Elektron xizmatlar sohasining huquqiy asosi
14.12.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: No‘mon Аkbarov.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi. Ta’kidlash joizki, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi davlat organlarining faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari(AKT)ni joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish doirasida elektron hukumat sohasini takomillashtirishga qaratilgan.

Qonunda elektron hukumat sohasidagi asosiy tushunchalar, elektron hukumat tamoyillari, elektron hukumat infratuzilmasi, elektron hukumat sohasidagi davlat boshqaruvi, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, davlat organlarining elektron hukumat doirasidagi hamkorligini belgilovchi normalar o‘z aksini topgan. Loyiha elektron hukumat tamoyillarini, ularni boshqarish tartibini, shuningdek, huquqiy munosabatlar subyektlarining huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.

Qonunning asosiy maqsadi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish asosida davlat organlari faoliyatining samaradorligini kuchaytirish, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartiblarini maqbullashtirish, elektron davlat xizmatlarining sifati va ulardan foydalanish qulayligini oshirish, protseduralarni soddalashtirish va ularni ko‘rsatish muddatlarini qisqartirishdan iborat. Bundan tashqari, davlat xizmatlarini olish bilan bog‘liq ma’muriy xarajatlarni kamaytirish, davlat organlarining axborot ma’lumotlar bazalarini shakl-lantirish, davlat boshqaruvi tizimida «yagona oyna» tamoyilini joriy qilish, tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektron tijorat tizimidan foydalanish tartibini huquqiy jihatdan kafolatlash nazarda tutilgan.

Davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot hamkorligi davlat organlarining xizmatlari va funksiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalana olishni, foydalanuvchilarga elektron shaklda ma’lumotlar almashish imkoniyatlarini taqdim etish, integratsiyalashgan elektron davlat xizmatlaridan yagona foydalana olish nuqtasi, shuningdek, davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali so‘rovlarni rasmiylashtirishni ta’minlovchi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Aholi va tadbirkorlik subyektlarining elektron hukumatning idoraviy va idoralararo axborot tizimlaridan foydalana olishlarini taqdim etish, shuningdek, «yagona oyna» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkonini amalga oshirish maqsadida elektron hukumatning yagona identifikatorlari yaratiladi.

Kutilayotgan natijalar shundan iboratki, ushbu Qonunning qabul qilinishi va mamlakatimizda elektron hukumatning yanada rivojlantirilishi davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarga elektron davlat xizmatlari taqdim etilishini yaxshilaydi. Jamiyat hayotining turli sohalarida (sog‘liqni saqlash, ta’lim, aholining bandligi va uni ijtimoiy muhofaza qilish, uy-joy-kommunal xo‘jaligi, savdo-sotiq va boshqa) axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytiradi. Shuningdek, qabul qilinayotgan qarorlarning tezkorligi va sifatini oshirish, tegishli axborot-tahliliy tizimlarini yaratish va ularning ishlashi hisobiga davlat boshqaruviga sarflanadigan xarajatlarni qisqartiradi.

Yana bir ahamiyatli jihati, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yanada rivojlanishi va interaktiv xizmatlardan foydalana olishning kengaytirilishi aholi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida eng katta talabga ega bo‘lgan 30dan ortiq elektron davlat xizmatlarini amalga oshirish va joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonun loyihasini qabul qilish, idoralararo integratsiyalashuv platformasi va axborot tizimlari majmualarining yaratilishi 2020-yilga kelib, davlat xizmatlarini sifatli ko‘rsatish va davlat organlarining bir xil idoralararo elektron hamkorligiga to‘liq o‘tish uchun elektron hukumatning 18ta axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari majmualarini integratsiyalash imkonini beradi. Keyingi yillarda davlat organlarini kompyuterlashtirish, lokal va korporativ ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini yaratish, idoraviy ma’lumotlar bazalari va axborot resurslarini shakllantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda va bugungi kunda barcha davlat organlari Internet tarmog‘idan foydalana olish imkoniga ega.

O‘z o‘rnida Internet jahon axborot tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali dinamik ravishda rivojlanib, Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali yaratildi. Hozirgi kunda Yagona portalda 250dan ortiq interaktiv davlat xizmatlari joriy qilindi va u orqali interaktiv xizmatlar olish uchun 350 mingdan ko‘p arizalar berildi. 2003-yilda elektron raqamli imzoning qonuniy joriy qilinishi va undan foydalanish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi Qonuni nafaqat davlat organlarida, balki xo‘jalik yurituvchi subyektlarida elektron hujjat aylanish tizimini rivojlantirish imkonini berdi. 150dan ortiq organlar va muassasalar ulangan yagona himoyalangan elektron pochta yaratildi va faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ko‘plab davlat organlarida AKTning joriy qilinishi hozircha idora ichidagi tusga ega, bu idoralararo hamkorlikni ancha yaxshilash va aholiga hamda tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan davlat xizmatlarining sifatini oshirish imkonini bermaydi. Avval shakllantirilgan axborot tizimlari va davlat organlarining resurslari turli xil platformalar va texnologiyalarda ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardagi ma’lumotlardan boshqa davlat organlari tezkor foydalana olmaydilar, bu amalda idoraviy axborot almashuvida ko‘p vaqt ketishiga, turli ma’lumotlar tizimlari va bazalaridagi axborotni ko‘p marotaba yig‘ish va takrorlashga olib keladi.

Hozirgi kunda ko‘pgina davlat organlarida markazlashtirilgan ma’lumotlar bazalari, hamma foydalana oladigan ma’lumotnomalar va tasniflagichlar mavjud emas. Ushbu tendensiyani hisobga olib, hozirgi vaqtda elektron davlat xizmatlarini taqdim etish doirasida davlat organlarining o‘zaro, shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorligi elektron shakllarining yuridik ahamiyati, ishonchliligi va axborot xavfsizligini ta’minlovchi yagona texnologik infratuzilmani shakllantirishga doir ishlar boshlandi. Idoralararo axborot tizimlari, elektron hukumatning markaziy ma’lumotlar bazalari va axborot resurslarini joriy qilish maqsadida qonun darajasida elektron hukumat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish tartibini o‘rnatish talab qilinadi. Shunga bog‘liq holda, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonun kelgusida elektron hukumat doirasida davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan, o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi muhim hujjat sifatida xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq