Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda
16.01.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi rivojlanishiga alohida e’tibor qaratdi.

Prezidentimiz davlat organlari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning bevosita elektron shakllari joriy etilgani tufayli 2015 yilda 42 ming 800 ta tadbirkorlik sub’ekti Internet tarmog‘i orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatga olingani, ular 260 turdagi interaktiv xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga egaligini, 2013-2014 yillarda tadbirkorlar va fuqarolarga 102 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatilgan holda, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 420 mingdan oshganligini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi kunda soliq va statistika hisobotlari 100 foiz elektron shaklda Internet tarmog‘i orqali taqdim etilayotgani qayd etildi.

Shu yilning 1 yanvaridan boshlab mamlakatimizning barcha hududlarida tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili asosida Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari faoliyat boshladi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizm joriy etildi. Unga ko‘ra, ushbu tarmoqlar ishini yuritadigan tashkilotlarning hududiy korxonalariga texnik shartlarni olishdan tortib muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni amalga oshirib, ularni tadbirkorlarga tayyor holda topshirish vakolatlari berildi.

“Bugungi sharoitda, Internet va elektronika davrida iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, «Elektron hukumat» tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish ustuvor ahamiyatga egadir”, deyildi ma’ruzada.

Chindan ham, davlat rahbari aytib o‘tganidek, jahon tajribasi shundan dalolat beradiki, ayni paytda global iqtisodiyotda kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqarish va ular asosida keng turdagi interfaol xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi mamlakatning raqobatdoshlik darajasiga ta’sir ko‘rsatishi, katta hajmda axborot to‘plash va uni umumlashtirish imkonini berishi, boshqarishni strategik darajada tashkil etish uchun keng imkoniyatlar ochib berishini unutmasligimiz zarur.

Prezidentimiz, shuningdek, bugungi kunda Janubiy Koreyaning Inha universiteti kabi xorijiy bilim maskanlarida va mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlanayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yanada rivojlantirish uchun barcha zarur resurs va imkoniyatlarga egaligini ta’kidlab o‘tdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq