Matbuot anjumani AKT sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga bag‘ishlandi
18.02.2016
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

uz_18_02_2016

18 fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan AKT sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Bugun axborot texnologiyalari iqtisodiyot sohalarining rivojlanish asosiga aylanib ulgurgan. Bu esa jamiyatning intellektual salohiyati, taraqqiyoti bevosita axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalariga daxldorligini anglatadi. AKT sohasi mutaxassislarining iqtisodiyot va davlat rivojidagi muhim hissasi, ularga bo‘lgan talab va ehtiyojni inobatga olib, mamlakatimizning soha uchun kadrlar tayyorlash tizimi xalqaro talablardan kelib chiqib muntazam takomillashtirilmoqda, bu yo‘nalishda ilg‘or loyihalar amalga oshirilmoqda. Matbuot anjumanida ayni shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti kabi ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlanmoqda.

Matbuot anjumanida ikkala oliy ta’lim muassasacining o‘quv tizimini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirayotgan so‘nggi loyihalari, chora-tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ta’lim maskanida ilg‘or loyiha va ishlanmalarni imtiyozli patentlash hamda sertifikatlash tizimlari ishlab chiqilgan. Universitet tadqiqotchilari tomonidan umumiy qiymati 3,98 mlrd. so‘m bo‘lgan 71 ta loyiha, tashkilotlar bilan xo‘jalik shartnomasi asosida 2,25 mlrd. so‘mlik 126 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida har yili Dasturiy injiniring va Telekommunikatsiya texnologiyalari fakultetlari talabalari tomonidan yaratilgan dasturiy mahsulotlar, veb-ishlanmalar va texnik ishlanmalar ko‘rgazmasi tashkil etib kelinmoqda.

Unda universitetning bakalavr va magistr talabalari tomonidan ishlab chiqilgan 90 dan ortiq dasturiy va texnik ishlanmalar, jumladan Android, IOS va Windows tizimidagi mobil qurilmalarga mo‘ljallangan dasturiy vositalar, veb-saytlar va veb-ilovalar va milliy kompyuter o‘yinlari, elektronika sohasidagi texnik ishlanmalar namoyish etiladi. Ko‘rgazmaga tashrif buyuradigan 120 dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasi korxona rahbar va mutaxassislari ilg‘or loyihalarni amalda tatbiq etish yuzasidan takliflar bilan ishtirok etadilar.

Ta’lim muassasasi qoshidagi Javoharlal Neru nomidagi O‘zbek-Hind axborot texnologiyalari markazi modernizatsiya qilinib, homiylar hisobidan 500 ming AQSh dollari miqdoridagi grant evaziga multimedia xonasi to‘liq jihozlandi.

TATU axborot-resurs markazidagi darslik va kitoblar soni ayni kunda 320 mingtadan oshadi. Ularning 191 mingtasini o‘quv kitoblari, 15 mingtasini xorijiy tillardagi kitoblar tashkil qiladi. So‘nggi 3 yilda universitetning 490 nafar professor-o‘qituvchilari malaka oshirish kurslariga jalb qilingan.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida “elektron hukumat” tizimini samarali joriy qilish, boshqaruv va faoliyatda AKTni tatbiq etish xodimlarning bu yo‘nalishdagi bilimlarini oshirib borishni taqozo qiladi. Ayni shu maqsadda TATU qoshida davlat muassasalari xodimlarini o‘qitishga ixtisoslashgan “Elektron hukumat” o‘quv markazi tashkil etilgan. Bugungi kunga qadar bu yerda 38 mingdan ziyod mutaxassislar o‘qitilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari qoshidagi oliy o‘quv muassasalari qoshida 12 ta o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazlarning ixtisoslashtirilgan kurslarida turli tashkilot-idoralarning 2 mingdan ziyod mutaxassislari malaka oshirdilar.

Toshkent shahridagi Inha universitetida ayni kunda 358 nafar talaba kompyuter va dasturiy injiniring yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Har yili qabul imtihonlarida yuqori ball to‘plagan 10 nafar talabaga homiylar hisobidan grant asosida o‘qish imtiyozi berilmoqda. Ular kelajakda universitet ta’sischisi bo‘lgan yoki boshqa nufuzli muassasalarda 5 yillik mehnat faoliyatini o‘taydilar.

Shu bilan birga, talabalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, semester yakunida har bir kursdan eng yuqori natija ko‘rsatgan 10 nafar talaba shartnoma pulini to‘lashdan qisman yoki to‘liq ozod etiladi.

Universitet 2016-2017 o‘quv yilida 250 nafar talabani qabul qilishni rejalashtirgan. Shuningdek, yangi o‘quv yilida ta’lim muassasasida yangi – logistika yo‘nalishi bo‘yicha ham fakultet o‘z faoliyatini boshlaydi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti tomonidan tashkil etilgan Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyalari markazi universitetning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatini oshirish, ilmiy ishlanmalarning hayotga tatbiq etilishi yuzasidan hamkorlik qilish, universitet talabalarini dasturiy mahsulotlar yaratishga jalb qilish, ilg‘or g‘oyalarni ichki va xalqaro bozorga olib chiqishni rag‘batlantirish orqali ularning ilmiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etishlariga ko‘maklashish uchun imkon yaratish maqsadida tashkil qilingan.

Markaz mahalliy va xalqaro kompaniya, tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, AKT sohasida muhim loyihalarni amalga oshiradi. Muhim jihati shundaki, bu loyihalarni ishlab chiqishga Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari jalb qilinadi. Bu esa hamkor tashkilotlarga o‘zlari uchun kerak bo‘lgan tayyor dasturiy mahsulotlarni olish imkonini bersa, talabalar uchun katta tajriba maktabidir. Natijada, loyihadan har ikki tomon manfaatdor bo‘ladi.

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq