Malaka oshirish tizimida masofaviy ta’lim afzalliklari
22.12.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Maftuna Abdugapparova.

Keyingi davrda mutaxassislar malaka oshirishda masofaviy ta’lim tizimidan tobora kengroq foydalanib bormoqdalar. Bu imkoniyatning afzalligi, ayniqsa, masofa va vaqt talab etilmasligi, ya’ni foydalanuvchining o‘z xohishiga muvofiq amalga oshirilishi mumkinligi bilan belgilanadi. Masofaviy ta’lim keng mano’da — zamonaviy texnologiyalar yordamida masofadan turib bilim olish imkoniyati bo‘lib, bu jarayonda Internet tarmog‘i asosiy va muhim o‘rin tutadi.

Masofaviy ta’limdan foydalanuvchilar ta’lim muassasasiga qatnab, belgilangan vaqtda auditoriyalarda o‘tirishga majbur bo‘lmaydilar — bilim olish uchun Internet tarmog‘iga ulangan kompyuter mavjud bo‘lishining o‘zi kifoya. Vaqt va zamon muammolarining ahamiyati yo‘q. Ta’lim olishga ehtiyojmand bo‘lganlar vaqt va imkoniyatlarga ega bo‘lmagan holda, har qanday olis masofadan turib, o‘zla­riga qulay joy va vaqtda ta’lim olish bilan shug‘ulla­nish jadvalini o‘zlariga alohida qulaylashtirib, tuzib oladilar. Masofaviy ta’lim in­sonlararo kommunikativ muloqotga bog‘liq bo‘lgan tortinish, ko‘pchilik omma oldida so‘zlashdan cho‘chish kabi psixologik to‘siqlarga ega bo‘lmaydi.

Masofaviy ta’lim shakli foydalanuvchiga o‘zini namoyon etishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. O‘z tafakkuri ustida ishlash, chuqur o‘ylab ko‘rish imkoniyati ta’lim oluvchilarga og‘zaki nutqda yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olishga yordam beradi. Masofaviy ta’lim foydalanuvchi dunyoqarashini kengaytiradi. Masofa muammosi yo‘qolib, yaqinlik, samimiylik hissi foydalanuvchi kayfiyatini ko‘taradi — bu his har bir inson uchun muhim jihatdir. Har bir foydalanuvchi bilim sirlarini yanada chuqur egallash maqsadida Internet tarmog‘i­dagi elekt­ron pochta yoki Web-tizimdan foydalanadi. Biroq masofaviy ta’limda af­zalliklar bilan bir qatorda, foydalanuvchi uchun ham, mazkur ta’lim jarayonini tashkil etuvchi o‘qituvchilar uchun ham ayrim kamchilik va muammolar yuzaga keladi. Ta’lim samaradorligi aynan mazkur muammolarning qanchalik muvaffaqiyat bilan hal etilishiga bog‘liq bo‘ladi. Masofaviy ta’lim­ning quyidagi:

  • masofaviy ta’limning tashkil etilishi;
  • masofaviy ta’lim mazmun yo‘nalishini motivatsiyalashtirishdagi muammolar;
  • texnik muammolar;
  • masofaviy ta’limning ilmiy va huquqiy asoslanishi kabi asosiy muammolari mavjud.

Masofaviy ta’limning tashkil etilishidagi muammolar shundan iboratki, har qanday ta’lim muassasasida masofaviy ta’lim shaklini muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun nafaqat kompyuter kommunikatsiyalar, internet-texnologiyalar sohasidagi dasturchilar, balki fan sohasidagi o‘qituvchilar, metodistlardan ham katta mehnat talab etiladi, Internet va kommunikatsiya tex­nologiyalari­ning o‘ziga xos jihatlari, zamonaviy ta’lim tizimi jarayonining rivoj­lanish odimlarini chuqur tushunish, pedagogik innova­tsion texnologiyalar, bilim sohasi nazariyasi, yangi konsepsiyalari, tarmoqda muloqot qilishning psixologik xususiyatlari va boshqa zarur bilimlarni yaxshi bilish talab etiladi. Masofaviy ta’lim shaklida ta’lim jarayoni ko‘proq mehnat talab etadigan va ko‘p jihatlarga ega bo‘ladi. Mazkur muammoni hal etishda hozircha ma’ruza va o‘quv qo‘llanmala­rini elektron shaklga o‘tkazish va elektron pochtadan foydalanish bilan cheklanil­moqda. Shu jarayonni masofaviy ta’lim deb ataydigan holatlar ham mavjud. Aslida, masofaviy ta’limning har qanday shakli, eng avvalo, ta’lim konsepsiyasini belgilab olish bilan belgilanadi. Ko‘plab mamlakatlarda shaxs­ning intellektual va axloqiy rivojlantirish, tanqidiy va ijodiy tafakkurni, axborot bilan ishlash salohiyatini shakllantirishga qaratilgan shaxsiy-yo‘naltirilgan ta’limni afzal biladilar. Mazkur ta’lim maqsadlari­ning diqqat markazida, an’anaviy tarzda ta’limni tashkil etish emas, balki foydala­nuvchilarning o‘zlashtirish, axborotni ang­lashda qulay imkoniyatlarni taqdim etishdan iborat. Masofaviy ta’lim shakli aynan shu jihatlarni e’tiborga olib tashkil etilishi zarur. Masofaviy ta’lim shaklidagi o‘qish­ning differensiyalashuvi, individuallashuviga e’tibor qaratilishi zarur. Shuning uchun ta’lim mazmuni mazkur konsepsiyalarga muvofiq tuziladi va tashkil etiladi. Kon­sepsiya­larning asosiy tamoyili muammoli yo‘nal­ganlikdan iborat bo‘lishi zarur.

Shaxsiy-yo‘naltirilgan yondashuv o‘quv­chilar bilan ta’lim jarayonida doimiy mu­loqotda bo‘lish, ularning hamkorlikdagi faoliyati, o‘qituvchilarga munosabati yotadi. Bu shunchaki ta’lim bilimlarini axborot sifatida uzatish emas, balki hamkorlik jarayo­nidir. Demak, shunga mos quyidagi o‘qitish metodlari, pedagogik texnologiyalarni tanlash: bilimlarni o‘zlashtiriah bosqichida kichik guruhlarda hamkorlik qilish; munozara; individual, juft bo‘lib, guruhiy faoliyatli loyihaga muvofiq, shuningdek, boshqa mintaqalardagi hamkorlikka yo‘nal­tirilgan telekommunikatsiya loyihalari; muammoli va rolli o‘yinlardan foydalanish zarur. Bunda o‘qish, bilimlarni puxta o‘zlashtirishga xohish, refleksiyasini shakllantirish kerak bo‘ladi.

Hozirgi davrda yuqoridagi talablarni ta’minlagan holda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda ta’lim beruvchi mutaxassis-pedagoglarni tayyorlash uchun masofaviy ta’lim kurslari dasturlarini ishlab chiquvchi, masofaviy ta’lim o‘qituvchilarini tayyorlash zarurati dolzab bo‘lib turibdi. Mazkur masalalar va masofaviy ta’lim yo‘nalishida ta’lim mazmunini boyitish muammolarini hal etish va amalga oshirish ishlari bilan fan o‘qituv­chilari, metodistlarning malakasini oshirish kurslari ham shug‘ullanmoqda. Masofaviy ta’lim foydalanuvchilarida hozircha mazkur ta’lim tizimi sohasida tajriba yetarli darajada emasligi va o‘quv kurslarini oxiriga qadar qiyinchiliklarni yengib, sabr bilan bilim olish motivatsiyasi ham shakllanib ulgurmagan. Bunda eng ko‘p uchraydigan to‘siqlar­dan biri talabalarning o‘qishni davom ettirishni xohlamay qolishlaridir. O‘qishning maxsus on-layn sharoitida o‘tkazilishi evaziga ta’lim oluvchi yanada ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Ta’lim jarayonida shaxsan yolg‘iz bo‘lish, yonida haqiqiy hamkor ta’lim oluvchilarni his emaslik, o‘z xohishiga muvofiq vaqt va joyda ta’lim jarayoni bilan shug‘ullanish mumkin. Biroq masofaviy ta’lim hali an’anaviy ta’lim tuzilmasidagi yordamchi tizim sifatida shakllanib ulgurganicha yo‘q. Axir aynan mazkur tizim talabada ta’lim olishga motivatsiyaning saqla­nishini ta’minlaydi. Ta’lim on-layn tarzda o‘tkazilganida ijtimoiy o‘zaro munosabatlarning yetishmasligi talabalarning o‘qishga bo‘lgan motivatsiyalari yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ta’lim oluvchilarda motivatsiya saqlanib qolishining sabablaridan biri — bu o‘z oldilariga maqsad qo‘yib, unga yetishish uchun intilishni shakllantirishdan iborat. Aynan shu sohada kursni yurituvchi o‘qituvchilarning yordami zarur bo‘ladi. Ta’lim sohasida internet-forumlar tashkil etish ham maqsadga muvofiq. Ta’lim oluvchilar kurs davomida bir-birlariga yuzma-yuz bo‘lmasalarda, turli masalalarni Internetda muhokama qi­lish imkoniyati taqdim etiladi. Ta’lim kursiga oid masalalarni foydalanuvchilar o‘zaro muhokama qilishlari, mazkur maydon vositasida virtual olamda hamfikr do‘stlar bilan tanishib, haqiqiy hayotda ham uni mustahkamlashlari mumkin. Bundan tashqari, ta’lim oluvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday hamkasblari bilan muloqotda bo‘lish­lari mumkin. Biroq muloqot zamonaviy kom­pyuter vositalari bilan aniq bir o‘quv materialini o‘rganishga qaratilishi zarur. Bosh­qacha aytganda, ta’lim oluvchilarning diqqati boshqa masalalar bilan chalg‘imasligi za­rur. Shu munosabat bilan ta’lim oluvchini fan sohasiga qiziqtirish hamda masofaviy ta’lim foydalanuvchisini asosiy maqsaddan chalg‘itmaslik uchun quyidagilarga amal qi­lish zarur: masofaviy ta’lim foydalanuvchisi zarur axborotlarni to‘g‘ri tanlay olish va ulardan qulay foydalanish imkoniyatini taqdim etish. Fanga oid nazariy ma’ruzalarda majburiy tartibda fanni o‘rganish zarurati, istiqbollari, bo‘lajak mutaxassis egallashi zarur bo‘lgan salohiyatlar haqida ma’lu­motlar berib borish shart. Kompyuter tex­nikasi va dasturiy ta’minotdan foydala­nib, talim oluvchilar oldiga qo‘yiladigan topshiriq va vazifalar shakllari hamda usul­lari­ning tushunarli, qulay bo‘lishi zarur.

Masofaviy ta’lim ayrim texnik muammolarga ham ega. Internet vositasida amalga oshiriladigan masofaviy ta’lim on-layn tarzda o‘tishi uchun bu imkoniyatni ta’min­laydigan qator texnik masalalarning hal eti­lishi ta’limda videokonferensiya texnolo­giyalari, turli taqdimotlardan bahramand bo‘lish, elektron pochta yoki konferensiya hamda forumlardan foydalanish imkonini beradi. Internetda bilimlarni tekshirib tu­rish funksiyasidan foydalanish mumkin. Masofaviy ta’limni joriy etishning faolla­shuvi yo‘lidagi muhim muammolardan yana biri masofaviy texnologiyalar haqidagi ma’lumotlarnning malaka oshirishi zarur bo‘lgan mutaxassis-xodimlarga batafsil yetkazib berilmaganligi, targ‘ibotining yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligidir. Bizning fikrimiz­cha, oliy ta’lim muassasalaridayoq bo‘lajak mutaxassislar uchun ularning kelgusida malaka oshirishlarini ko‘zda tutib, masofaviy ta’lim texnologiyalaridan amaliy foydala­nish bo‘yicha tushunchalarni berish zarur. Zamonaviy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim texnologiyalaridan ama­liy foydala­nish usullari haqida batafsil ma’lumotlar berish mazkur ta’lim shakli­ning yanada rivojlanishiga zamin yaratadi. Bugungi kunda mazkur ta’lim texnolo­giyalarini ishlab chiqish va joriy etish yo‘na­lishiga oid ilmiy-tadqiqot ishlari doirasini kengaytirish ham pedagog, psixolog-olimlar hamda dasturchilar oldidagi dolzarb masalalardandir.

Masofaviy ta’lim — bu ta’lim muassasa­lari uchun ham, foydalanuvchilar uchun ham ancha arzon tushadigan ta’lim shaklidir. Bunda kommunal xizmatlar, auditoriya soatlari va boshqalar uchun to‘lovga xojat qolmaydi. Masofaviy ta’lim — ta’lim turi sifatida jiddiy va muhim masaladir. Ehtimol, yillar o‘tib, ko‘pchilik malaka oshi­rish uchun tarmoq kurslarini afzal bilar. Masofaviy ta’lim kunduzgi ta’lim sharoitlarida ham mustaqil ta’lim uchun katta imkoniyatlarni beradi, ta’lim muassasasida olgan bilimlarini mustahkamlash va to‘l­dirishga yordam beradi. Bundan tashqari, masofaviy ta’lim sohasida ham rivojlanish, uning rivojlanishi yo‘lidagi to‘siq va qiyinchiliklarni bartaraf etishga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishi zarur. Bu sohada an’anaviy ta’lim jarayoniga oid ilg‘or, universal g‘oyalar bilan sug‘orilgan ilmiy-tadqiqotlarni yetakchi olimlarning kuzatish natijalari va uzoq yillik tajribalarini masofaviy ta’lim texnologiyalariga amaliy joriy etib borilishi zarur.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq