G‘o‘za va donli ekinlarni ekish, yerni shudgorlash hamda hosilni yig‘ib olish jarayonlarining monitoringini olib boorish axborot tizimi
23.11.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Baxtiyor Rizaev.

Bugungi kunda barcha iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar, aholi turmush darajasini oshirish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining hayoti va mehnat faoliyatida duch keladigan ko‘plab muammolarni bartaraf etish, yuqori sifatli davlat xizmatlarini taqdim etishga asoslangan shaffof boshqaruv tizimini yaratishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shunday ekan, hayotimizning barcha jabhalari kabi, mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida ham biznes jarayonlarini axborotlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, hukumat qarorlariga muvofiq joriy yilda g‘o‘za va donli ekinlarni ekish, yerni shudgorlash va hosilni yig‘ib olish jarayonlarining monitoringini olib borish tizimi ishlab chiqilib joriy qilindi.

Ushbu tizim g‘o‘za va donli ekinlarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan agrojarayonlar uchun yagona axborot muhiti vazifasini bajaradi. Tizim hududlar kesimida agrojarayonlarning bajarilish holati monitoringini olib borish imkonini beradi. Shuningdek, tizim, agrojarayonlarga bog‘liq bo‘lgan qog‘oz ko‘rinishidagi hisobotlarni butunlay istisno qilib, elektron shaklda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan ko‘rinishda o‘zidan yuqori turuvchi tashkilotlarga yuborish imkoniyatini tizim foydalanuvchilariga taqdim etadi. Natijada, qog‘oz yoki elektron jadval (masalan, MS Excel) ko‘rinishdagi hisobotlarga xos bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritish kabi noxush holatlar bartaraf etiladi.

Tizim foydalanuvchilari (fermer xo‘jaliklari) yoqilg‘i, mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni olish uchun tegishli tashkilotlarga ariza berishlari mumkin. Ushbu arizalar qonunchilikka muvofiq muddatlarda tegishli tashkilotlarning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadigan arizalarni ko‘rib chiqishga mas’ul bo‘lgan xodimlar tomonidan ko‘rib chiqilib tegishli javob yo‘llanadi.

Tizim funksional jihatdan mukammal ishlab chiqilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zdonmahsulot AK, O‘zpaxtasanoat uyushmasi, O‘zkimyosanoat AK, Mashina-traktor parklari hamda ushbu vazirlik va idoralarning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan modullar mavjud.

Tizimda Respublika, viloyatlar, tumanlar, konturlar kesimida yerning kontur raqami, bonitet ko‘rsatkichi, konturning umumiy maydoni, ijaraga olingan yer maydoni, sug‘oriladigan, la’lmikor yerlar, bog‘lar, uzumzorlar, tutzorlar, tomorqalar, hovuzlar, yaylovlar, o‘rmonlar, yo‘llar va boshqa turdagi yerlarning tavsiflarini ko‘rish, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritish mumkin. Shuningdek, agarda kontur bir necha fermer xo‘jaliklari tasarrufida bo‘lsa mos ravishda, konturning bo‘lingan qismlari to‘g‘risida ma’lumot olish va tegishli o‘zgartirishlarni kiritish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari kesimida ularga tegishli bo‘lgan konturlar soni, o‘rtacha bonitet ko‘rsatkichi, tasarrufidagi umumiy yer maydoni, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishga ajratilgan yerning umumiy maydoni, donli ekinlar, g‘o‘za, sabzavot, poliz, sholi va boshqa ekinlarni ekishga ajratilgan yer maydonlari to‘g‘isidagi ma’lumotlar ham keltirilgan.

Tizimda, shuningdek, agrojarayonlarni amalga oshirish reja-grafigi, agrojarayonlarni amalga oshirish yakunlari bo‘yicha fakt holati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish punktlarida kiritiladigan ma’lumotlar va boshqa bir necha mezonlar asosida monitoring olib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Foydalanish qulay bo‘lishi uchun tizim ikki ko‘rinishda — veb-portal va Windows ilova ko‘rinishida ishlab chiqilgan. Tizimning veb-portal ko‘rinishidan foydalanish uchun http://agro.gov.uz veb-manziliga tashrif buyurish kifoya. Shunigdek, ushbu portaldan tizimning Windows ilova ko‘rinishini, foydalanuvchi yo‘riqnomasini hamda agrojarayonlarga bog‘liq me’yoriy hujjatlarni yuklab olish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

agro_23_11_2015

agro_23_11_2015_1

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq