Elektr aloqa sohasining buyuk namoyondalari Gulyelmo Markoni
15.12.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Abdulvoris Muhamedov.

mark_15_12_2015

“O‘zbekiston aloqa tarixi” muzeyida namoyish etilgan “Elektraloqa asoschilari” stendida jahon aloqa sohasi tarixida munosib o‘rin olgan kashfiyotchi Gulyelmo Markoniga bag‘ishlangan materiallar ham mavjud. Jurnalimizning navbatdagi sahifasini mazkur buyuk olimning hayoti va ilmiy faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlarni yoritishga bag‘ishladik.

Ma’lumki, aloqa tarixi XIX asrning oxirida juda tez va keskin taraqqiy eta boshladi. Aloqa xizmatini ko‘rsatish sohasida bu davrda taraqqiy etib borayotgan temiryo‘l va avtomobil transportidan keng foydalanila boshlandi. Elektromagnit telegrafining ishga solinishi elektr aloqasi tarixida muhim hodisa bo‘ldi. Uning taraqqiyoti yanada takomillashib, akustik aloqa vositasi — telefonning yaratilishi hamda keskin rivojlanishiga olib keldi. Jurnalimizning oldingi sonida hayot va faoliyati yoritilgan kash­fiyotchi olim Aleksandr Popov bu soha taraqqiyotida, xususan, radioning yaratilishida muhim o‘rin tutgan, biroq butun dunyoda ko‘proq Italiya olimi G. Markoni (Guglielmo Marchese Marconi)ni radioning kashfiyotchisi deb hisoblaydilar.

Gulyelmo Markoni 1874-yil 25-aprelda Bolonya (Italiya)da tug‘ilgan. Uning otasi katta yer-suv egasi Juzeppa Markoni, onasi irlandiyalik Anni Jeymson bo‘lgan. Markoni bolalikdan uy o‘qi­tuvchilaridan, xususan, livernolik professor Vinchenso Rozadan ta’lim olgan va 13 yoshida Livernodagi texnika o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan. 19 yoshidan fizika faniga bo‘lgan qiziqishi sababli Boloniya universitetida professor Augusto Rigining ma’ruzalariga qatnashib yurgan. Rigi va Gerts tajribalariga alohida qiziqish bilan e’tibor qaratgan. Mazkur ta’lim muassasalarida, ayniqsa, Klark Maksvell, Genrix Gerts, Eduard Branli, Oliver Lodja va Augusto Rigining elektr bo‘yicha tajriba-tadqiqotlariga ko‘proq qiziqib, bilim doirasini kengaytirgan. Shu vaqtdan boshlab, o‘zi mustaqil ravishda, Volt ustunini yasab, Faradey tajribalarini takrorlay boshlagan va Morze kodini to‘liq yodlab olgan. Markoni 1894-yilda Gerts tajribalari aso­sida ikki zaryadlangan metall shar oralig‘ida chaqnayotgan elektr uchqunlari davriy tebranishlarni hosil qilishi haqidagi tajribalar bayon etilgan maqolani o‘qib chiqadi. Shundan keyin Markonida mazkur to‘lqinlardan foydalanib, axborotlarni uzoq masofalarga simsiz uzatish haqidagi g‘oya tug‘iladi. Kashfiyotchi olim Markoni hayotining so‘nggi davrlaridagi yozgan kundaliklarida: «Okeanning boshqa qirg‘oqlaridan signal olishni o‘sha davrlardayoq maqsad qilgan edim», deb yodga olgandi.

Markoni 20 yoshida Gerts vibratori va Branli kogereri (to‘lqin­larni elektr tokiga aylantiruvchi Gerts to‘lqinlar detektori)dan foydalangan holda bino tomida tajriba o‘tkaza boshlagan. Ko‘p o‘tmay, Markoni simsiz aloqani avval yaqin, keyinchalik esa uzoq masofalarga uzata boshlaydi. 1894-yildan boshlab ko‘p vaqtini tajri­balar o‘tkazishga bag‘ishlaydi. 1895-yilda Markoni uzoq masofadagi elektr qo‘ng‘irog‘iga signal uzatishga erishadi. U o‘z qurilmasida mavjud asboblarni (masalan, kogerer) takomillashtirib borish natijasida signalni 1,5 mil masofaga uzatishga erishadi. Ushbu natijaga erishish uchun u telegraf kalitini uzatkich zanjiriga ulaydi, vibra­torni esa yerga ulab, uning bir simini yerdan ancha balandda joylashtirilgan metall plastinkaga tutashtiradi. Otasi uning izlanish­lariga qarshilik bilan qarab, takomillashtirish uchun qurilmaning qimmatbaho uskunalarini sotib olishga mablag‘ bermaydi.

Markoni o‘sha paytlarda tajribalarni o‘tkazish uchun qurilmalar xarajatlariga qiyinchilik bilan erishgan. 1895-yil signal yetkazuvchi to‘lqinlari bilan to‘siq bo‘lib turgan tepalikni ham «oshib o‘tishga» erishgan. Bu muhim tarixiy hodisa bo‘lgandi. Sababi Gulyelmo Markoni aynan shu tajribasi bilan radioni ixtiro qilgandi. Biroq kashfiyotchi o‘z ixtirosini Italiya pochta va telegraf vazirligiga taklif etganida hukumat Markoni tajribalariga qiziqish bildirmaydi. Shu sababli ham 1896-yilda Angliyaga jo‘nab ketadi, biroq Angliya davlati boj­xonasidan o‘tishda, nazoratchi-xodimlar Markonining qurilmasini sindirib tashlaydilar. Olim bu holdan tushkunlikka tushmaydi, balki tezlik bilan qurilmasini qaytadan tiklashga va Londondagi boshpochtamt binosida uni namoyish etib, ushbu bino tomidan Morze alifbosidan foydalangan holda 2 mil masofada joylashgan boshqa binoga signal yuborishga erishadi.

Markonining qurilmasi pochta muassasasi hamda harbiy flot boshqarmasini qiziqtirib qo‘yadi. Ular ixtironi tan olib, Markoniga laboratoriya taqdim etadilar. Markoni 1896-yil iyun oyida Genri Jeyms yordamida o‘zining birinchi radiotelegrafiyaga oid patenti uchun talabnoma beradi va 1897-yilda «Elektr impulslari va sig­nallarini uzatish va buning uchun qurilmalarni takomillashtirish» patentini olishga muyassar bo‘ladi. Markoni Italiyaning Angliya­dagi elchixonasi qoshidagi o‘quv yurtining tinglovchisi sifatida, o‘z izlanishlarini davom ettiradi hamda 9 mil masofagacha signal uzatishga erishadi. Markoni shu yilning iyul oyida «Simsiz telegraf va signallar kompaniyasi»ni tuzadi.

Markoni tajribalari orqali signallarni uzatish masofasi antennalarining soni va uzunligiga bog‘liq ekanini aniqlaydi. 28 mil masofaga signalni uzatish uchun u har birining balandligi 150 futli antennalar to‘pidan foydalanadi. Tajribalar o‘tkazish bilan bir qatorda, Markoni olimlar ishtirokida ko‘p ilmiy-anjumanlar tashkil etib, mamlakat vazirlari, hatto qirol bilan uchrashishga muyassar bo‘ladi. 1900-yilning oxirlariga kelib, signallarni uzatish uzoqligini 150 milgacha uzaytirishga muyassar bo‘lgan.

mark_15_12_2015_1

Markoni 1901-yilda Angliyada 186 milgacha bo‘lgan oraliq masofa o‘rtasida simsiz aloqa o‘rnatgan. Yil oxirida Buyuk Brita­niyadagi Kornuolladan Atlantika okeani bo‘ylab yuborilgan signalni qabul qilgan. Bu birinchi transatlantik signal bo‘lib, u 2100 mil masofani bosib o‘tgan edi. Ushbu tajriba ko‘plab fizik olimlarning, yer sirti­ning egri-bugriligi sababli elektromagnit to‘lqinlar 300 km.dan ortiq masofaga uzatila olmaydi, degan qarashlarini puchga chiqargan. Markoni 1902-yilda Atlantika okeani bo‘ylab g‘arbdan sharqqa birinchi simsiz signal uzatadi. 1905-yilda esa signallarni uzatishga oid patent olishga muyassar bo‘ladi. 1907-yilda birinchi transatlantik simsiz aloqa xizmatini ochadi va 1912-yilga kelib, uzatilayotgan to‘lqinlar generatsiyasini vaqt bo‘yicha boshqaradigan takomillashgan uchqun tizimi uchun patent oladi.

Radioto‘lqinlarning birinchi amalda qo‘llanishini daryoda si­nab ko‘radi: 1898-yilda Markoni Dublinning «Deyli ekspress» gazetasiga grebli regat bo‘yicha musobaqalar natijalarini o‘z qurilmasi yordamida uzatishga erishadi va shundan keyin Markoni kompa­niyasi aksiyalarining bahosi ancha ko‘tarilib ketadi. Kelasi yil mart oyida sayoz joyga o‘tirib qolgan kemadan «markonigramma» oladi — shunday qilib, radio birinchi bor odamlarni halokatdan qutqargan hodisa yuz beradi.

Markoni shu tariqa, ilmiy-izlanishlari, tajribalari samarasi sifatida quyidagi natijalarga erishadi:

  • 1906-yil 24-dekabrda professor Rejinald Fessenning uyida tarixdagi birinchi ovozli radiouzatish amalga oshiriladi.
  • 1909-yilda Markoni va nemis fizigi M.Braungga (Markonining ixtirosini takomillashtirgani uchun) simsiz telegrafni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Nobel mukofoti topshiriladi.
  • 1912-yilda g‘arq bo‘layotgan mashhur «Titanik» qutqaruv «SOS» signalini yuborib, ko‘plab odamlarni halokatdan asrab qolgan.
  • 1921-yilda Markoni o‘zining bug‘li «Elettra» yaxtasini uy, laboratoriya va ish kabinetiga aylantirib qisqa to‘lqinli telegrafni jadal o‘rgana boshlaydi.
  • 1927-yilda Markoni kompaniyasi qisqa to‘lqinli tijorat telegraf aloqalarining xalqaro tarmog‘ini ochadi.
  • 1931-yilda u ultraqisqa to‘lqinlarni o‘rganadi va birinchi radiotelefon ultraqisqa to‘lqin aloqasini o‘rnatadi.
  • 1934-yilda olim ultraqisqa to‘lqin telegrafining ochiq dengiz navigatsiyasidagi istiqbolini namoyish qiladi. Markoni qator muvaffaqiyatlari uchun Franklin institutining Franklin medali va Londondagi qirollik san’at jamiyatining Albert medali bilan taqdirlangan.
  • 1929-yilda avloddan-avlodga o‘tuvchi markiz unvoni hamda Italiya tojining katta xoch ordeni bilan taqdirlanadi.
  • 1930-yilda Italiya qirolligi akademiyasining prezidenti etib saylangan Markoni umrining oxirini ushbu yurt ilm-fan rivojiga bag‘ishlab, u yerda elektromagnit to‘lqinlarining tibbiyotga tat­biqi (markoniterapiya) bilan shug‘ullanadi.

Aslida, 1915-yilda radioaloqasi sohasida Markonining birinchi ekani e’tirof etilgan va Popov hamda Markoni o‘rtasida birinchilikni talashish uchun raqobat bo‘lmagan, balki o‘z paytida Markoni firmasi boshqa mutaxassislar qatori rus olimini ham hamkorlikka taklif etgani ma’lum. Popov izlanishlarini nashr qilishga shoshilmay, balki asosan dengiz zobitlari va olimlariga axborot uzatish bilan shug‘ullangan. 1902-yilda Markoni Kronshtadga kelganida, u bilan Popov uchrashgan. Ushbu uchrashuvda ikki olimning ilmiy mavzudagi samarali suhbati bo‘lib o‘tgan. Maksvell nazariyasiga asoslanib, Popov va Markoni kabi buyuk shaxslar tomonidan radioning kashf etilishi fizika tarixida yangi taraqqiyot davri ochib berilgan.

mark_15_12_2015_2

Markoni quyidagi qator davlat miqyosidagi orden va medal hamda mukofotlar olishga sazovor bo‘lgan:

  • Matteuchchi medali (1901).
  • Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti (1909).
  • Albert medali (San’at bo‘yicha qirollik hamjamiyati) (1914).
  • Franklin medali (1918).
  • IEEE iftixori medali (1920).
  • Jon Skott medali (1931).
  • Vilgelm Eksner medali (1934).
  • Uning sharafiga 1975-yildan boshlab, olimlarga Markoni mukofoti beriladi.
  • 2001-yilda Buyuk Britaniya Qirolligi transatlantik radioaloqa­sining dastlabki chiqishining yuz yilligiga bag‘ishlab 2 funtlik bimetallik tangasi ta’sis etilgan va boshqalar.

Maqola «Aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnalining hamkorlikdagi loyihasi asosida, adabiyotlar, manbalar va matbuot materiallari asosida tayyorlandi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq