Elektron darslik – talabalar ijodiy kamoloti omili
27.11.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Inna Morxova.

Zamonamiz jamiyatni axborotlashtirishning yuqori darajasi bilan ham o‘ziga xosdir. Axborot texnologiyalari hayotimizning barcha sohalari qatorida ta’lim jarayoniga ham keng joriy etilib borilmoqda. Oliy ta’lim jarayoniga axborot texnologiyalarining joriy etilishi yangi innovatsion vositalardan foydalanish imkonini beradi. Bu esa yangi imkoniyat hamda jarayonlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Ta’lim jarayonini axborotlashtirish — bu ta’lim jarayonlarini rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, ta’lim sifatining oshishida namoyon bo‘ladi hamda talabalarda ta’lim olishga intilishlarining kuchayishi va rivojlanishiga xizmat qiladi. Axborot texnologiyalari tushunchasi mazmun-mohiyati bilan: «Turli predmet, obyektlar va hodisalar haqida axborot to‘plash, qayta ishlash, tahlil qilish, saqlash, tarqatish hamda foydalanish uchun yangi zamonaviy usul va mexanizmdir».

Zamonaviy ta’lim yuqori darajada axborotga boyligi bilan ajralib turadi. Oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayonida axborot texnologiyalaridan foydalanishning dolzarbligi aynan shu jihatga asoslangan. Ta’limda yangi o‘qitish usullaridan foydalanish zarurati ajoyib imkoniyatlarni taqdim etuvchi elektron nashrlar yaratilishiga sabab bo‘ldi. Elektron darslik o‘zida nazariy axborot va amaliy topshiriqlarni, foto va audiomateriallarini jamlaydi. Elektron darslik — bu talabalarda o‘zlashtirishi uchun hamda ko‘nikma va malakalar orttirishida zarur bo‘lgan bilimlar bayon etilgan o‘quv nashrini elektron shaklda taqdim etuvchi, tuzilmaviy hamda tizimli materialga ega bo‘lgan vositadir. Unda o‘quv materiali mantiqiy bayon etilishi, yuqori darajada texnik jihozlanishi hamda badiiy jihatdan bezatilganligi bilan o‘ziga xosdir. Elektron darslik qog‘ozli darslikka nisbatan quyidagi qator afzalliklarga ega:

  • foydalanishda oddiyligi va qulayligi;
  • elektron darslik resurslarini yangilab borish imkoniyatining mavjudligi;
  • ta’lim jarayonini avtomatlashtirish va ta’lim xizmatlarini taqdim etish tezligini oshirish;
  • axborotlarning to‘liqligidan iborat.

Ta’limda elektron darslik kabi innovatsion texnologiyadan foydalanish, elektron darslikning ta’lim jarayonida tutgan o‘rni, elektron darslik yangi axborot texnologiyalari vositasi sifatidagi mavzularda quyidagi olimlar: A. A. Kuznetsov, A. A. Grechixin, T. M. Lepsova, E. S. Polat, V. A. Vul, V. M. Gasov, A. M. Siganenko, V. N. Ageyev, M. M. Subbotin, Yu. M. Sivenkov, E. Yu. Semenov va boshqalar (Chervyakova Ya. I., Chibisova O. V. Elektron darslik yangi axborot texnologiyalari vositasi sifatida//Eksperimental ta’lim xalqaro jurnali — 2010. 4-son) ilmiy izlanishlar olib borganlar.

Elektron darslik yaratish o‘quv materialini yanada chuqurlashtirib o‘rganish va uni kelgusida amaliy faoliyatda qo‘llash zarurati bilan bog‘liq. Elektron darslik ustida o‘qituvchi bilan hamkorlikda ishlash talabalarga mustaqil ishlash va o‘zini namoyon etish, tashkilotchilik qobiliyatini tarbiyalashga yordam beradi, talabaga bo‘lajak mutaxassislik bo‘yicha salohiyatli shaxs bo‘lishiga imkon beradi. Bu talabalar shaxsini takomillashtirish, ijodiy tafakkuri va qobiliyatini shakllantirishni ta’minlovchi optimal sharoit yaratadi. Axborot jamiyati sharoitlarida ta’lim sohasida rivojlanishning zamonaviy odimlari, masalan, talabalar mustaqil ishlari sonining o‘sib borishi, innovatsion texnologiyalardan foydalanish talabalardan muntazam ravishda, bilimlari sifati va darajasini oshirishni talab etadi. Ta’lim jarayoni uchun o‘quv materialini talabalar ishtirokida tayyorlash — talabalarning ilmiy faoliyatining boshlang‘ich bosqichida ularning tashabbuskorligi va mustaqilligini, o‘z bilimi doirasini kengaytirishda mas’uliyatliligini oshirish, ilmiy izlanish ko‘nikma hamda malakalarini shakllantirish yo‘lidagi yordam beruvchi muhim bosqich bo‘lib hisoblanadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘z oldimizga talabalar ishtirokida namunaviy elektron darslik yaratish loyihasini amalga oshirish vazifasini qo‘ydik.

Elektron darslik ustida olib boriladigan ishlar bir necha bosqichdan iborat. Birinchi navbatda, uning rejasini tuzish masalasi turadi, unda talabalar mutaxassisligining o‘ziga xosligi nazarda tutiladi. Reja quyidagilardan iborat bo‘lishi shart:

  • loyiha asosida maqsad va vazifalarni belgilash;
  • axborot manbalarini aniqlash;
  • amalga oshirish muddatlarini belgilash.

Loyihani amalga oshirishdan maqsad — talabalar seminar, sinov va imtihonlarga tayyorlanishida foydalanadigan qulay elektron ko‘rinishda o‘quv qo‘llanmasini yaratishdan iborat. Maqsad quyidagi vazifalar bilan yanada aniqlashtiriladi: talabalar lug‘at boyligini oshirish; dunyoqarashni kengaytirish; kommunikatsion malakalarni rivojlantirish; kasbiy-mutaxassislik bilimlari darajasini oshirish va boshqalar. Elektron darslikni ishlab chiqish va nashr etishda asosiy bosqich turli manbalardan axborotlarni yig‘ish va tahlil qilish bo‘lib hisoblanadi. Darslikni yaratishda uning bo‘limlariga chet el mualliflarining maqolalari, davriy matbuot va elektron resurslar materiallari ham kiritilishi zarur. Elektron darslikning asosiy tarkibiy qismi maxsus kompyuter dasturi yordamida talabalar tomonidan yaratilgan audioyozuvlar bo‘lib hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, elektron darslik shunchaki yozma materiallar jamlanmasigina emas, balki audio-qo‘llanma bo‘lib ham hisoblanadi, eshitish va vizual foydalanish uchun taqdim etishga mo‘ljallangan axborot majmuasidir. Elektron darslikdan mustaqil foydalanish yoki ta’lim jarayonida talabalarga axborot muhitida yo‘nalishni, qandaydir muammolar yechimini aniq topish imkonini beradi. Talabalarni zamonaviy ta’lim metodlaridan, aynan — elektron darslikdan foydalanib o‘qitish ta’lim sifatini oshiradi, axborot olish jarayonini qisqartiradi hamda ularni ijodiy kamolotga yetaklaydi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq