Аxborot olish madaniyatini shakllantirishda ijtimoiy me’yorlarning o‘rni
30.03.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Shaxnoza Rahimova.

O‘zbekiston Respublikasi «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da belgilangan vazifalarni amalga oshirish, yoshlar-ning ta’lim olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish jamiyatda muhim strategik ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Jamiyatdagi islohotlar natijasida inson uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, bozor munosabatlari sharoitida ijtimoiy sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan, madaniyat sohasida islohotlar ijtimoiy zaruriyat ekanligi namoyon bo‘ldi.

Biz uchun yosh avlodni tarbiyalash asosiy ustuvor vazifa ekan, hozirgi davrda mazkur tarmoqni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini namoyon etish uchun shart-sharoit yaratish zarur» (Islom Karimov. Demokratik huquqiy davlat, erkin iqtisodiyot talablarini to‘liq joriy etish, fuqarolik jamiyati asoslarini qurish — farovon hayotimiz garovidir //Jamiyatimizni erkinlashtirish, islohotlarni chuqurlashtirish, ma’naviyatimizni yuksaltirish va xalqimizning hayot darajasini oshirish barcha ishlarimizning mezoni va maqsadidir. — T.15. — Toshkent. O‘zbekiston, 2007. — 154–165 betlar).

Ma’lumki, har qanday jamiyat ijtimoiy me’yorlar orqali boshqariladi va tartibga solinadi. Ijtimoiy me’yorlar odamlar va ularning birlashmalari o‘rtasidagi «inson-inson» munosabatlarini tartibga soluvchi, umumiy xulq-atvor qoidasi hisoblab kelingan. «Jamiyatda inson va shaxs faoliyati, xatti-harakatlari va xulq-atvorlarini ijtimoiy me’yorlar boshqarar ekan, u jamiyat boshqaruvining ajralmas qismi sifatida, shaxs yoki ijtimoiy guruh xulq-atvorini muayyan ijtimoiy muhitga moslashtiruvchi qoidalar majmuini tashkil etadi» (G‘oyibnazarov E., Matkarimova J. Sotsiologiya. O‘quv qo‘llanma. — T.: ToshTYMI, 2007). Sotsiologiyada ijtimoiy me’yor majmuasidan kelib chiqib, bolalik va yoshlikka aniq tartib kiritilgan. Xususan, yoshlikning dastlabki, quyi chegarasi 14–16, yuqori chegarasi esa 25–30 yosh etib belgilangan (Matkarimova J.D. O‘zbekiston yoshlarida huquqni anglash jarayonlarining sotsiologik tahlili / Sotsiologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. Toshkent, 2010. — 61 bet). Ilgari surilgan mavzu «axborot madaniyati» bilan bog‘liq ekan, unda tabiiyki, yosh ko‘rsatkichi muhim o‘rin tutadi.

Fan-texnika taraqqiyotining hozirgi darajasi qo‘l mehnatini kamaytirish bilan birga, insonlarda aqliy va ruhiy zo‘riqishni kuchaytirmoqda. Bu esa avtomatlashuv bilan ijodiyot o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etish, insonga texnokratik yondashishning salbiy oqibatlarining oldini olishni talab qiladi, ayniqsa, texnik taraqqiyot informatika, genetika kabi yangi tarmoqlarning rivoji bilan bir qatorda, murakkab falsafiy, axloqiy muammolarni ham keltirib chiqardi. Bu o‘z navbatida, tadqiqotchilar oldiga inson intellekti va «fikrlovchi mashinalar»ning kelajagi qanday bo‘ladi? — degan savolni tug‘diradi. Hech kimga sir emaski — jamiyatda «Internetga tobelik yoki maftunlik» orqali yoshlar orasida elektron texnologiyalarga nisbatan virtual yoki nigohiy qaramlik keskin avj olib bormoqda. Bunday holatda tadqiqotchi muammoning yechimini topishi uchun o‘ziga qanday savol berishi kerak. Bizning nazarimizda, masalaning yechimi jadal sur’atlar bilan ixtisoslik sohalaridan unumli foydalanishda bo‘lishi mumkin.

Bu takror aytish mumkinki, muammoning ilmiy jihatlarini asoslashda yetarlicha axborotlardan foydalana olmaslik tufayli sodir bo‘lgan. Obyektiv va ishonarli ma’lumotlarni qo‘lga kiritish yoki ularning haqiqatdan ham asosli ekanligini izohlash, tabiiyki, nazariy-metodologik va empirik bilimlar vositasida qo‘lga kiritilgan. Buning uchun tadqiqotchilar axborot-resurs markazlariga murojaat etadigan bo‘ldilar. Shuningdek, Internet makonining o‘rni ham beqiyosligicha qolmoqda, ammo unda turli-tuman shakldagi axborotlarning mavjudligi, tadqiqotchida muammoga nisbatan shubha uyg‘otishi ham tabiiy holat. Buning uchun sotsiologlar axborotlar ko‘lamini nazorat qilish uchun ijtimoiy me’yorlardan muntazam foydalanishni tavsiya etadilar.

Taniqli sotsiolog P. Sorokinning fikriga ko‘ra, «Inson tug‘iliboq albatta hali shaxs bo‘lmaydi yoki tirik organik hayotning subyekti sifatida namoyon bo‘lolmaydi. Undagi «Men»lik va ismi, ilmiy g‘oyalari, estetik didi, axloqiy ishonchlari, o‘zini tutishi va munosabat, mashg‘ulotlari, iqtisodiy o‘rni va maqomi, taqdiri va hayot yo‘li ko‘pincha axborotlar yetishmasligi tufayli mavjud stereotiplarga bo‘ysundirilib, istiqbolni belgilab olish hali aniqlanmagan bo‘ladi. Maqsadimiz esa axborotlar dunyosiga muttasil kirib borayotgan yoshlarimizning turmush tarzida o‘zlaridagi ruhiy holatdan kelib chiqib, ijtimoiy me’yor qonunlari asosida vaziyatni nazorat qilishga o‘rgatishdir.

Ta’limni axborotlashtirish strategiyasi va taktikasi ishlab chiqilayotgan bir vaqtda, axborot-resurs markazlarining o‘rni ham beqiyosligicha qolmoqda. Unda axborot-resurslariniing shiddat bilan kirib kelishi esa axborotlashuv jarayonini yana ham jadallashtirmoqda. Shunga qaramay, badiiy asarlar, qomuslar, lug‘atlar, gazeta va jurnallarning tobora katta qismi matnli fayllar ko‘rinishida tarqalmoqda. Elektron va bosma nashrlar bir-birini mustasno etmaydi, balki bir-birini to‘ldiradi, binobarin, kelajakda kutubxonalarda ham virtual, ham an’anaviy kitobga o‘rin topiladi. Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, kitobxon texnik va ma’lumotnoma adabiyotlardan ko‘proq elektron shaklda foydalanadi. Badiiy asarlarni esa bosma shaklda o‘qiydi. Rus psixologi S.Rubinshteyn — «inson tashqi olamni aks ettirish jarayonida o‘zi uchun ahamiyatli tomonlarni belgilaydi va ularga nisbatan munosabatlarni shakllantiradi» (Рубинштейн С. Л. Бытие и сознание. — Москва, 1957. — 244 bet) deb e’tirof etadi. Ma’lumki, tashqi ta’sirlar doimiy ravishda harakatda bo‘lib turganda, inson ongiga salbiy ta’sir etuvchi reklama qilinayotgan axborotlar ham o‘z-o‘zidan singib boradi. Shu sababli ijtimoiy munosabatlar jarayonining bu kabi nozik masalalariga alohida e’tibor berish lozim. To‘g‘ri, agar biz salbiy ma’lumot deya, axborotga to‘siq qo‘ysak, o‘quvchi uni qaysi yo‘llar bilan bo‘lsa ham qidirib topishga intiladi va ko‘pincha o‘z maqsadiga erishadi. Bu holatda ham ijtimoiy me’yorlar konsepsiyasiga ehtiyoj seziladi.

Axborot texnologiyalarining rivoji insoniyatning bilim olish ko‘lami va imkoniyatlarini misli ko‘rilmagan darajada kengaytirdi. Internet tarmog‘ining paydo bo‘lishi va bu sohadagi boshqa yutuqlar barcha uchun bilim olish imkoniyatlarini tenglashtirdi. Bunday o‘zgarishlar ro‘y berayotgan jamiyatda yashash o‘ziga xos mas’uliyatlarni zimmasiga olishni nazarda tutib, odam o‘zini-o‘zi tarbiyalashi va hajmi misli ko‘rilmagan darajada ortib ketayotgan axborotni «hazm qilishga» ko‘nikish lozimligini nazarda tutadi. Shu o‘rinda eng ishonchli va eng to‘g‘ri ma’lumotlarni saralashni o‘rganishning ahamiyati ham tobora yuksalib bormoqda. Shu bois, kutubxonachi xodimlar ham kundalik ravishda, o‘z foydalanuvchilariga eng maqbul axborot manbalarini tavsiya qilish, bepul va pullik tarzda havola etiluvchi axborot o‘rtasidagi farqlarni tushuntirish bilan bog‘liq bo‘lgan vazifalarni bajarishga to‘g‘ri kelmoqda.

Jamiyatda axborot olish madaniyatini shakllantirishning maqsadi yoshlarni axborotni izlash jarayoniga bo‘lgan yondashuvini o‘zgartirish, ularga ma’lumot izlashning keng ko‘lamli strategiya va usullarini o‘rgatishdan iboratdir. Axborot savodxonligi tushunchasining mazmunini axborot tanlash, baholash, qayta ishlash, uni uzatish va axborotlarni baholash bo‘yicha ko‘nikma, malakalar majmui tashkil etadi. Yoshlarning axborot savodxonligini oshirish ishlari respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari qoshidagi axborot-resurs markazlarida, turli yo‘nalish va darajadagi kutubxonalarda, ma’naviyat va ma’rifat markazlarida, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, siyosiy partiyalar, nodavlat-notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining turli forum va tadbirlari miqyosida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida ommaviy bahs-munozaralar, seminarlar yoshlarning axborot madaniyatini oshirishning samarali shakl va usullaridan hisoblanadi.

Yoshlarda axborot olish madaniyatini shakllantirish g‘oyat xilma-xil «axborot bosimi» tarkibidan milliy taraqqiyot manfaatlariga mos, ijobiy tomonlarini to‘g‘ri tanlab olishni ta’minlaydi. Shu nuqtai-nazardan qaraganda, yoshlarda axborot olish madaniyatini shakllantirishda nimalarga e’tibor qaratish kerak, degan muhim masalaga oydinlik kiritib olish kerak bo‘ladi. Bu quyidagilarda o‘z ifodasini topadi:

  • axborot olish va uni tasarruf etishda axborotning mazmun-mohiyatiga, uning haqiqiy ekanligi, qaysi omillarga asoslanganligi va qanday maqsadda tarqatilayotganligi g‘oyasiga asoslanganligiga e’tibor qaratish;
  • axborotni qanday natija berishi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish, uni tahlil qilish, ijobiy va salbiy tomonlarini aniqlab, so‘ngra muayyan bir xulosaga kelish;
  • axborotga ongli, yuksak tafakkur bilan yondashish va uni kerak hollarda sintez qilish, salbiy fikrlarga qarshi, axloqiy-ruhiy sharoitlar yaratish;
  • axborotda ijobiy fikrlarni jonlantirish, targ‘ib etishda milliy qadriyatlarga asoslanish. Bu ishni aniq tarixiy vaziyat bilan, rivojlantirish uchun davom etayotgan ichki va tashqi sharoitlar bilan muttasil bog‘lab olib borish;
  • mavjud axborotlarda jamiyatdagi ilmiy g‘oyalarning xilma-xilligini saqlagan holda, fuqarolarning o‘z fikrini erkin ifoda etishi va uni himoya qilishga ziyon yoki tazyiq o‘tkazmaslik;
  • yoshlarning axborot olish madaniyatini hisobga olib, undan samarali foydalanish, bajariladigan ishlarning ta’sirchanligini puxta nazorat qilib turish orqali, jamiyatda mustahkam barqarorlikni ta’minlashga erishish kerak.

Axborot olish madaniyati, ya’ni axborot savodxonligi bo‘yicha xorijiy mamlakatlarga nazar solinsa, kutubxonalar uyushmasida axborot savodxonligi masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. «Axborot savodxonligi» atamasi aynan mana shu e’tibor natijasida paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, axborot savodxonligi bo‘yicha milliy forumlar yaratilgan bo‘lib, yigirma beshtadan ziyod turli tashkilot va muassasalarni birlashtirgan.

«Oliy ta’lim sohasi uchun axborot savodxonligi standartlari» yo‘riqnomasida axborot savodxonligi umrbod davom etuvchi bilim olish jarayonining asosi sifatida ta’riflangan. Mazkur standartlar oliy ta’lim sohasidagi axborot savodxonligi masalalariga bag‘ishlangan baxs-munozalarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Mazkur standartlar axborot savodxonligiga ega bo‘lgan insonni quyidagicha ta’riflaydi:

  • kerak bo‘lgan axborot ko‘lamini belgilay oladigan;
  • kerakli ma’lumotdan samarali foydalana oladigan;
  • axborot va uning manbalarini tanqidiy baholay oladigan va saralangan axborotni o‘z bilim bazasi bilan uyg‘unlashtira oladigan;
  • muayyan maqsadga yetish uchun axborotdan samarali foydalana oladigan;
  • axborotdan foydalanish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy, yuridik va ijtimoiy masalalarni tushunish va axborotni qonuniy tarzda hamda axloqiy me’yorlari doirasida foydalana biladigan;
  • mahsulot va jarayonga baho berishdir.

Xulosa qilib aytganda, yoshlarning o‘z ijtimoiy maqomini saqlab qolishning ajralmas qismi va har bir insonning taqdiri, o‘z vaqtida yangi axborotni qidirib topish, olish, mos ravishda qabul qilish va undan samarali foydalanishiga bog‘liqdir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq