Bolalar iqtidorlarini rivojlantirish tizimida AKTning ahamiyati
28.03.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Dildora Madjidova, Shaxnoza Usmanova, Iroda Shodmanxojiyeva.

«Iqtidorli bolalar» – bu o‘ziga xos bolalar bo‘lib, pedagoglarning asosiy vazifasi – ularni tushunish, ularga o‘z bilim va tajribalarini yetkazish uchun barcha mahoratlarini namoyon etishdan iboratdir. Iqtidorli insonlarga shaxs sifatidagi yaxlit yondashuv, uning qobiliyatlarini namoyon eta olishi uchun muhimdir. Bolalarning bilish jarayonlaridagi ehtiyojlariga tayangan, maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat jarayonida qobiliyatlari rivojlanishi yuz beradi.

Pedagogik amaliyotda maxsus fanlarga oid iqtidorni rivojlantirishda loyihalar metodidan foydalanish samarali metodlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Mazkur metod o‘quvchilar tomonidan biror-bir muammo sohasidagi vazifalarni hal qilish va bunda albatta, yangi axborot texnologiyalari, kompyuter texnologiyalaridan foydalanishni nazarda tutadi. Bu o‘quvchilarga axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, o‘z imkoniyatlarini namoyon etish, shaxs ijodkorlik xususiyatlarini rivojlantirish imkoniyatini beradi. O‘qituvchi maslahatchi rolida, faqatgina asosiy ish usullari bilan tanishtirib, mustaqil ta’lim olish, izlanish, ijod qilish uchun imkoniyat yaratadi. An’anaviy darslardan farqli ravishda, bunda bilimlar berilmaydi, balki tizimlashtiriladi, chunki o‘quvchilar barqaror bilimlarni biror-bir aniq vazifalarni kompyuterda bajarish orqali amaliy ish jarayonida egallaydilar. Loyihalar metodi tadqiqotchilik, ijodiy, axborot loyihalarini o‘zida mujassam etishga imkon berib, shu bilan bir vaqtda sohalararo aloqalarga yo‘naltiriladi.

Zamonaviy ta’lim tizimida erkin shaxsni tarbiyalash, bolalarda mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirish, bilimlarni egallash va amalda qo‘llash, qabul qilinadigan qarorlarni puxta o‘ylab chiqish va harakatlarni aniq rejalashtirish, turli xil guruhlarda samarali hamkorlik qilish, yangi aloqalarga ochiq bo‘lishga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Bu ta’lim jarayoniga bilim olish faoliyatini boshqarish muqobil shakllari va usullarini keng joriy etishni talab etadi. Bunda, bolalar iqtidorlarini rivojlantirish usullaridan biri pedagogik amaliyotda zamonaviy elektron ta’lim resurslaridan keng foydalanish hisoblanadi, bu interaktiv metodlar, multimedia kabi yangi pedagogik vositalarni qo‘llash imkonini yaratadi.

Bolalar iqtidorini rivojlantirishda tadqiqotchilik ishi katta rol o‘ynaydi, masalan, turli konferensiyalarga tayyorgarlik jarayonida, fanning asosiy kursida egallanadigan bilimlardan ko‘ra chuqurroq bilimlarga ega bo‘lishni talab etadi. Bu kabi ish jarayonlarida albatta ilmiy tadqiqotchilik elementlari mavjud bo‘ladi: maqsadni belgilash, vazifalarni shakllantirish, kompyuter eksperimentlarini o‘tkazish, olingan natijalarni tahlil qilish va hokazolar. Bunda nafaqat tanlangan mavzuning dolzarbligi va amaliy ahamiyati, balki uning ishlab chiqilishidagi ilmiy yangiligi ham muhimdir. Demak, tadqiqotchilik ishining bunday darajasi o‘quvchi hamda pedagog tomonidan ko‘pgina mehnatni talab etadi. Shuningdek, bolalar iqtidorlarini rivojlantirishda fan olimpiadalari, AKT bo‘yicha ko‘rik tanlov va chempionatlar o‘tkazish, Internet-olimpiadalarida ishtirok etish kabilar samarali hisoblanadi. Bolalarning aqliy ijodiy faoliyatlariga asosiy e’tibor qaratilishi ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish hamda shaxs iqtidorini rivojlantirishda rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Iqtidorli bolalar fan bo‘yicha ko‘rik tanlov va olimpiadalarda ishtirok etish va ijobiy natijalarga erishish orqali intellektual yetakchilik tajribasiga ega bo‘ladilar. Bolalar iqtidorlarini rivojlantirishda sinfdan tashqari ishlarni tashkil etish ham katta ahamiyatga egadir. Sinfdan tashqari ishlarda masofaviy ta’lim, virtual laboratoriya, videokonferensiyalar, vebinarlar kabi metodlardan foydalaniladi.

Ta’lim muassasalarida, har yili an’anaviy ravishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligini o‘tkazish bolalarning bilishga oid qiziqishlarini shakllantirish, AKTga oid bilimlarini oshirish va ularning ijodiy faolliklarini rivojlantirishda samarali hisoblanadi. Bunday tadbirlar bir necha yo‘nalishda tashkil etilishi mumkin: kasbga yo‘naltirish; o‘quv-tadqiqotchilik; axborot-ko‘ngilochar; viktorinalar; intellektual-o‘yinli va boshqalar. Bolalarning AKT sohasidagi iqtidorlarini aniqlash maqsadida darsdan tashqari faoliyatda quyidagi shakllardan keng foydalanish mumkin: bolalar ijodiyoti ko‘rgazmalari; ijodiy ko‘rik tanlovlar; fanga oid bellashuvlarni o‘tkazish va hokazolar.

Bolalar iqdorlarini aniqlash va rivojlantirishning muhim omillaridan biri turli muassasalar bilan o‘zaro hamkorlik hisoblanadi, ayniqsa, bolalarni fanga oid qiziqishlarini yanada oshirish, iqtidorlarini namoyon etishlari va darsdan tashqari faoliyatlarini mazmunli tashkil etishda «Barkamol avlod» bolalar ijodiyot markazlarining ish faoliyatlari bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda. Bolalar iqtidorlarini, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish mazkur markazlarning asosiy maqsadi hisoblanadi. Bugungi kunda bolalarning axborot-komunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishlari orqali bu sohada ularning qiziqishlari, bilimlarini oshirishda ZiyoNet ta’lim portali, kitob.uz kabi internet resurslari foydali axborot manbalari sifatida xizmat qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash zarurki, o‘qituvchi va bola o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatining muhim jihati ularning o‘zaro munosabatlari hisoblanadi va bu o‘qituvchi faoliyatining barcha bosqichlari va darajalarida asosiy, yetakchi bo‘lib, bola shaxsining intellektual, ijodiy qobiliyatlarini rivojlanishi, o‘quvchi shaxsining muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi vaqtda jamiyatni axborotlashtirish jarayoni inson faoliyatining deyarli barcha sohalariga kirib keldi, bunda bolalarning AKT sohasidagi iqtidorlari, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish esa ta’lim tizimining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Chunki har bir o‘qituvchi o‘z o‘quvchilarining muvaffaqiyatga erishishlari, zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh yetuk kadr bo‘lib yetishishlaridan mamnuniyat his etishi tabiiydir.

Dildora Madjidova, Shaxnoza Usmanova, Iroda Shodmanxojiyeva, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi mutaxassislari

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq