“Interaktiv ish varag‘i” yoki onlayn-viktorina
25.02.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Mohira Abdullayeva, Zuhra Xodjimurtova.

muz_25_02_2016

Ma’lumki, mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasining rivoji XX asrning oxirgi o‘n yilligida jadallashdi va hozirda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) kirmagan soha qolmadi. Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq AKTni rivojlantirish va joriy etishga katta e’tibor qaratildi, jumladan, muzeylar sohasida ham qator davlat dasturlari ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan mamlakatda muzey ishini tubdan yangilash yuzasidan bir qator Farmon va Qarorlar qabul qilindi. O‘zbekiston Prezidentining 1998-yil 12-yanvardagi «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-1913-sonli Farmoni, 2008-yil 26-iyundagi «Milliy muzey fondi va muzeylar to‘g‘risida»gi Qonuni shu jumladandir (O‘zbekiston muzeylari istiqboli. — T.: Akademnashr, 2013. — B. 8).

muz_25_02_2016_1

Darhaqiqat, bugungi kun muzeylari mohiyatan avvalgi muzeylardan tubdan farq qiladi. Muzey — bizning tariximiz, bu yerda qachonlardir inson tomonidan yaratilgan yoki kashf etilgan noyob asori-atiqalar saqlanadi va kelajak avlodlarga yetkaziladi. Muzey jamiyatning o‘z tarixi va madaniyatiga munosabatini aks ettiruvchi ko‘zgu hisoblanadi. Shu sababli ular zamon, jamiyat bilan hamnafas faoliyat yuritishi zarur. XXI asrda faoliyat yuritayotgan xorij muzeylari faoliyatiga nazar tashlasak, ular kechagi ekspozitsiyalardagi bir xillik, o‘zgarmas ko‘rgazmalar va zerikarli ekskursiyalardan voz kechib, tashrif buyuruvchilarga manzur keladigan yangi yo‘nalishlarda, veb-texnologiyalardan foydalangan holda faoliyat ko‘rastayotganiga guvoh bo‘lamiz. Zamonaviy muzey jamiyat taraqqiyotiga fan, madaniyat, ta’lim va tarbiya sohasidagi faoliyati orqali amaliy hissa qo‘shishi lozim (O‘zbekiston muzeylari istiqboli. — T.: Akademnashr, 2013. — B. 103). Muzeylar tarixiy eksponatlarni saqlash, namoyish etish bilan bir qatorda, ularni keng jamoatchilikka aniq va atroflicha yetkazish maqsadida turli ilmiy muassasalar va oliy ta’lim muassasalari bilan ham hamkorlik olib boradi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi «Aloqa tarixi muzeyi»da Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universiteti hamda Toshkent axborot texnologiya-lari universiteti o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomalariga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda. Quyida Toshkent Islom universiteti va Aloqa tarixi muzeyi hamkorlik shartnomasiga muvofiq amalga oshirilgan «Muzey interaktiv ish varag‘i» to‘g‘risida kengroq ma’lumot beramiz.

muz_25_02_2016_2

Muzey xodimlari tomonidan tavsiya etilgan mavzu asosida universitet bitiruvchi talabasi Yulduz Jo‘rayeva tomonidan bitiruv malakaviy ishi sifatida multimeduali dastur ishlab chiqildi. Asosiy maqsad, tomoshabinlarning muzeyga qiziqishlarini yanada orttirish uchun AKTdan foydalangan holda muzey bo‘ylab virtual sayohat uyushtirish, tomoshabinlarning muzeyga tashrif buyurganlaridan olgan bilimlarini tekshirishga mo‘ljallangan. Dastur veb-texnologiyaga asoslangan on-line rejimda ishlovchi dasturlar turkumiga kiradi. Unda «muzey ishchi sahifasi» ma’lumotlar bazasi ishlab chiqlgan bo‘lib, muzeydagi eksponatlar bilan elektron multimediali imkoniyatlaridan foydalangan holda tanishish, ular haqida yangi bilimlar olish, olgan bilimlarini tekshirish imkoniyatlari mavjud. Dasturning ijobiy jihati shundaki, yosh ko‘rsatkichidan kelib chiqqan holda tashrif buyuruvchiga 1–4-sinf, 5–9-sinf, akademik litsey va kasb-hunar kolleji talabasi hamda universitet va undan yuqori bo‘limini tanlash imkoniyati taklif etiladi. Eksponatlar haqidagi savollar turli shakllarda, qiziqarli ravishda, multimedia effektlaridan foydalanib, ishlab chiqilgan. Dasturning yana bir ijobiy tomoni shundaki, undan nafaqat o‘zbek tilida, balki rus tilida ham foydalanish mumkin. Dasturni ishga tushirish uchun uning exe faylidan foydalaniladi. Dastur ochilgandan so‘ng, ekranda birinchi bo‘lib, uning bosh sahifasi paydo bo‘ladi.

muz_25_02_2016_3

Mazkur sahifaning chap tomonida muzey haqida va o‘ng tomonida dasturdan qanday foydalanish to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar keltirilgan. Dasturdan birinchi bor foydalanishda foydalanuvchi dasturning «Ro‘yxatdan o‘tish» (Регистрация) qismi orqali dasturga kirishi mumkin.

Foydalanuvchi so‘ralgan barcha ma’lumotlarni kiritib, «Sinfingizni belgilang» qismida sinfni belgilab, keyingi oynalardan biriga kirishi mumkin.

muz_25_02_2016_4

Agar foydalanuvchining dasturga ikkinchi yoki uchinchi marotaba kirishi bo‘lsa, u holda dasturning bosh sahifasidan «KIRISH» (ВХОД) tugmasini bosib, o‘zining sinfini tanlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri varaqchalar ro‘yxati turgan oynalarga o‘tadi.

Foydalanuvchi keltirilgan ish varaqchalarining ikonkalaridan birini tanlaydi va berilgan vaqt ichida savollarga to‘g‘ri javob berishi kerak bo‘ladi.

muz_25_02_2016_5

Bitta mehnat varaqchasidagi savollarga javob berish uchun foydalanuvchiga 3 daqiqa vaqt beriladi. Agar foydalanuvchi 3 daqiqa ichida savollarga javob bera olmasa, bu haqda oynada ma’lumot beriladi.
Varaqchadagi barcha savollarga javob bergan foydalanuvchi varaqchadagi «Natija» tugmasini bosib, o‘zining muzey eksponatlaridan olgan bilimlari natijasini ko‘rishi mumkin:
Shu tarzda, tashrifchilarning ekskursiya davomida yoki muzey bo‘ylab uyushtirgan virtual turlaridan olgan bilimlarini tekshirish imkoniyati yaratildi hamda mazkur dastur Aloqa tarixi muzeyining Internetdagi www.aloqamuzeyi.uz saytiga joylashtildi. On-line rejimda dasturdan nafaqat yurtimiz aholisi, balki dunyoning istalgan nuqtasidan muzey saytiga tashrif buyurgan tashrifchi foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mazkur dastur Intellektual mulk agentligi tomonidan 2015-yil 11-iyulda Elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar davlat reyestrida DGU 03185 raqami bilan ro‘yxatga olingan.

muz_25_02_2016_6

Xulosa qilib aytganda, muzey ekspozitsiyalarining mazmun-mohiyatini tashrif buyurgan: o‘quvchilar, talabalar, katta yoshdagilar, mutaxassislarning qiziqishi, dunyoqarashlarini inobatga olib, zamonaviy veb-texnologiyaga asoslangan holda yetkazib berish ishlari amalga oshirilgan dastur yurtimizda muzey eksponatlarini tashrifchilarga yetkazishda pedagogik texnologiyalarga asoslangan usullardan foydalanib tuzulgan, avtomatlashtirilgan dasturlarning ilk ko‘rinishlaridan biridir. Dasturdagi vazifalar tomoshabinni faqat ekskursiyani tinglabgina qolmay, eksponatni sinchiklab o‘rganishga, eksponatning vizual ko‘rinishini eslab qolishga hamda mantiqiy fikrlashni o‘stirishga ham xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq