Toshkent shahridagi INHA universiteti matematika tanlovi g‘oliblarini taqdirladi
08.01.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Toshkent shahridagi INHA universiteti umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan matematika tanlovi g‘oliblarini e’lon qildi.
Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan matematika tanlovi «Ajoyib matematika festivali» doirasida tashkil etildi.
Tanlov shartlariga ko‘ra, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida matematika fanidan dars berayotgan o‘qituvchilar universitet tomonidan taqdim etilgan vazifalarni ingliz tilida yechishlari kerak edi. Tanlovga kelgan ishlarni Toshkent shahridagi INHA universitetining koreyalik mutaxassislari baholadilar.
Tanlov hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra, birinchi o‘rinni – Toshkent shahridagi Vestminster universiteti qoshidagi akademik litsey o‘qituvchisi Yelizaveta An qo‘lga kiritdi. Unga planshet kompyuteri topshirildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litsey o‘qituvchisi Sardorbek Pirnapasov ikkinchi o‘rin va smartfon g‘olibiga aylandi.
Qashqadaryo viloyatining Kitob shahridagi 3-sonli akademik litsey o‘qituvchisi Oybek Sharapov uchunchi o‘rinni egalladi. Unga tashqi xotira diski topshirildi.
Tanlov g‘olibi Yelizaveta An so‘zlariga ko‘ra, «Ajoyib matematika» festivali matematika o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun qiziqarli bo‘ldi: «Men tanlovda g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Bu mening faoliyatim uchun juda muhim», – dedi u.
Toshkent shahridagi INHA universiteti tanlov g‘oliblari va ishtirokchilariga o‘z faoliyatlarida yuqori cho‘qqilarga erishishlari uchun yanada ko‘proq intilishlarini tilab qoladi.