Bojxona: zamonaviy axborot texnologiyalari va elektron xizmatlar ko‘lami kengaymoqda
26.02.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Nigora G‘aniyevа.

customs_26_02_2016

Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirish va tadbirkorlarga keng qulayliklar yaratishga katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini yanada takomillashtirish va shaffoflashtirish maqsadida sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari(AKT)ni joriy etish, Internet tarmog‘i orqali turli interaktiv xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami tobora ortib bormoqda.

Bojxona sohasida so‘nggi o‘n yilga nazar solsak, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga doir o‘nlab muhim hujjatlar, xususan, Prezidentimizning Farmon va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilinyapti-ki, bu bilan hech ikkilanmasdan bojxona xizmatini zamonaviylashtirish, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini yanada soddalashtirish davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda deyish mumkin.

Bojxona tizimiga axborot texnologiyalarini jalb etish zarurati quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi: Bir tomondan, respublikamizning tashqi iqtisodiy aloqalari kengayishi evaziga chegaralarimiz orqali harakatlanayotgan tovar va transport vositalari sonining ham oshib borishi bojxona organlari faoliyatini soddalashtirishni talab etsa, ikkinchi tomondan, respublikamiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda bojxona organlariga yuklatilgan vazifalar bojxona nazoratining yangi shakl va uslublarini tatbiq etish hisobiga, bojxona nazorati samaradorligini yanada oshirishni taqozo etadi. Xalqaro andozalar nuqtai nazaridan qaraganda, bojxona organlari faoliyati samaradorligini aniqlashning asosiy me’yorlaridan biri bo‘lib, bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratiga ketgan vaqt hisoblanadi. Bu vaqtni qisqartirishdagi eng muhim omillardan biri esa bu bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturlarini joriy qilishdir.

Bojxona sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bojxona organlarining yagona axborot uzatish tarmog‘ini va yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini, ma’lumotlar xavfsizligi va ularni muhofaza qilish tizimini yaratish hamda bojxona komplekslari va postlarini zamonaviy bojxona nazorati texnik vositalari bilan ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda DBQ rasmiy veb-sayti www.customs.uz orqali 9ta interaktiv xizmatlar va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali 10ta interaktiv xizmatlar aholi va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ko‘rsatilib kelinmoqda. Ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarimizga vaqtni tejash, qog‘oz xarajatlarini kamaytirish, bojxona organlariga bormasdan o‘z ish joylaridan Internet orqali kerakli ma’lumotlarni olish hamda rasmiylashtirish va shu kabi bir qancha qulayliklar yaratib kelmoqda.

Tovarlar bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi 370-sonli qarori ijrosini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qulayliklar yaratish maqsadida DBQ tomonidan «Elektron dek-laratsiyalash» avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Ushbu tizim TIF qatnashchilariga bir qator afzalliklar beradi. Jumladan:

  • elektron deklaratsiyalash jarayonida tadbirkorlik subyekti bojxona postidan uzoq masofada bo‘lishidan qat’iy nazar, internet tarmog‘i orqali amalga oshirish imkoniyatiga ega;
  • deklarant o‘z ish joyida o‘tirib, bir necha bojxona postlari bilan tovarlarni deklaratsiyalashi mumkin;
  • TIF qatnashchilarining kerakli bojxona protseduralari bilan bog‘liq bo‘lgan vaqti va moddiy xarajatlari qisqaradi. «Elektron deklaratsiyalash» tizimi 2012-yil 31-dekabrdan www.customs.uz

DBQ saytiga interaktiv xizmati sifatida joylashtirildi hamda 2013-yil 1-yanvardan boshlab tatbiq etildi. Olib borilgan ishlar natijasida, 2013-yilda jami bojxona yuk deklaratsiyalarining 39,2 foizi elektron tarzda taqdim etilgan bo‘lsa, 2015-yilda esa bu ko‘rsatkich 99,95 foizni tashkil etdi.

customs_26_02_2016_1

Shartnomalar Internet orqali hisobga olinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-sonli Farmoni bilan tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi savdo shartnomalarni banklarda ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Axborot texnolo-giyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga shartnomalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish interaktiv xizmatini yaratish vazifasi yuklatilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik subyektlari tomonidan Davlat interaktiv xizmatlari portali orqali tashqi savdo shartnomalarini taqdim etilganda, uni bojxona organlari axborot tizimlarida qabul qilish imkoniyati yaratildi. Endilikda tadbirkorlik faoliyati subyektlari tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha ma’lumotlarni elektron shaklda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali «Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron avtomatlashgan axborot tizimi»ga elektron raqamli imzodan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin. Mazkur xizmat 2014-yil 1-sentabrdan amaliyotga kiritilib, o‘sha yil yakuniga qadar 40% kontraktlar va ularga tegishli hujjatlar elektron tarzda qabul qilingan edi. 2015-yilda esa «Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron avtomatlashgan axborot tizimi» orqali 50 mingdan ortiq shartnomalar qabul qilingan va bu jami ko‘rsatkichning 75 foizini tashkil qilgan.

«Bojxona» axborot tizimlari kompleksi — barchasi bir nuqtada

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan «Bojxona» axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish yuzasidan ishlar yakunlandi. Ta’kidlash joizki, «Bojxona» axborot tizimlari kompleksi uning tarkibiga kiruvchi «Avto», «Temir yo‘l», «Bojxona to‘lovlari», va «Bojxona ombori» ma’lumotlarini shakllantirish hamda Milliy axborot tizimiga uzatishni ko‘zda tutadi. Uning asosiy funksiyalari tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari avtotransport vositalari (davlat raqami bo‘yicha), temir yo‘l transport vositalari (vagon va konteynerlar raqami bo‘yicha) O‘zbekiston Respublikasi hududiga qaysi bojxona posti orqali va qaysi sanada kirganligi, bojxona postiga qachon yetib borganligi va chiqib ketganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, TIF qatnashchilari tomonidan ushbu tizim orqali tovarlarning bojxona to‘lovlari bo‘yicha on-layn tarzda o‘zaro hisob-kitoblar solishtirma dalolatnomasini ko‘rish va chop etish imkonini beradi. «Bojxona ombori» dasturi orqali esa bojxona omborlari ro‘yxati bilan tanishish mumkin. Bunda bojxona ombori nomi, manzili, litsenziya raqami, litsenziya berilgan vaqti, litsenziyaning amal qilish muddati hamda bojxona ombori turi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Xalqaro hamkorlikning samarasi
Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulayliklar yaratish va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining shaffofligini ta’minlash yo‘nalishida bojxona organlariga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha bir qator loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Shunday loyihalardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 18-avgustdagi «Koreya Respublikasi hukumatining «Uyg‘unlashgan «Yagona oyna» bojxona axborot tizimini tatbiq etish orqali bojxona xizmatini modernizatsiyalash» loyihasini amalga oshirishga mo‘ljallangan grantidan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2224-son Qarori asosida ishlab chiqilayotgan bojxona organlarining «Yagona oyna» axborot tizimi hisoblanadi. Mazkur tizim ishga tushirilishi natijasida, tadbirkorlik subyektlariga o‘z ofislaridan chiqmay turib, bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi ruxsatnomalar, sertifikatlar hamda litsenziyalarga elektron buyurtma berishi va ularni vakolatli vazirlik yoki idoralardan elektron shaklda qabul qilib olishi uchun to‘liq imkoniyat yaratiladi.

Avval axborot, keyin tovar yetib keladi!
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-oktabrdagi 307-son qarori bilan tashuvchilarga, bojxona brokerlariga yoki boshqa manfaatdor shaxslarga 2015-yil 1-dekabridan boshlab, yana bir yengillik va imkoniyat joriy qilingan edi. Unga muvofiq tashuvchilarga, bojxona brokerlariga yoki boshqa manfaatdor shaxslarga 2015-yil 1-dekabrdan boshlab avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali (shu jumladan, tranzit shartlarida) o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida davlat bojxona xizmati organlarini elektron tarzda oldindan xabardor qilishni amalga oshirish huquqi berildi. Bu esa avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalarini bojxonada rasmiylashtirishni yanada takomillashtirish va rasmiylashtirish vaqtini qisqartirish, shuningdek, ular to‘g‘risidagi axborotlarning ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur qaror bilan avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron tarzda oldindan xabardor qilishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati hamda davlat bojxona xizmati organlarini elektron tarzda oldindan xabardor qilish tartibotlarini amalga oshirish sxemasi ham tasdiqlandi.

Elektron tarzda oldindan xabardor qilishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxatiga 11 turdagi ma’lumotlar kiritilgan. Endilikda manfaatdor shaxslar avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron tarzda oldindan xabardor qilishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarni davlat boj-xona xizmati organlariga taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimiga jahon Internet axborot tarmog‘i vositasida avtomobil transportida O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalari o‘tkazilgungacha yoki o‘tkazilish vaqtida jo‘natishlari mumkin. Agar elektron tarzda oldindan berilgan axborotlar tovar bilan birga yuboriladigan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, manfaatdor shaxslar mazkur axborotlarni tizimga O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini o‘tkazish vaqtida jo‘natishlari mumkin. Axborotlar elektron tarzda oldindan berilsa va ular tovar bilan birga taqdim etiladigan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga muvofiq bo‘lsa, u holda bojxona nazorati va rasmiylashtirish bir soat mobaynida amalga oshiriladi.

Yangi sayt, yangi imkoniyatlar
Bojxona organlari faoliyatini xalqaro tarmoqda yoritishda ma’lumotlarning tezkorligi, sifati va davriyligini ta’minlash, bojxona sohasiga doir axborotlarni taqdim etishda samarali usullarni joriy etish, internet foydalanuvchilari, xususan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun xalqaro tarmoqda o‘zlariga tegishli axborotlarni qisqa fursatda va qulay tarzda, qo‘lga kiritish maqsadida 2015-yilning 1-avgustdan boshlab, Davlat bojxona qo‘mitasi Internet tarmog‘ida yangi takomillashtirilgan veb-saytini ishga tushirdi. Sayt 8ta bo‘limda 120dan ortiq sahifalarda axborotlarni taqdim qilib, sodda navigatsiya orqali foydalanuvchi o‘ziga kerakli axborotni sanoqli soniyalarda topishi mumkin. Bunda axborotlarning turi, yo‘nalishi va eng muhimi kimga mo‘ljallangani alohida inobatga olingan. Sayt orqali 9 turdagi elektron xizmatlar ko‘rsatiladi va 19 turdagi ochiq ma’lumotlar taqdim etib kelinmoqda.

Tadbirkorning shaxsiy kabineti — endi virtual tarzda
Davlat bojxona qo‘mitasi veb-saytining «Tadbirkorning shaxsiy kabineti» interaktiv xizmati orqali TIF qatnashchilari uchun qo‘shimcha 10 turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Ushbu xizmatlar orqali tadbirkorlar elektron raqamli imzosi orqali o‘zlariga tegishli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni olishlari, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini Internet orqali nazorat qilishlari mumkin. Xususan, «Tadbirkorning shaxsiy kabineti» interaktiv xizmati doirasida taqdim etilgan deklaratsiyani bojxona axborot tizimga qabul qilish, ro‘yxatga olish va rasmiylashtirish muddatlarini nazorat qilish imkoniyatlari shular jumlasiga kiradi.

Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi — Internetda
Chegara bojxona postlaridan o‘tayotgan fuqarolar uchun yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini chegara-bojxona postlariga kelishdan oldin Internet tarmog‘i orqali yuklab olish, elektron tarzda to‘ldirish hamda chop etish imkoniyatlari yaratildi. Hozirgi kunda ushbu xizmatni interfaol tarzda amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi hamkorligida muayyan ishlar davom ettirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan jismoniy shaxslar endi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini Davlat bojxona qo‘mitasi veb-saytidan ko‘chirib olishlari mumkin. Ushbu interaktiv xizmatni joriy etish quyidagi qulayliklarni yaratadi:

  • jismoniy shaxslar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini kompyuter yordamida o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda va bojxona postidan tashqarida (ofis, ish joyi yoki uyda) istalgan joyda to‘ldirishlari mumkin;
  • jismoniy shaxslar bojxona postlaridagi yo‘lovchi deklaratsiyalarni to‘ldirish ustunlarida navbat kutish, o‘zlari tanlagan tildagi blankalarni izlash kabi juz’iy muammolarga duch kelishmaydi hamda vaqti tejaladi;
  • yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini elektron shaklda to‘ldirish vaqtida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni o‘sha vaqtning o‘zida tuzatish imkoniyati mavjud. Jismoniy shaxslar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi blankasini ko‘chirib olish va to‘ldirishdan avval O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2014-yil 5-avgustda 2606-son bilan ro‘yxatga olingan «Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma» bilan sayt orqali tanishib chiqishlari mumkin.

Muallif: Nigora G‘aniyevа DBQ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish boshqarmasi bosh inspektori

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq