“O‘zbektelekom” AK Farg‘ona filiali: moddiy va ma’naviy salohiyatni yuksaltirish yo‘lida
28.03.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: Hafiza Salyahova, Farg‘ona viloyati.

far_28_03_2016

Tarixiy tajriba va zamonaviy amaliyot poydevorida barpo etilgan O‘zbekistonning istiqbol rejalari inson manfaatlariga xizmat qilib, davr talablariga to‘la javob bermoqda. Bugungi kunning eng asosiy talabi esa zamonaviy texnologiyalarni hayotga tatbiq etish, ularni jadal sur’atlarda takomillashtirishdir. Xususan, yurtimizda yangi texnologiyalar va texnik vositalarning nafaqat qisqa fursatlarda targ‘ib qilinayotgani, balki doimiy o‘zgarish, muvofiqlashtirishga yuz tutayotgani e’tirofga loyiqdir.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan hukumatimizning AKT rivojiga qaratayotgan alohida e’tibori tufayli mamlakat iqtisodiyoti, moddiy va ma’naviy salohiyati o‘smoqda. Yuqorida ta’kidlangan omillar o‘z navbatida, xorijiy investitsiyalarni jalb etmoqda. Pirovardida, yangi ishchi o‘rinlari yaratilib, aholi turmush sifati yaxshilanmoqda. Shaharu-qishloqlarimiz obodonlashib, yanada chiroy ochib borayotgani ko‘zlarni quvontirib, dillarni yayratmoqda. Bunda mustaqilligimizning ilk yillaridan davlatimizda ishlab chiqilib, qabul qilinayotgan qator O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, AKTni rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlarining ahamiyati katta bo‘lmoqda.

2013–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish davlat dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-martdagi «2015–2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2313 sonli Qarori hayotga tatbiq etilayotgani AKT olamida yangi rivojlanish bosqichini boshlab berdi. So‘nggi yillar davomida texnologiyalarni modernizatsiyalash ishlari jadallashtirilib, sohaga yangi qurilmalar, jumladan, ADSL va FTTx kabi texnologiyalari kirib keldi. FTTx texnologiyasi qo‘llanilayotgani — ko‘p qavatli uylargacha optik tolali kabel yotqizilayotgani aholining AKTga bo‘lgan talablarini qondirishga xizmat qilmoqda. Qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani tarmoq mobil aloqa operatorlari tomonidan 4G LTE texnologiyalari joriy etishga xizmat qilmoqda.

FTTb (Fiber to the building) loyihasi sharofati bilan keng polosali xizmatlar, analog kabel televideniyesidan ustun bo‘lgan, tasvir va ovoz sifati ancha yuqori IPTV va IP-telefon xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratmoqda. 49ta ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi 400dan ortiq abonentlar bu xizmatlardan bahramand bo‘lmoqdalar. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning yanvar oyida bor-yo‘g‘i salkam 100 abonentdan iborat edi, xolos. Yangi loyihalar ijrosi Internet tezligi oshib borishini, VPN, telefoniya, videotelefoniya, videokonferensaloqa xizmatlari yaxshilanishini ta’minlayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovor. Quyidagi raqamlar ham filialda modernizatsiya ishlari samarasidan darak beradi. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 570 km optik tolali kabel tarmog‘i yotqizildi. «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filialining Internetdan foydalanuvchi abonentlari soni 22 725dan oshdi. Umumiy telefon abonentlari soni o‘tgan yilning yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan 100 abonentdan ortiqqa ko‘payib, 122514 nafarni tashkil etmoqda. Viloyatda 40ta faoliyat yuritayotgan internet-kafe mavjud.

far_28_03_2016_1

Endi Farg‘ona shahridan Chimyon shaharchasigacha bo‘lgan oraliqda 30 kmli masofada optik tolali kabel yotqizilganining ahamiyatini bir tasavvur qilib ko‘ring. Farg‘ona tumani Cheksho‘ra QFY da 530tadan ortiq namunali uylarda istiqomat qilayotgan yosh oilalarning orzulari amalga oshmoqda — hademay, ular keng polosali aloqa xizmatlaridan hech muammolarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Prorab Hamdamjon Yo‘lchiyev, ish yurituvchi Zafarjon Ahmadjonov, kasb-hunar kollejlarini tugallab ushbu qurilishda ishlagan Mavlonjon Nabiyev, Sanjarbek O‘rmonov, Zarifjon Ashurovlar optik tolali aloqa kabeli yotqizishdek dastlabki mehnat sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdilar. Kabel yotqizish ishlarini sifatli tashkil etishda «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filiali qurilish bo‘limi boshlig‘i Hakimjon Abdullayev, muhandislar Baxtiyorjon Egamov, No‘monjon Karimov, haydovchi Yigitali To‘xtanazarovning hissalari katta bo‘ldi. TATU bitiruvchilari — yosh muhandislar Muhammadjon Haydarov hamda Muhammadbobir Nurmatovlar ish jarayonida ishtirok etib, ilk mehnat ko‘nikmalarini hosil qildilar.

«Biz chimyonliklar bu g‘amxo‘rlikdan boshimiz osmonga yetdi. Rahmat, — deydi Farg‘ona tumanidagi Do‘stlik MFY kotibasi Matlubaxon Qodirova. — Umumiy ta’lim maktablari, maktabgacha tarbiya muassasalarida, kasb-hunar kollejlarida o‘quv-tarbiya ishlarida AKT qo‘llash darajasi ko‘tarilib, yoshlarimizning salohiyati oshadi deya xursandmiz. Buning uchun uzog‘imizni yaqin, mushkulimizni oson, ko‘zlarniyu-dillarni charog‘on qilishga astoydil bel bog‘lagan mutasaddi tashkilotlar — «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona va «Telekom Invest» filiallari hamda «Ohangaron aloqa qurilishi» xususiy kor-xonasining mehnat jamoalariga o‘z minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Bu bunyodkorlik ishlari tufayli «Elektron hukumat» tizimi har bir korxonaga, har bir oilaga kirib borishi yanada tezlashadi, degan umiddamiz».

«Darhaqiqat, sohamizda modernizatsiya ishlarining jadal olib borilayotganligi hayotimizga «Elektron hukumat» tizimini joriy etishdek xayrli ishni tezlashtirishga xizmat qiladi, — deydi «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filiali direktori Vladimir Ejkov. — Rejadagi ishlarni ado etish bilan davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini va fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasini oshirishga hissa qo‘shayotganmizdan mamnunmiz. Bugungi kunga kelib, har bir korxona rahbaridan tortib, oddiy xodimgacha AKTni chuqur egallashning ahamiyatini to‘la anglaydi, foydalana oladi. Korxona va muassasalarda ish uslubi va jarayonlarini axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, yangi-yangi takliflar tavsiya etishga qodir bilimdon kadrlar ko‘payayotgani bizning ham yutug‘imizdir. Viloyat telekomchilari tomonidan Farg‘ona–Chimyon yo‘nalishida yotqizilgan optik tolali aloqa liniyasini umumiy tarmoqqa ulab, yangi qurilmalarni o‘rnatish va aholiga yuqori sifatli, tezkor keng polosali xizmatlarni ko‘rsatish ishlari davom ettiriladi».

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq