Zafar Rahmatullayev, Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi direktori
29.12.2015
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

inf_29_12_2015

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 16-sentabrdagi 250-sonli Qarori va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2013-yil 19-sentyabrdagi 350-sonli buyrug‘i asosida Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi davlat muassasasi shaklida tashkil qilingan.

Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi (AXTM) kompyuter hodisalari bo‘yicha axborotni yig‘ish va tahlil qilish, axborot xavfsizligini ta’minlashga texnik va konsultativ yordam berish bo‘yicha O‘zbekistonda yagona davlat muassasasi hisoblanadi. Markaz o‘z faoliyati davomida «Elektron hukumat» tizimini joriy qilgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida axborot xavfsizligini ta’minlash, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq «Elektron hukumat» tizimini joriy etish doirasida axborotlashtirish obyektlarini attestatsiyadan o‘tkazish, davlat tashkilotlarining axborot xavfsizligi siyosati ishlab chiqilishida amaliy ko‘mak berish, Internet tarmog‘i milliy segmentining axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish singari bir qator vazifalarni amalga oshirish orqali mamlakatimizda axborot xavfsizligi ta’minlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan tashkilot hisoblanadi.

Ko‘rsatiladigan xizmatlar
Markaz o‘z faoliyati va vazifalaridan kelib chiqib, Internet tarmog‘ining milliy segmentida joylashgan veb-saytlarni axborot xavfsizligi holati bo‘yicha tekshirish, axborot xavfsizligi sohasida me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, axborotlashtirish obyektlari, lokal va korporativ tarmoqlarni axborot xavfsizligi talabiga muvofiq ekspertizadan o‘tkazish kabi xizmatlar ko‘rsatadi. AXTMning tegishli buyrug‘iga ko‘ra, joriy yilda Markazda sifatni boshqarish tizimi amaliyotga tatbiq etildi. 2015-yil 28-fevralda yuqoridagi xizmatlar standartlar talablariga muvofiq deb topilib, sertifikatlovchi organ — «NikaCertification» MChJ tomonidan Markazga «O‘zDSt ISO 9001:2009» sertifikati taqdim etildi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xavfsizligini ta’minlashda yordam
Markaz tomonidan joriy yilda 44ta (o‘tgan yili 31ta) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida ishlab chiqilgan «Axborot xavfsizligi siyosati» ko‘rib chiqilib, ularni amaliyotga tatbiq qilishda yordam berildi. Shuningdek, 90ta (o‘tgan yili 20ta) davlat organining rasmiy veb-saytlari ekspertizadan o‘tkazildi. Ayni paytda, «UZ» domenida joylashgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan veb-saytlarda axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi jami 560ta (o‘tgan yili 270ta) hodisa aniqlanib, bartaraf etildi. Qolaversa, bir qator vazirlik va idoralarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)ni joriy etish va rivojlantirish, xususan, axborot xavfsizligi talablari ta’minlanganligi yuzasidan maqsadli o‘rganishlar amalga oshirildi.

«Elektron raqamli imzo»ni tatbiq etish
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tegishli buyrug‘iga binoan «Elektron raqamli imzo» kalitlarini ro‘yxatga olish markazining ma’muriy funksiyasi va vakolatlari «UNICON.UZ» DUKdan bosqichma-bosqich Axborot xavfsizligini ta’minlash markaziga o‘tkazilishi yuklatilgan bo‘lib, Markaz qoshida, «Elektron raqamli imzo» kalitlarini ro‘yxatga olish markaziga ko‘maklashuvchi Xizmat tashkil etildi. Bundan tashqari, «Elektron raqamli imzo» yordamida foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish uchun yagona axborot tizimi — «Yo‘l xaritasi» dasturi loyihasi ishlab chiqildi.

inf_29_12_2015_1

Internet-madaniyatni rivojlantirish
Markaz xodimlari tomonidan respublika bosma nashrlarida o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq va tojik tillarida Internetdan foydalanish madaniyati targ‘ib etilgan 20dan ortiq tahliliy maqolalar chop etildi. Milliy teleradiokompaniya bilan hamkorlikda aholi orasida axborot xavfsizligi va Internet-madaniyat ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan 3ta teledastur tayyorlanib, efirga uzatildi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda respublika miqyosida 30ga yaqin davra suhbatlari va anjumanlar uyushtirildi.

Kadrlar salohiyati
Hozirda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazida 120 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda yosh, malakali mutaxassislarni Markazga ishga qabul qilish jarayoni davom etmoqda. Muntazam ravishda, kadrlar salohiyatini oshirib borish maqsadida, joriy yilda ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2015-yil mobaynida 65 nafar xodim respublikamiz miqyosida tashkil qilingan turli o‘quv kurslarida o‘z bilim va malakalarini oshirgan bo‘lsa, xodimlarimizning 14 nafari xorijda malaka oshirdi.

Xalqaro hamkorlik
Markazda axborot xavfsizligi yo‘nalishida xorijiy tajribani o‘rganish, turli mamlakatlarning ushbu yo‘nalishdagi masalalarga bo‘lgan yondashuvlari bilan tanishish bo‘yicha ishlar muntazam olib borilmoqda. Xususan, Markaz vakillari Belgiyaning Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan «Infosecurity Belgium-2015» yirik xalqaro ko‘rgazma-semi-narida, Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan «Svyaz-Ekspokomm-2015» xalqaro ko‘rgazma-seminarida va Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan «PKI-Forum» raqamli imzo va ochiq kalitlar infratuzilmasi masalalari bo‘yicha xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etishdi. Joriy yilning sentabr oyida o‘tkazilgan «AKT haftaligi-2015» tadbirlari doirasida ilk marotaba «Axborot xavfsizligi» seksiyasi o‘tkazilib, unda O‘zbekiston, Koreya Respublikasi, Xitoy, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi hamda Xalqaro elektraloqa ittifoqining mutaxassislari qatnashishdi.

Markaz va Koreya Respublikasining Internet va xavfsizlik bo‘yicha agentligi (KISA) o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, hozirda ushbu mamlakatning axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha ilg‘or tajribalari o‘rganilmoqda. Shuningdek, KISA agentligi bilan hamkorlik doirasida ushbu agentlikning tajribali eksperti Toshkent shahriga kelib, Markaz xodimlari uchun 1 oylik konsultatsiya-maslahat berish ishlarini amalga oshirdi. Qolaversa, Markaz tomonidan Xalqaro elektroaloqa ittifoqi (ITU), Kiber-tahdidlarga qarshi xalqaro ko‘ptomonlama hamkorlik tashkiloti (IMPACT), Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik (RSS) tashkilotining Axborot xavfsizligi komissiyasi, Yevropa mintaqaviy Internet-registratori (RIPE NCC) hamda Qozog‘iston, Yaponiya, Hindiston, Singapur davlatlarining kompyuter hodisalariga chora ko‘rish xizmatlari (CERTlar) bilan ishchi aloqalari o‘rnatilgan va hamkorlikni yanada chuqurlashtirish ustida ishlar olib borilmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar

Markazning Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini oshirishga qaratilgan 20ga yaqin tadbirlar tashkil etildi. Aksariyat tadbirlarga respublikamizdagi ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar vakillari ma’ruzachi sifatida taklif etildi. Bundan tashqari, Markaz xodimlari o‘rtasida shaxmat, shashka, stol tennisi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi va musobaqalar g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

2016-yilda ham «Elektron hukumat» tizimi axborot tizimlari komplekslari, resurslari va ma’lumotlar bazalarining axborot xavfsizligini ta’minlashda yangidan-yangi samarali mexanizmlarni izchillik bilan hayotga tatbiq etib borish ishlarini davom ettiramiz. Shuningdek, axborot xavfsizligiga hozirgi vaqtdagi tahdidlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish ishlarini tobora takomillashtirish maqsadida kadrlarimiz salohiyatini muntazam ravishda oshirib borishni rejalashtirganmiz. Shuning barobarida, Internet tarmog‘i milliy segmentida axborot xavfsizligi hodisalarining oldini olish bo‘yicha o‘zaro amaliy ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha axborot xavfsizligi sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratishni maqsad qilganmiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq