Ehtiromga sazovor tarjiba sohibi
22.12.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hafiza Salyahova.

ehti_22_12_2015

Musajon Yoqubjonov «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filiali mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘limi mutaxassisi sifatida uzoq yillar mehnat qildi. Yoqubjonov mehnat faoliyati davrida ko‘plab montyorlar, kabelchilar, aloqa sohasi xodimlari, muhandislarga ish faoliyatini boshlashdan avval jiddiy talablar qo‘yar va ular ham o‘z ish jarayoni mobaynida mazkur talablar mutlaqo to‘g‘ri ekanligiga necha-necha bor shohid bo‘ladilar.

Musajon Yoqubjonov barcha aloqa xodimlari, qurilish-ta’mirlash ishlarida ishlovchi har bir mutaxassis, turli kasbu-kor sohibi yonida ruxsatnoma-guvohnoma bo‘lishi zarur degan talabni qo‘yardi. Quduqda ishlash uchun boshga beret, aloqa tayanch ustunida ishlash uchun kaska, begona kuchlanish bor-yo‘qligini aniqlovchi moslama-indikator, jihozlanmagan tayanch ustunida ishlash uchun kokti-poyas — himoya kamari va dielektrik rezina qo‘lqop bo‘lishi shart — Musajon aka bu qoidalarni takrorlashdan sira charchamasdi.

Kasb kasalliklarining oldini olish masalasini doimo diqqat-e’tiborida saqlab, xonalarda kompyuterlarning to‘g‘ri o‘rnatilishini ham nazaridan qochirmasdi. Rosti, bog‘lamalarda biron-bir sovuqqonlikka duch kelsa, tutoqib ketardi. «Sovuqqonlik — jinoyat. Kechirib bo‘lmaydi. Shu kamchilikni ko‘rib-ko‘rmaslikka olsak, shu jinoyatda qatnashgan, do‘stlik emas, dushmanlik qilgan bo‘lamiz», — deya dashnom berishga majbur bo‘lardi.

Faxriylar safiga ketarkan «Suyagim shu yerda qotdi. Hammalaringizga bor bilimim va tajribam bilan hamkorlik qilib turaman, zarurati tug‘ilsa, istagan vaqtingizga murojaar eting. Maslahat berish va biror masalada bilganlarimni o‘rgatishdan baxtiyorman. Odamlar manfaatlarini, filialimiz foydasini ko‘zlab, qattiq gapirishga ham to‘g‘ri kelgandir. Buning uchun meni sira ayblamanglar, bolalarim, — degandi uzrnamo ovozda. — Biroq vaqti soati kelib, to‘g‘ri ish tutganimizdan xursand bo‘lasizlar».

Yoshlarga omad tilab xayrlashgan, Musajon aka Yoqubjonov umrining kuchga to‘la, eng go‘zal damlari o‘tgan, juda qadrli va aziz — ishxona atalmish muqaddas makonni tark etish bunchalar ham mushkul bo‘lishini tassavur ham etmagandi. Nozirlar xonasida apil-tapil ichilgan achchiqqina ko‘k choylarning ta’mini unutib bo‘larmikan, maroqli gurunglarning gashti qayda endi! Shahar-tumanlarda kezib nazorat olib borgan chog‘larning mashaqqatlari, ajabo, endi uning qalbida allaqanday sog‘inchli tuyg‘ularni uyg‘ota boshladi.

Musajon aka Yoqubjonov faxriylikka chiqdiyu, o‘zini fermerchilikda sinab ko‘ra boshladi. Mehnat qilish nafas olishdek bo‘lib qolgan inson dili dalalarda orom topadi-da. Mana, nafaqaga chiqib, fermerchilikka berilib ketganiga ham besh yil bo‘ldi. Besh yilki, davlatga bug‘doy topshirish rejasini oshirib ado etmoqda. Bu yil rejani 120 foizga bajarishdi. Chorva mollari ham yuz boshdan ortiq. Yumushlari ham shunga yarasha. Farzandlari bilan birga mehnat qiladi. Mehnat — huzur-halovatimdir, deb biladi.

— O‘zimga ham farzandlarimga ham oliy ma’lumot egasi bo‘lish baxti nasib etgan. Ikki qizim ham aloqachi. «Farzandlarimdan behad baxtiyorman. Ular bilan faxrlanaman. Nevaralarim ham oliy ma’lumot ola boshladi» — deydi faxr bilan.

Shogirdi, hozir filial mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha bosh mutaxassis Islomjon Nishonov uztozi haqida zo‘r ehtirom bilan so‘zlaydi:

— Ustozimizning insoniy sifatlari anchagina. Energetik, transport ustasi, quruvchi, vetvrach… Ana shu sohalarda muammolar tug‘ilib qolsa hamon ustozga murojaat etamiz. Menimcha, uni alohida e’zozlab, Polvon aka deya chaqirishimiz ustoz Yoqubjonovga juda yoqadi. Binobarin, ustozimizning qaddi-qomati, kesimi-kelbati ham polvon, so‘zi ham polvon. Chindan ham Polvon aka gapining, ahdining ustidan chiqadigan mardu-maydon. O‘z bilim va tajribasini ayamagani uchun Ro‘zimatjon Nazarov, Lutfillo Teshaboyev, Qosimjon Mustakayev, Venera Tursunova… kabi ko‘plab shogirdlari ustozdan nihoyatda minnatdor.

Turli baxtsiz hodisalarning oldini ololgani, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashgani uchun ustoz Yoqubjonovni hamkasblari va shogirdlari alohida olqishlaydilar.

Musajon Yoqubjonovning shogirdlari hurmatiga sazovor bolayotganining sababi o‘z vaqtida sidqidildan qilgan samarali xizmatlari bo‘lsa, ne ajab!

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq