Xiva «Aloqa tarixi muzeyi» qayta tiklandi
29.03.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: Abdulvoris Muhamedov.

hiva_29_03_2016

Dunyo kezib, olamdagi turli xalqlar hayoti, madaniyati, urf-odatlari, tarixini o‘rganish hamda mamlakatlar joylashgan maskanlarning tabiat manzaralari, me’moriy obidalari va tarixiy yodgorliklari bilan tanishishga qiziquvchi ko‘pchilik sayyohlar o‘zga yurtlarga qilgan sayohatlari mobaynida albatta muzeylarga tashrif buyuradilar.

Har bir mamlakatning o‘ziga xos alohida xususiyatlarni o‘rganishda muzeylar muhim axborotlarni berishi barchaga ma’lum. Shu nuqtai nazardan ham, keyingi yillarda davr talabiga muvofiq, mamlakatimizda mavjud barcha muzeylarda zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlariga asosan xizmat ko‘rsatish samarasini oshirishga harakat qilinmoqda. Yurtimiz tarixini targ‘ib qiluvchi barcha muzeylar qatorida o‘z munosib o‘rnini egallab, tashrifchilar e’tiboriga sazovor bo‘lib kelayotgan “Aloqa tarixi muzeyi” ham mavjud.

hiva_29_03_2016_1

infoCOM.UZ jurnalining ko‘plab sonlarida mazkur muzey faoliyati haqida sahifalar berib kelinadi. Hozirgi kunda, Xiva shahrida qayta tiklanib, tashrifchilarni qabul qilayotgan Xiva «Aloqa tarixi muzeyi» ham e’tiborga loyiq. Soha rahbariyati tashabbusi bilan amalga oshirilgan, Xiva aloqa muzeyida ta’mirlash, zamonaviy rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Ko‘rgazma zallari dizayni va mavjud eksponatlarni joylashtirish hamda qayta jihozlash ishlari amalga oshirilib, tashrifchilar uchun yanada qulay, qiziqarli sharoitlar yaratildi. Muzey jamlanmalari qatorida turli tarixiy yillarga mansub, 340dan ortiq aloqa vositasi, mingga yaqin eksponat va fotosurat, 430dan ziyod konvert va markalar saqlash uchun joylashtirildi. Muzeyda mamlakatimizda aloqa sohasining rivojlanishi, tarmoqdagi o‘zgarish hamda yangilanishlarga oid eksponatlar bilan tanishish mumkin.

Aslida, Xiva aloqa tarixi muzeyi XX asr boshida amal qila boshlagan. O‘sha davrda muzeyning hozirgi binosi qurilgan bo‘lib, unga chet eldan olib kelingan Morze telegraf uskunasi o‘rnatilgan. Morze apparati Chorjo‘y–Tuyamo‘yin–Yangi Urganch yo‘ nalishi bo‘ylab o‘tgan aloqa liniyasiga ulangan. Shahar pochta bo‘limi mazkur binoga ko‘chirilib, «Pochta-telegraf» degan yozuvli ko‘rsatkich osilgan va pochta aloqa xizmati ko‘rsatila boshlangan. O‘sha davrda pochta jo‘natmalari Amudaryo orqali amalga oshirilgan. Telegraf aloqasidan ham foydalana boshlaganlar.

hiva_29_03_2016_2

1982-yilga kelib, aloqa bo‘limi uchun yangi bino qurilgach, eski bino o‘rnida Respublika aloqa vazirligi tashabbusi bilan aloqa muzeyi tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Muzey eksponatlari uchun va aloqa xizmatiga taalluqli aloqa vositalari, hujjatlar to‘plana boshlagan. 1983-yilda muzey eksponatlari va hujjatlarni joylashtirish uchun zarur jihozlar sotib olinib, badiiy bezak ishlari amalga oshirilganidan so‘ng muzeyning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilgan.

Mamlakatimiz istiqloli bilan muzeyda yanada takomillashtirish ishlari olib borildi. Muzey jamlanmalari va eksponatlari maxsus ishlab chiqilgan dizayn asosida joylashtirildi, ayniqsa, 2013–2014 yillarga kelib, muzey qayta rekonstruksiya qilindi. Muzeyga qo‘shimcha xonalar ajratilib, ta’mirlandi va yangi eksponatlar hamda hujjatlar bilan boyitildi. Eksponat va hujjatlar zamonaviy talablarga muvofiq holatda joylashtirildi hamda yoritish tizimi bilan ta’minlandi.

2015-yildan boshlab esa davr talabiga mos ravishda o‘zgartirilgan, qo‘shimcha yangi eksponat va tarixiy hujjatlar bilan to‘ldirilgan mazkur muzey tashrifchilarni qabul qila boshladi. Unda maxsus axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari, telegraf-telefon aloqasi, pochta aloqasi, radio va televideniye zallari tashkil etildi. Muzey zallarida aloqa xizmati tashkil etilgan davrdan hozirga qadar o‘tgan tarixiy davrlardan hikoya qiluvchi turli eksponatlar joylashtirildi hamda tashrifchilar uchun qulay bo‘lishi uchun zamonaviy uslubda o‘rnatildi.

hiva_29_03_2016_3

Xiva shahridagi «Aloqa tarixi muzeyi» xodimlari uning uzoq yillik faoliyati mobaynida orttirilgan tajribalari bilan faxrlanadilar. Hozirgi davrda muzey fondini hamda zamonaviy aloqa texnikasining yangi eksponatlari qatorini yanada boyitib borish bo‘yicha ishlar olib bormoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, Xiva nafaqat qadimiy obidalar, maqbara va madrasalar, minoralar hamda ziyoratgohlar, balki tarixiy muzeylar shahri sifatida ham mashhur, ular qatorida qayta ishga tushirilgan aloqa tarixi muzeyi ham bor. Hozirgi davrda mamlakatimizda xalqimizning milliy madaniyati, tarixi, san’ati, qadimiy an’ana va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan muzeylar qatorida Xiva «Aloqa tarixi muzeyi» ham xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq