Elektron hukumat: qulay va tezkor
17.12.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni davlat organlari faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishini mustahkamlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jizzax viloyati hokimligi huzuridagi komputerlashtirish markazi davlat unitar korxonasi direktori Tolib Ergashev mazkur qonunning ahamiyati haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Prezidentimizning 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan belgilangan dasturlar asosida elektron hukumat tizimini shakllantirish, tadbirkorlik subyektlari va aholiga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron shakllarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Viloyat hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini 2015-yilda yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda viloyatda 2015-yilda Interaktiv davlat xizmatlarini joriy qilish va rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Ushbu dastur asosida 2015-yilning to‘qqiz oyida viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida 70 million so‘mlik komputer va dasturiy mahsulotlar xarid qilindi. Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha aloqa korxonalari tomonidan aholiga sifatli telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish uchun umumiy uzunligi 34,5 kilometrdan ortiq optik aloqa liniyalari qurildi.

Ayni paytda viloyatda 15 elektron axborot tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda. Xavfsiz va tezkor elektron hujjat aylanish tizimini tatbiq etish uchun 366 korxona va tashkilotda “E-Xat” elektron pochta tizimi joriy qilindi. Bu 2014-yilning shu davriga nisbatan 295 taga ko‘pdir.

2015-yilda viloyatdagi 40 dan ortiq korxona va tashkilotning veb-saytlari ochildi. Bugungi kunda UZ domenida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 90 dan ortiq veb-saytlari ishlab turibdi.

Hokimliklarda elektron axborot xizmatlarining joriy etilishi tufayli mahalliy davlat boshqaruvi organlari faoliyati haqida aholi xabardorligini ta’minlash, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha xodimlar malakasini oshirish borasida ijobiy samaralarga erishildi. Viloyat hokimligi veb-saytida “Ochiq ma’lumotlar” – Open Data joriy etildi.

Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tezkorligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosi “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, qonunning 4-moddasida elektron hukumatning asosiy vazifalari “davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish”, deb belgilab qo‘yilgani soha rivoji uchun xizmat qilmoqda.

Viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti Jizzax.uz aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar yagona portali bilan bog‘lanib, imkoniyati cheklangan fuqarolar, mobil aloqa uskunalaridan foydalanuvchilar, ariza va shikoyat bilan murojaat qiluvchilar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratilgani aynan shu qonunda belgilangan me’yorlarga javob beradi. Bugungi kunda viloyat hokimligi veb-saytida yagona portal orqali 14 turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Shulardan 9 tasi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yaxshilashga oid xizmatlardir.

Ayni paytda tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida barcha shahar va tumanlarda “Yagona darcha” markazlari tashkil etilib, ularni axborot-kommunikatsiya va muhandislik texnologiyalari bilan jihozlash, internet tarmog‘iga ulash, kadrlar bilan ta’minlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni sohani izchil rivojlantirish, muvofiqlashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xizmatlaridan foydalanish, murojaat qilishda, o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish va faoliyatning boshqa qator sohalarida aholiga qulayliklar yaratishdagi munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq