“E-YOSHLAR.UZ”da g‘olib chiqqan IUT talabasi — Koreyaga boradi!
23.02.2016
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 21-yanvardagi 15-sonli bayoniga muvofiq yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirishga qaratilgan «e-yoshlar.uz» internet tanlovini o‘tkazish belgilangan edi. Joriy yilning fevral oyidan boshlab, www.e-yoshlar.uz veb-saytida tanlov e’lon qilindi. Tanlov shartlari bilan http://e-yoshlar.uz/uz/page/view?alias=about sayti orqali batafsil tanishish mumkin.
O‘z navbatida, Toshkent shahridagi INHA universiteti IUT talabalarini tanlovda faol ishtiroklarini rag‘batlantirish maqsadida o‘z sovrinini ajratdi. Sovrin ham oddiy emas – Janubiy Koreyaga sayohat! Endilikda, “E-YOSHLAR.UZ” internet-tanlovida g‘olib chiqqan IUT talabasi – Janubiy Koreyada tashkil etiladigan “Inha Summer School” – talabalarning yozgi maktabiga yuboriladi!
Eslatib o‘tamiz, tanlovga yuborilgan ijod namunalari foydalanuvchilar tomonidan 1-apreldan 30-aprelgacha baholanadi va g‘oliblar aniqlanadi. Tanlovning har bir nominatsiyasi bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni egallagan g‘oliblar diplom, pul mablag‘lari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.
Qadrli talabalar, imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Tanlovda o‘z ijodingiz bilan ishtirok eting, g‘olib bo‘ling va Janubiy Koreyaga yo‘llanmani yutib oling!