ZiyoNET o‘n yoshga to‘ldi
05.12.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

ziyo_5_12_2015

2015 yilning 4 dekabr kuni Aloqa tarixi muzeyida ZiyoNET axborot ta\lim portalining 10 yoshga to‘lishi munosabati bilan matbuot anjumani hamda loyihalar sarhisobi, erishilgan natijalar, o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlov va aksiyalarda faol ishtirok etayotgan yoshlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun yosh avlod vaqtining salmoqli qismini internet tarmog‘ida o‘tkazishni ma’qul ko‘rmoqda, o‘ziga kerakli bo‘lgan ilmiy-ommabop, o‘quv materiallarini ham virtual tarmoqdan izlaydi. Internet tarmog‘idagi axborot xurujlari va virtual zo‘ravonliklarning qurboni ham aksariyat hollarda yoshlardir. Milliy ma’naviyatimizga xos omillarni internet tarmog‘ida joriy etish orqali yoshlarimizni noxush holatlardan himoya qilishimiz mumkin.

Shu sababli, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonida ham Vazirlik oldiga internet tarmog‘ining milliy segmenti yanada shakllantirilishini ta’minlash, yosh avlodning axborotga bo‘lgan va intellektual talab-ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan veb-resurslarni yaratish ustuvor vazifalar qatorida belgilab berilgan.

UZINFOCOM Markazi qoshida 2005 yil 28 sentyabrda faoliyatini boshlagan ZiyoNET tarmog‘i tomonidan 2006 yilda ishga tushirilgan ZiyoNET portali ta’lim, ilm-fan, madaniyat, iqtisod, ijtimoiy hayot sohalarini o‘zida birlashtirgan yirik portal vazifasini o‘tamoqda. ZiyoNET Portali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, dunyoqarashini kengaytirish va ta’lim olish jarayonini soddalashtirishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirmoqda.

Ta’lim portali doirasida Uznetda eng yirik o‘quv qo‘llanma, san’at va ijod, turli yo‘nalishdagi ta’limiy materiallarning elektron bazasi tashkil etilgan. Undan 80 000 dan ziyod turli xil o‘quv va metodik qo‘llanmalar, avtoreferatlar, ma’ruza matnlari va boshqalar o‘rin olgan. Yana bir muhim jihati, unda bolalarning bilim darajasini rivojlantiruvchi elektron o‘yinlar taqdim etilgan.

Hozirda hukumatimiz yoshlarning chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini keng qo‘llab-quvvatlamoqda. ZiyoNETda ham bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasidagi Britaniya konsulligi bilan hamkorlikda bolalar uchun ingliz tilini o‘rganishga mo‘ljallangan 400ga yaqin onlayn o‘yinlar joylashtirilgan.

Bundan tashqari, uTube.uz milliy videoportalining “Xorijiy tillar” bo‘limidan 400 dan ortiq xorijiy tillarni o‘rgatuvchi videokurslar joy olgan.

Yaqin kunlarda ZiyoNET Resurs Markazi tomonidan yana bir yo‘nalish o‘zlashtirilgan bo‘lib, O‘zbekistonda ilk bora, ta’limiy onlayn radio – uRadio.uz loyihasi ishga tushirildi.

Shuningdek, audiokitoblar, audioertaklar hamda onlayn radioning barcha eshittirishlari va dasturlarini o‘z ichiga oluvchi “Audiokitoblar” bo‘limi ham o‘z faoliyatini boshlagan.

ZiyoNET tarmog‘i yoshlar o‘rtasida aksiya va ko‘rik-tanlovlarni tashkil etish orqali ularning internetdagi vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga erishish, ularni to‘g‘ri maqsadga yo‘naltirishga ham xizmat qilmoqda. Misol uchun, o‘zbekistonlik yoshlar faol ishtirok etgan «O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi» aksiyasida yoshlar tomonidan mamlakatimiz miqyosida 377 ta madaniy. tarixiy va zamonaviy inshootlarning suratlari hamda ular to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi.

Qayd etilganidek, yurtimiz yoshlari dunyodagi tengdoshlaridan millatimizga xos yuksak ma’naviy qadriyatlar ruhida kamol topganliklari bilan ajralib turadilar. Yoshlarimizning onlayn vaqtlarini samarali o‘tkazishlari uchun zamin yaratib, ana shu an’anani davom etirish choralarini ko‘rish esa dolzarb. Zero, bu yo‘nalishdagi tadbirlar davlat siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq