqarish to‘g‘risidagi fanga qo‘shilgan muhim hissa sifatida paydo bo‘ldi. U kompaniyalarga diqqatni vazifalarga emas, balki jarayonlarga qaratib o‘zlarini o‘zgartirishlarini taklif qilgan, bu esa unumdorlikni tubdan oshirishga imkon beradi, deb uqtirilgan edi. Konsepsiyaning tijoriy muvaffaqiyati ko‘pgina taqlidlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Konsepsiyaning paydo bo‘lishi 1990-yilda nashr etilgan Massachusets texnologiyalar institutining informatika yo‘nalishi bo‘yicha sobiq professori Maykl Xammer tomonidan yozilgan maqola bilan bog‘liq deb hisoblanadi. Unda kompaniyalar jahon bozorida o‘sib borayotgan raqobatda omon qolishlari uchun samaradorlikni yaxshilash maqsadida o‘z ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish o‘rniga ulardan voz kechishlari kerakligini isbotlashga urinish bor edi. Shu yilning o‘zida Devenport va Short boshqa maqolani chop etib, unda tashkiliy o‘zgarishlarga shunga o‘xshash yondashuv taklif qilgan, ular unga biznes jarayonlarni qayta loyihalashtirish (BPR — Business Process Redesign) deb nom berdilar. Mualliflar reinjiniring atamasini qo‘llamagan bo‘lsalarda, ularning konsepsiyasi Xammerning konsepsiyasiga o‘xshashdir, shuning uchun BPR va reinjiniring atamalaridan ma’nodosh so‘z sifatida foydalanadilar.

Yondashuvlarni sharhlash turlicha bo‘lsada, ammo ular uch omil bo‘yicha bir xil fikrda bo‘lib, bularga jarayonli fikrlash, tubdan o‘zgartirish va axborot texnologiyalar hamda tizimlarning imkoniyatlari kiradi:

  • Jarayonli fikrlash. Kompaniya faoliyati vazifalarga qaratilgan kompaniyadan farqli ravishda, jarayonga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. U ta’minot, marketing yoki buxgalteriya kabi ixtisoslashtirilgan bo‘limlarga moslashgan tarzda emas, balki o‘zining mijozlari buyurtmalarini bajarish bo‘yicha yoki ular mahsulotini ishlab chiqarish kabi jarayonlariga muvofiq ravishda loyihalashtirilishi kerak.
  • Tubdan o‘zgartirish. Reinjiniring tubdan o‘zgartirishni ifodalashi kerak. Mustahkam qaror topgan jarayonlar o‘zgarmas bo‘lishi emas, balki aksincha qaytadan kashf qilinishi kerak. Reinjiniring ishlab chiqarishni tashkil qilishning an’anaviy shakllaridan butunlay voz kechishni ko‘zda tutadi. Uning maqsadiga sekin-asta yaxshilash yo‘li bilan erishish mumkin emas. Misol uchun, ichki yonish dvigateli otliq ekipajni tinimsiz takomillashtirish natijasida hosil qilinishi umuman mumkin emas. Reinjiniring hech qachon «pastdan yuqoriga» o‘tkazilmaydi. Reinjiniringni o‘tkazishda ko‘pgina muvaffaqiyatsizliklar juda tor va ehtiyotkor yondashuv sababli bo‘lgan.
  • Axborot texnologiyalari va tizimlarining imkoniyatlari. Reinjiringga bag‘ishlangan adabiyotda axborot texnologiyalari va tizimlariga ikkita o‘rin berilgan. Birinchi holatda, ularga reinjiniringni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vosita, instrumentariy sifatida qaraladi, ya’ni bunda, yangi samarali jarayonlarni yaratish biznes maqsadlariga bo‘ysunadigan axborot texnologiyalari va tizimlariga nisbatan ustuvor bo‘lishi kerak. Ikkinchi holatda, axborot texnologiyalari va tizimlari reinjiniringning sababi yoki harakatga keltiruvchi kuchi deb qaraladi. Masalan, interfaol videodisklar va ekspert tizimlar firma ishini qattiq chegaralarga qo‘yadigan qoidalarni o‘zgartiradi. Unda ta’kidlanishicha, reinjiniring — bu axborot texnologiyalari va tizimlarni korxona va tashkilotlarda qo‘llashning mutlaqo yangi usulidir.

Reinjiniring «Ishni qanday yaxshilash kerak?» degan savolni emas, balki «Nima uchun ushbu ishni bajarish kerak?» deb savol qo‘yadi. «10–90» qoidasi empirik usulda kelib chiqqan bo‘lib, unda aytilishicha, jarayonlarni takomillashtirish imkoniyatining faqatgina 10 foizi amaliyot sohasida bo‘lsa, qolgan 90 foizi esa, ya’ni bunday takomillashtirishlarning asosiy qismi, o‘zaro ta’sirlarda yashiringan ekan. An’anaviy menejment o‘zaro ta’sirlarni emas, balki faqatgina amaliyotlarni ko‘radi. Shuning uchun an’anaviy ishlab chiqarish jarayonlari ko‘pgina amallarga bo‘lingan (mehnat va ixtisoslashuvning maksimal taqsimoti tufayli) va ularni muvofiqlashtirish juda ko‘p sonli o‘zaro aloqalarni talab qiladi. Reinjiniringning asosiy vazifasi muhandisga ko‘rinmaydigan o‘zaro aloqalar, jarayonning qismlari sonini kamaytirishdan iborat. Reinjiniringdan keyingi jarayon nafaqat minimal arxitekturaga (eng kam sonli amaliyotlar va ular o‘rtasida o‘zaro aloqalar) ega bo‘lishi, balki mahsulotga maksimal qiymatni ham berishi kerak. Birinchidan, qiymatini oshirmaydigan barcha harakatlardan voz kechish kerak. Ikkinchidan, alohida qiymatni kam miqdorda oshiradigan, ammo birgalikda ko‘proq oshirishi mumkin bo‘ladigan barcha amallarni birlashtirish kerak.

Reinjiniring — bu quyidagi uch sohada amalga oshiriladigan jarayonning reintegratsiyasidir:

    1. Vazifa reintegratsiyasi mayda jarayonlarning kichik masalalari va ular bilan bog‘liq faoliyatini ancha yirik integratsiya qilingan bloklar va majmualarga birlashtiradi. Bo‘laklar, komponentlar, segmentlar miqdorini qisqartiradi va ulardan mahsulotlar hamda jarayonlarni tashkil etadi;
    2. Ish kuchining reintegratsiyasi jarayonining kichik qismlarini emas, balki katta qismlarini bajarish va muvofiqlashtirishga imkon beradi. Ko‘p funksionallikni, xodimlar rotatsiyasini, ixtisoslikdan chiqarishni va jarayonga mulkdorlik huquqini rag‘batlantiradi. Xodimlarga alohida amaliyotlarni emas, avtonom jamoalarda harakatlanish va integratsiya qilingan jarayonlarni muvofiqlashtirish imkonini yaratadi;
    3. Bilimlarning reintegratsiyasi, xodimlar ko‘proq jarayonning tarkibiy qismlarini bilishlari kerak (ya’ni muvaffaqiyatli muvofiqlashtirishga qodir bo‘lishlari kerak). Bilim — bu o‘z harakatlarini to‘g‘ri maqsadda yo‘naltirilgan holda muvofiqlashtirishga bo‘lgan qobiliyatdir. Agar inson ixtisoslikka ega bo‘lib, boshqalardan ajratilgan bo‘lsa, u o‘z harakatlarini muvofiqlashtira olmaydi, faqatgina ayrim oddiy buyruqlarni bajaradi xolos.

Reinjiniring — bu qisman, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan ixtisoslik kamchiliklari va mehnat taqsimotiga bo‘lgan aks ta’sirning namoyon bo‘lishidir. Vazifalar, ish kuchi va bilim reintegratsiyasi yordamida mehnat mazmunli mashg‘ulotga aylanadi, begonalashish o‘rniga mazmun, kasbiy mahorat va malaka tor ixtisoslikning o‘rniga keladi. An’anaviy ma’muriy boshqaruvning asosiy muvofiqlashtiruvchi mexanizmlari o‘zini-o‘zi muvofiqlashtirish va jamoalar o‘zaro ta’sir tizimlari bilan almashtiriladi. Amallarning samarali integratsiyasi ijodiy yondashuvni, mahsulot va jarayonning yangi tuzilmasini, malaka o‘zgarishi va bilimlarning kengayishini talab qiladi. Reinjiniring jarayoni xodimlardan ishbilarmonlik tajribasini cheklash, ularni oshirishni, bilimlarni ixtisoslashtirishni emas, ularni kengaytirish, bajariladigan vazifalar sonini kamaytirishni emas, balki ularni oshirib borishini talab etadi. Xodimlar egallashlari kerak bo‘lgan yoki egallagan bilim, tajriba va ko‘nikmalar tufayli, xususiy jarayonlarni mikrodarajada boshqara oladigan yetuk mutaxassis bo‘lib qoladilar.

Xulosa qilib aytish mumkinki, reinjiniring tamoyillarini qo‘llash quyidagi: ish birliklari — funksional bo‘linmalardan jarayonli topshiriqlar tomon; ishlar — oddiydan ko‘p bosqichlikka; ishchilarning roli — nazorat ostida bajarishdan mustaqil qarorlar qabul qilish tomon; ishga tayyorgarlik — mashqlardan ta’lim olishga; ish samaradorligini baholash va mehnatga haq to‘lash — faoliyatni baholashdan natijaviy baholashga; menejerlarning roli — nazorat qiluvchidan o‘rgatuvchiga; tashkiliy tuzilmalar — iyerarxiyalidan yassi tuzilma tomon; ma’muriyat xodimlarining vazifalari — kotiblikdan rahbarlik tomon kabi tashkiliy o‘zgarishlarga olib keladi.

Foydalanilgan adabiyotlar
1. Ивин Л. Н., Куклин В. М., Соколенко В. А., Товажнянский В. Л. Венчурный инновационный менеджмент: Учебн. пособие // Под ред. проф.
Л.Н. Ивина. — Харьков: НТУ «ХПИ», 2005. — 388 с.
2. Корнейчук Б. В. Человеческий капитал во временном измерении. — СПб: СПбГУ, 2003.
3. Летунова О. В. Философско-методологический аспект проекта информационной экономики. // Грамота. — Тамбов, 2011. — №6 (12). — C. 114–116.
4. Пачкова О. В. Актуальные вопросы соотношения основных понятий информационной экономики. //Вестник Сибирского университета потребительской кооперации. — Новосибирск, 2013. — №3(6) — С. 51.
5. Спиридонов Э. С., Клыков М. С., Рукин М. Д., Григорьев Н. П., Балалаева Т. И., Смуров А. В. Информационная экономика 2010. — 288 с.
6. Тагаров Б. Ж. Современные подходы к определению критериев информационной экономики. // Baikal research journal. — Иркутск, 2012. — №4. С. 3.

Zuhra Otaqo‘ziyeva, i.f.n., dots. Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universiteti Toshkent filiali

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq