Sud tizimidagi axborot texnologiyalari samaralari
22.01.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning bevosita elektron shakllari joriy etilgani sohadagi ishlar samaradorligi oshishiga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratildi.

Tadbirkorlik subyektlari soliq va statistika hisobotlarini yuz foiz elektron shaklda internet tarmog‘i orqali taqdim etayotgani soha vakillariga katta qulaylik yaratdi. Shu bilan birga, xo‘jalik sudlari tizimida videokonferensaloqa tizimi yo‘lga qo‘yilgani sud ishlarini tezkor olib borish imkonini berib, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflanishiga butunlay chek qo‘ymoqda. 2015-yilda 5,2 mingdan ortiq sud majlisi shu tartibda o‘tkazilib, unda 5,8 mingga yaqin kishi o‘z hududida videokonferensaloqa orqali qatnashgan va 2 milliard so‘m mablag‘ tejalgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining afzalliklari, bu borada hayotga tabiq etilayotgan yangi loyihalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bu alohida qayd etildi.

Oliy xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari Sh.Saidov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili S.Prisner va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy, me’yoriy-huquqiy jihatdan ustuvor rolini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Buning samarasida O‘zbekiston keyingi yillarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan dunyodagi o‘nta davlat qatoridan joy olgan.

Xususiy mulkdorlar va tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, ularning faoliyati kafolatlarini kuchaytirish masalasini hal etishda sud organlari roli oshirilmoqda.

Xo‘jalik sudlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani tufayli sud muhokamasi ishtirokchilari elektron shaklda da’vo arizalarini sudga jo‘natish va sud hujjatlarini olish hamda sud majlisida videokonferensaloqa tizimi orqali masofadan qatnashish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmoqda.

“ICTweek Uzbekistan – 2015” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi yakuniga ko‘ra Oliy xo‘jalik sudi “Axborot texnologiyalarini joriy etishning amaliy natijalari uchun” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan.

Tadbirda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, jumladan, xalqaro tashkilotlar hamkorligida amaliyotga tatbiq etilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, 2015-yilda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi sohasidagi sheriklik” loyihasi doirasida Oliy xo‘jalik sudi va Toshkent viloyati xo‘jalik sudi sud zallariga sud jarayonini audio-video qayd etish imkonini beruvchi texnik uskunalar o‘rnatildi.

Bu xo‘jalik protsessini soddalashtirish, sud ish yurituvini optimallashtirish va avtomatlashtirish, pirovardida, xo‘jalik protsessining samaradorligi va ochiqligini ta’minlash imkonini beradi. Sud muhokamalarining audio-video qayd etilishi istiqbolda sud majlisi bayonnomasini qog‘ozda qayd etishga zarurat qoldirmaydi.

– O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi D.Sabo. – Bu tadbirkorlar huquqlari himoyasida, iqtisodiy barqarorlikda ham o‘z ifodasini topmoqda. Shuning uchun O‘zbekiston bugungi kunda jahon miqyosida o‘ziga xos o‘ringa ega. “O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudlarining axborot-texnologik salohiyatini takomillashtirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida hamkorligimiz shu yo‘nalishdagi ishlar samarasi oshishiga xizmat qiladi.

Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, sud jarayonini audio-videoga qayd etish texnologiyalari o‘rnatilgan kassatsiya instansiyasi sudi yangi zalini ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘ldi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq