“Elektron hukumat” – demokratik jamiyatning yangi ko‘rinishi
22.12.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Erkin Xolbo‘tayev.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda axborot-kommunikatsiyalari va texnologiyalarini takomillashtirishning qonuniy asoslarini shakllantirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Bu o‘z o‘rnida, xalq xo‘jaligining barcha sohalariga elektron hujjat aylanishini qo‘llash, «Elektron hukumat» tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi. Bunda «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi, «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi va «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari «Elektron hukumat» tizimini shakllantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilganligini aytib o‘tish joiz. Yaqinda qabul qilingan «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni esa bu boradagi ishlarning yangi zamonaviy bosqichini boshlab berdi.

«Elektron hukumat» o‘z mohiyatiga ko‘ra, davlat organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning samaradorligini oshirish, fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlarning qulay va samarali ko‘rinishini tushunish mumkin. Davlatimiz rahbari 2012-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasidagi ma’ruzasida: «Biz o‘zimizga shuni aniq tasavvur etishimiz kerakki, iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish bo‘yicha tub va ijobiy ma’nodagi portlash effektini beradigan o‘zgarishlarni amalga oshirmasdan turib, istiqboldagi maqsadlarimizga erishish qiyin bo‘ladi» — deya axborot-kommunikatsiya va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi chora-tadbirlar va loyihalarni jadal amalga oshirish tobora muhim ahamiyat kasb etayotganligini bildirib o‘tgan edilar.

Yurtboshimizning aynan ushbu chiqishlarida «Elektron hukumat» tizimini, shu jumladan, boshqaruv jarayonlari, biznes sohasiga va fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini shakllantirish konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirishga, axborot tizimlarining idoralararo va idoraviy komplekslarni integratsiya qiladigan milliy tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlagan edi. Keyingi yillarda esa shunga mos ravishda, kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyunda «O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori bilan «2013–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi» qabul qilindi. Qarorning mantiqiy davomi sifatida Davlatimiz rahbarining 2015-yil 6-martdagi «2015–2019 yillarda muhandis-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish Dasturi to‘g‘ri-sida»gi Qarori bilan «2015–2019 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish manzilli dasturi» qabul qilindi.

Ta’kidlash joizki, aynan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish davlat organlari faoliyatining yanada ochiq bo‘lishiga imkon beradi, muhim boshqaruv jarayonlarida fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratadi. Shu bilan birga, bugun hayotning o‘zi bizga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish biznes yuritishni yaxshilashga, milliy iqtisodiyotimizda raqobatbardoshlikni oshirishga, aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qilishini ko‘rsatib turibdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlarini kompyuterlashtirish, lokal va korporativ ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini yaratish, idoraviy ma’lumotlar bazalari va axborot resurslarini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar esa zamonning ushbu muhim mezoniga mos amaliy javob deyish mumkin.

E’tiborli jihatlaridan biri shundaki, Qonun asosida aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun mamlakatimizning barcha hududlarida davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda elektron hujjat aylanishi, davlat organlarining o‘zaro hamkorligi va ularning ma’lumotlar bazalari o‘rtasida axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida «yagona oyna» tamoyilini joriy etish nazarda tutilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini statistika va boshqa hisobotlarni taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar berish, davlat organlaridan axborot olish jarayonlarida elektron hujjat aylanishidan foydalanishga keng imkoniyatlar yaratish masalalari qonun normalarida o‘z aksini topgan.

Qonunning qoidalari kelgusida davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlarini yanada soddalashtirish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish imkoniyatini kengaytirish, ma’muriy buyruqbozlik asosida kelib chiqadigan sarf-xarajatlarni kamaytirib, ish unumi va sifatini oshirishga yordam beradi. Qayd etish lozimki, Qonun davlat boshqaruvida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq bir qator ustuvor vazifalarni o‘zida qamrab olgan. Xususan, unda «Elektron hukumat» tizimini shakllantirish va joriy etish, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini bosqichma-bosqich avtomatlashtirish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining axborot tizimlarini integratsiyalashtirishni kuchaytirish kabi masalalar belgilangan. Xalqaro huquqiy hujjatlar va ilg‘or xorij mamlakatlari qonunchiligi bilan qiyosiy tahlildan o‘tkazilgan ushbu qonun kelgusida davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarga elektron davlat xizmatlari taqdim etilishini yaxshilash, jamiyat hayotining turli sohalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, qabul qilinayotgan qarorlarning tezkorligi va sifatini oshirish, tegishli axborot tizimlarini yaratish va ularning ishlashi hisobiga, davlat boshqaruviga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi. Umuman olganda, ushbu Qonun asosida mamlakatimizda «Elektron hukumat» tizimini joriy qilish davlat organlari faoliyatining samaradorligi, ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga, fuqarolik jamiyati shakl-lanishida davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro teng va manfaatli munosabatlarni rivojlantirishning muhim mexanizmini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq